Hayvonlarning har bir turi – tabiatning tarixan takrorlanmas, genetik jihatdan yagona, har qanday biologik hamjamoada faqat o‘ziga xos o‘rniga ega bo‘lgan in’omdir. Biroq, buni ko‘pchilik tushunib yetmayapti, chamasi.
2017- yilning 27- oktabr kuni Ugom-Chotqol Milliy tabiat bog‘i davlat nozirlari hamkorligida Bionazorat inspeksiyasi inspektorlari tomonidan olib borilgan tezkor reyd davrida Bo‘stonliq tumani Ispay qishlog‘ida istiqomat qiluvchi 1989 yilda tug‘ilgan Elyor Qudrotilloyev tomonidan Ugom-Chotqol Milliy tabiat bog‘iga qarashli “Kamtar kumush” soyi hududida 1 bosh yovvoyi to‘ng‘izni o‘ziga tegishli bo‘lgan ov qurolidan otib, olib kelayotgan paytda qo‘lga tushdi.
30-oktabr kuni Bo‘stonliq tumani IIB ga qarashli maxsus chegara postida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi huzuridagi Bionazorat inspeksiyasi inspektorlari hamda IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor reyd natijasida Qibray tumani Yanigiobod MFY, Rayhon ko‘chasi 23-uyda istiqomat qiluvchi 1955 yilda tug‘ilgan Nurmuxammad Shamxalov tomonidan Ugom-Chotqol Milliy tabiat bog‘iga qarashli Axsarsoy hududida 2 bosh yovvoyi to‘ng‘izni o‘ziga tegishli bo‘lgan ov qurolidan otilgani aniqlandi.
Huquqbuzar Nurmuxammad Shamxalov hamda Elyor Qudrotilloyevlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risidagi qonunning 32-33-moddalarida belgilangan talablar qo‘pol ravishda buzilganligi hamda hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar uchun ularga 17 973 000 so‘m miqdorida jarima solindi.
Ikkisiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik kodeksining 245-moddasiga asosan, qonunda belgilangan tartibda chora ko‘rish yuzasidan to‘plangan hujjatlar Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani ma’muriy sudiga yuborildi.