Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida Nukus shahrida ishga tushiriladigan loyihamizning ahamiyati bilan qiziqdi.

Mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilib, tadbirkorlik subyektlariga qator imtiyoz va preferensiyalar berilayotgani boshqa sohalar qatori sanoat sohasini rivojlantirishda yangi-yangi imkoniyatlarni ochmoqda. Yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, mahalliy xomashyodan eksportbop mahsulot ishlab chiqarishga e’tibor kuchaymoqda.

Men London iqtisodiyot va siyosat maktabi magistraturasida tahsil olganman, xalqaro moliya tashkilotlarida ishlaganman. Davlatimiz rahbarining chet ellarda ta’lim olayotgan, ilm-fan, bank-moliya, axborot-kommunikatsiya sohalarida mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizni O‘zbekistonga qaytib, mamlakatimiz rivojiga o‘z hissasini qo‘shishga da’vat etayotgani, buning uchun zarur sharoitlar yaratib berayotgani meni ham ruhlantirib yubordi.

Qoraqalpog‘istonda tashkil etgan “Green Agro Invest” mas’uliyati cheklangan jamiyatimiz bugungi kunda qizilmiya tomiri va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini AQSh, Janubiy Koreya, Xitoy, Hindiston, Rossiya kabi mamlakatlarga eksport qilib kelmoqda. Qoraqalpog‘iston hududining boy imkoniyatlaridan foydalanib, katta miqdordagi kimyoviy va qurilish mahsulotlarini tashish va saqlashga mo‘ljallangan yumshoq yuk konteynerlari ishlab chiqaradigan korxona ochishga qaror qildik. Ushbu korxonaning ishga tushirilishi Orolbo‘yi mintaqasining eksport salohiyatini oshirishga hissa qo‘shadi, 100 ga yaqin ish o‘rni yaratiladi.

Har qanday tadbirkor biror loyihani amalga oshirishdan avval mahsulotning bozorini, eksport imkoniyatlarini hisobga oladi. Sababi, mahsulot eksport qilinsa, valyuta tushumi ko‘payadi, iqtisodiyot rivojlanadi.

Davlatimiz tomonidan eksportga yo‘naltirilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, banklardan tadbirkorlarga kredit mablag‘lari ajratish va tashqi bozorni topishga ko‘mak berish bo‘yicha katta ishlar qilinayotir. Biz ham shunday loyiha ustida izlanish olib bordik, hududning imkoniyatlari, xorijiy davlatlarning mahsulotga ehtiyojini o‘rgandik. Natijada import o‘rnini bosuvchi, mahalliy xomashyoga asoslangan yuqori texnologik loyiha – polipropilen, polietilen va kalsiy karbonatdan yumshoq yuk konteynerlari, har xil turdagi polietilen qoplar va sumkalar ishlab chiqarishga qaror qildik. Asosiysi, xomashyo izlab chetga borishga hojat yo‘q, polietilen, polipropilen granulalari Ustyurt gaz-kimyo majmuasida ishlab chiqariladi.

Loyihaning umumiy qiymati 9 million dollar atrofida bo‘lib, Markaziy Osiyoda birinchi korxona bo‘ladi. Korxonaga «Starlinger» Germaniya – Avstriya qo‘shma korxonasining eng zamonaviy uskunalari o‘rnatiladi.

2018-yil korxona ishga tushgach, yiliga 8 million dollarlik mahsulot eksport qilishni rejalashtirmoqdamiz. Korxona to‘liq quvvat bilan ishlay boshlagach, bu ko‘rsatkich 16 million dollarga yetkaziladi. Asosiysi, hozirdanoq Yevropa davlatlaridagi yetakchi korxonalar biz bilan hamkorlik qilish va mahsulotimizni sotib olish taklifini bildirmoqda.

Prezidentimiz mazkur loyihani hayotga tatbiq etish yo‘lida hech qanday muammo, to‘siq va qiyinchiliklar bo‘lmasligini ta’kidlagani bizga yangi kuch bag‘ishladi. Kelajakda mahsulotlarimizni xorijiy bozorlarga yo‘naltirib, jahon to‘qimachilik sohasida o‘z brendimizga ega bo‘lmoqchimiz.

Jasurbek Abdusamatov,
«Dian Plast» MChJ rahbari.

 

O‘zA