O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida qish mavsumiga tayyorgarlikda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni hal etish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

Davlatimiz rahbari joriy yil ob-havo avvalgi yillarga nisbatan erta va keskin pasaygani tarmoqlar va hududlarning qish mavsumiga qay darajada tayyorligini yaqqol ko‘rsatib berganini ta’kidladi.

– Bu yil sovuq erta tushgani qish mavsumiga tayyorgarligimiz past ekanini ko‘rsatib berdi. Joylarda ko‘mir, gaz, elektr energiyasi ta’minoti bo‘yicha e’tirozlar keskin oshgan. Yaqinda benzin narxi ham ko‘tarilgani aholi o‘rtasida jiddiy muhokamalarni keltirib chiqarmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda tarmoqlar va hududlarning qish mavsumiga tayyorgarligi muhokama qilinmoqda.

Ta’kidlanganidek, elektr energiyasi bo‘yicha eng ko‘p tanqislik Samarqandda sutkasiga – 1,6 million kilovatt-soat, AndijonFarg‘ona va Qashqadaryoda – 1,5 million kilovatt-soatdan, Namanganda – 1,3 million kilovatt-soatni tashkil etgan.

Eng ko‘p uzilishlar Surxondaryoda – 7 soatgacha, Qashqadaryoda – 6 soatgacha, Farg‘ona va Andijonda – 5 soatgacha, Samarqandda – 3 soatgacha, Buxoroda – 2 soatgacha kuzatilgan. Ushbu uzilishlarga asosan iqtisodiyot tarmoqlari va aholining elektr energiyasiga talabi kundan-kunga oshib borishi, shuningdek, taqsimlovchi tarmoqlarning 60 foizi eskirgani sabab bo‘layotgani qayd etildi.

Oxirgi 3  yilda elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha mustaqillik yillarida amalga oshirilmagan ishlar bajarildi. To‘raqo‘rg‘on va Taxiatoshda – 2 tadan, Navoiy va Toshkent issiqlik stansiyalarida – 1 tadan yangi energobloklar ishga tushirildi. Ushbu IESlarning umumiy quvvati 2  ming 280  megavattni tashkil etadi.

Yig‘ilishda aholi va tarmoqlarni elektr energiyasi, tabiiy gaz va ko‘mir bilan uzluksiz ta’minlash borasidagi  muammolar muhokama qilinmoqda. Tarmoqlar rahbarlari va Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonovning hisoboti tinglandi.

O‘zA