O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Harbiy sohada milliy xavfsizlikka tahdidlar ko‘lami o‘zgarishiga, harbiy-siyosiy vaziyat shart-sharoitlariga hamda hozirgi harbiy nizolar xususiyatiga, mamlakatimiz harbiy tuzilmasini rivojlantirish vazifalari va yo‘nalishlariga qarab Mudofaa doktrinasining ayrim qoidalariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlik kiritilishi va to‘ldirilishi mumkin. Bunda harbiy xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi davlat faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni tomonidan aniqlashtiriladi.
Mudofaa doktrinasi ochiq xususiyatga ega, bu esa shunga o‘xshash konseptual hujjatlar qabul qilish borasidagi chet el tajribasiga mos keladi. Hujjat O‘zbekiston tashqi siyosatining ochiqligi, yaqin qo‘shnilar bilan amaliy munosabatlarni rivojlantirish ustunligini mustahkamlaydi va rivojlantiradi, shuningdek, mamlakatimiz mudofaa siyosatining shaffofligini ta’minlaydi, xavfsizlik va mudofaa sohasida boshqa chet davlatlar bilan samarali harbiy-siyosiy munosabatlar va hamkorlik qilish uchun tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratadi.