Mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlarni tubdan yangilash va modernizatsiya qilish bo‘yicha har kuni, har soatda, har daqiqada tinimsiz izlanishlar, sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Biror-bir yo‘nalish yoki tarmoq yo‘qki, xalqimiz hayotini yaxshilashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar kirib bormagan, uning mazmunini o‘zgartirmagan bo‘lsa.

Keyingi to‘rt yilda yangi O‘zbekistonning yangi qiyofasini, xalqimizning tom ma’nodagi zamonaviy tarixini barpo etish yo‘lida ulkan marralar olindi. Natijada innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish, sanoatga yuqori texnologiyalarni joriy etish, qulay investitsiyaviy muhitni yaratish yo‘lida yangi-yangi imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda. Buni koronavirus pandemiyasiga qaramay, mamlakatimiz hududlarida barpo etilayotgan yirik loyihalar, ulkan sanoat quvvatlari misolida yaqqol ko‘rishimiz mumkin.

4 dekabr – mamlakatimiz tarixiga yana bir yirik sanoat korxonasi ishga tushirilgan kun sifatida muhrlanadigan bo‘ldi. Poytaxtimizning Yangi hayot tumanida Toshkent metallurgiya zavodi foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

Davlat rahbari mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu majmua ochilishini tarixiy voqea, deb atadi.

2017 yil fevralda ushbu zavodning qurilishiga tamal toshi qo‘yilgan edi. Prezidentimiz 2018 yil avgustda bu yerga kelib, bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Turli sinov va qiyinchiliklarga qaramasdan, minglab fidoyi insonlarning bilim va mehnati evaziga ulkan korxona qad rostladi.

Shavkat Mirziyoyev bunga hissa qo‘shgan loyihachi va quruvchilarga, xorijiy hamkorlarga tashakkur izhor etdi.

– Biz innovatsion iqtisodiyotni shakllantirish, zamonaviy sanoat, qulay sarmoyaviy muhitni yaratish, xorijiy davlatlar va yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirishga alohida e’tibor bermoqdamiz. Bugun har jihatdan noyob bo‘lgan Toshkent metallurgiya zavodining ishga tushirilishi bu boradagi sa’y-harakatlarimizning yana bir amaliy namoyonidir, – dedi Prezident.

Ushbu zavod texnik va texnologik ta’minlanishi jihatidan xalqaro miqyosdagi eng yirik majmualar qatoriga kiradi. Bu yerda 27 ta mamlakat, jumladan, Italiya, Germaniya, Rossiya, Avstriya, Shveysariya, Janubiy Koreya kabi davlatlarda tayyorlangan asbob-uskunalar o‘rnatilgan.

Xususan, korxonada ishlab chiqarish, texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish va nazorat qilish, rejalashtirish va boshqarishning to‘rt pog‘onali tizimi joriy etilganini alohida qayd etish lozim.

Davlatimiz rahbari yangi majmuaning iqtisodiy samaradorligiga to‘xtalib o‘tdi. Yurtimizda qora metallurgiya rivojlanmagani sababli sanoat korxonalari ko‘p muammoga uchrar edi. Endi Toshkent metallurgiya zavodida yiliga 500 ming tonna rux va polimer qoplamali metall listlar ishlab chiqariladi. Bu qurilish materiallari, maishiy texnika, elektrotexnika va oziq-ovqat sanoatidagi yuzlab korxonalarning ehtiyojini ta’minlash imkonini beradi. Ilgari bunday mahsulotlar asosan chetdan olib kelinardi.

Kelajakda ushbu zavod avtomobilsozlik va qishloq xo‘jaligi mashinasozligi korxonalari ehtiyojini ham qoplashga xizmat qiladi.

Mazkur majmuada birinchi bosqichda import o‘rnini bosadigan mahsulot ishlab chiqarish hisobidan 400 million dollarga yaqin mablag‘ tejaladi. Mahalliylashtirish darajasi sezilarli oshadi.

Misol uchun, sendvich panellar va tom yopish tunukalari tannarxida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotning ulushi 50 foizdan 90 foizgacha yetadi. Shuningdek, bu ko‘rsatkich ventilyatsiya va havo tozalash tizimlari bo‘yicha 30 foizdan 50 foizgacha, maishiy elektrotexnika ishlab chiqarishda 35 foizdan 50 foizgacha oshadi. O‘z-o‘zidan ayonki, buning natijasida mahsulotlarning narxi arzonlashadi. Shuningdek, zavod tomonidan yiliga 90 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi.

Majmuada 700 ga yaqin kishi ishlaydi. Lekin, turdosh tarmoqlar bilan birga hisoblaganda, 5 mingta yangi ish o‘rni tashkil etilishi mumkin.

Zavod ekologik talablarga javob beradigan, “eng yashil” korxonalardan biri ekani bilan ham muhim ahamiyatga ega. Mamlakatimizda ilk bor atrof-muhitni ifloslantirmaydigan sanoat ishlab chiqarish texnologiyasi ushbu zavodda tashkil etilgan.

Bu zavod dunyodagi ilg‘or korxonalar singari mahsulotlari sifati va ishlab chiqarish xarajatlarining pastligi bilan ajralib turadi. Shu bilan birga, u bozordagi mavjud eng so‘nggi 4.10 texnologiyasidan foydalanilgan holda, o‘zidan chiqindilarni umuman  chiqarmaydigan, to‘liq avtomatlashtirilgan, intellektual zavod ekanini ta’kidlash lozim.

Butun dunyoda bunday texnologik jihatdan rivojlangan zavodlar texnik mutaxassislarning yangi avlodini shakllantiradi. Shuningdek, dunyodagi eng rivojlangan korxonalar qatorida yangi madaniyatni yaratib, o‘zbek metallurgiyasi va texnologiya hamjamiyatining nufuzini oshiradi.

Tez orada yangi korxona Bekoboddagi metallurgiya kombinati bilan yaqin hamkorlikda faoliyat yuritadi. bugungi kunda Bekobodda qiymati 800 million dollar bo‘lgan loyiha amalga oshirilmoqda – 1 million tonna mahsulot chiqarish quvvatiga ega quyuv-prokat majmuasi barpo etilyapti. Uning mahsulotlari Toshkent metallurgiya zavodi uchun xomashyo bo‘ladi. Shuning o‘zi rux va polimer qoplamali listlarning mahalliylashtirish darajasini 90 foizga yetkazish imkonini beradi.

– Harakatlarimizning asosiy maqsadi yaqin yillarda yaxlit, “noldan tayyor mahsulotgacha” bo‘lgan metall ishlab chiqarish klasterini yaratishdan iborat, – dedi Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishida.

Davlatimiz rahbari zavod Toshkentda yaqinda tashkil etilgan Yangi hayot tumanida ish boshlayotganiga e’tibor qaratdi. Korxonada muhandis, loyihachi, metallurg va boshqa mutaxassislarning yangi avlodi shakllanayotgani, bu esa kelajakda boshqa zamonaviy korxonalar uchun mustahkam poydevor bo‘lishini ta’kidladi.

– Eslaringizda bo‘lsa, biz koronavirus pandemiyasidan kuchli, qudratli bo‘lib chiqamiz, deb maqsad qo‘ygan edik. Bugun bu murakkab yil yakuniga yetayotganda aytishimiz mumkinki, barcha sa’y-harakatlarimiz ijobiy natijasini beryapti. Ko‘ryapsizlar, dunyoda nima bo‘lyaptiyu, O‘zbekistonda nima bo‘lyapti. Xudo xohlasa, shu oyning oxirida metropolitenning Sergeli yo‘nalishini ham ochamiz. Ilohim, mana shunday yaxshi kunlarimiz ko‘p bo‘lsin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Toshkent metallurgiya zavodi – zamonaviy axborot texnologiyalari va metallurgiya sohasidagi eng so‘nggi yutuqlarni mujassam etgan noyob korxonadir. Bu yerda mahsulot sifati xalqaro standartlar talablariga to‘liq javob beradi. Chunki sifat nazorati ishlab chiqarishning har bir bosqichida va zavodning rivojlangan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan texnologiyalar bilan jihozlangan markaziy laboratoriyasida amalga oshiriladi. Ushbu laboratoriyada barcha ishlab chiqarish jarayonlari va standartlari muntazam tekshirib boriladi, metall prokat va mahsulotlarning xossalari baholanadi, olib kelinayotgan xomashyo va materiallarning texnologik sifati kirish nazoratidan o‘tkaziladi.

Korxonada dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchilaridan biri – Italiyaning “Daniyeli” kompaniyasi uskunalari o‘rnatilgan. Bosh loyihachi va pudratchi – Rossiyaning metallurgiya sohasidagi eng yirik injiniring kompaniyalaridan bo‘lgan “Metprom” kompaniyalar guruhidir.

Tadbirda Rossiya Federatsiyasi sanoat va savdo vaziri Denis Manturov ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni, yirik loyihalarni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

– Sizlarni ushbu ajoyib voqea, zamonaviy sanoat korxonasining ochilishi bilan tabriklayman. Mamlakatlarimizning birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli juda muhim loyiha ishga tushirildi. Loyihani amalga oshirishda o‘ttizdan ortiq korxonalarimiz, ming nafardan ziyod turli yo‘nalishdagi yuksak malakali mutaxassislar jalb qilindi. Biz bundan buyon ham O‘zbekistonda keng miqyosli loyihalarni amalga oshirish va qo‘shma kooperatsiyani rivojlantirishda ishtirok etishga tayyormiz. Fursatdan foydalanib, kelasi yil aprelda Toshkentda «Innoprom» xalqaro investitsiya va sanoat ko‘rgazmasi o‘tkazilishini aytmoqchiman. Unda Rossiya va O‘zbekiston korxonalari, shuningdek, mamlakatingiz sanoatini rivojlantirishdan manfaatdor xorijiy  kompaniyalar ishtirok etishi mumkin. Ushbu ko‘rgazma yangi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqishga xizmat qilishiga ishonaman, – dedi D.Manturov.

– “Metprom” kompaniyalar guruhi so‘nggi besh yilda 50 dan ortiq  yirik metallurgiya korxonalari qurilishida ishtirok etdi. Toshkent metallurgiya zavodi Markaziy Osiyodagi eng zamonaviy va ilg‘or zavod hisoblanadi. Bunday korxonani qurishni bizga topshirgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumatiga minnatdorlik bildiramiz, – dedi «Metprom» kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Stanislav Lazutkin. – Ushbu loyiha O‘zbekiston metallurgiya tarmog‘i uchun juda zarur. Loyiha qisqa muddatda amalga oshirildi, afsuski, qurilish-montaj ishlarining avj pallasi pandemiya davriga to‘g‘ri keldi. Biz koronavirus ta’siri minimal bo‘lib, loyihaning muddati va narxiga ta’sir qilmasligini ta’minlashda har qanday yordamni ayamaganingiz uchun minnatdorlik bildiramiz. Ishonchli sheriklarsiz bunday ko‘lamli loyihani amalga oshirish imkonsiz. So‘nggi to‘rt yilda O‘zbekiston sanoatida ulkan o‘zgarishlar yuz berdi, bu bizni quvontiradi. Toshkent metallurgiya zavodi mamlakatning rivojlanib borayotgan iqtisodiyotida munosib o‘rin egallaydi.

– Bugun biz O‘zbekiston uchun muhim strategik loyihaning birinchi bosqichini yakunladik. Bu ulkan yangilanishlar ketayotgan bugungi sharoitda O‘zbekiston hukumati tomonidan belgilab olingan maqsadlarga to‘la mos keladi. Ushbu loyiha va biz Bekobodda amalga oshirayotgan ikkinchi bosqich – quyuv-prokat majmuasi orqali O‘zbekistondagi faoliyatimizni kengaytiramiz, yurtingizning texnologik imkoniyatlarini yuksaltiramiz. Rivojlanish, ish o‘rinlari yaratish va savdo-iqtisodiy aloqalar nuqtai-nazaridan foyda keltiradigan mamlakatingizni import qiluvchidan eksport qiluvchi davlatga aylantiramiz,  – dedi Italiyaning «Daniyeli» kompaniyasi bosh direktori Daniyeli Jakomo Mareski.

– Bugun Yangi hayot tumani tarixidagi eng quvonchli voqeaga guvoh bo‘lib turibmiz. O‘zbekiston uchun juda muhim ahamiyatli zavod tumanimizda barpo etilgani bizni cheksiz quvontirdi, – dedi mehnat faxriysi Iskandar Hayitov. – Bu yerda zavod uchun zarur infratuzilma, uy-joylar, bog‘chalar, maktablar, maishiy xizmat ob’ektlari qurildi. Boshqacha aytganda, hayotdan rozi bo‘lib yashash, ishlash uchun hamma qulayliklar yaratildi. Ko‘plar shu korxonaga ishga joylashdi. Bundan tumanimiz aholisi juda xursand.

– Moskvada o‘qib yurganimda Toshkent metallurgiya zavodi qurilishi haqida eshitgandim. O‘qishni tugatgandan so‘ng birinchilar qatori shu yerga ishga joylashdim, – dedi korxonaning yosh operatori Jasur Azimov. – Biz texnologik jarayonni boshqarish uchun Rossiyaning ko‘zga ko‘ringan metallurgiya kombinatlarida malaka oshirdik. Endi o‘rganganlarimni ushbu zavoddagi ish faoliyatimda qo‘llayman.

Shundan so‘ng Toshkent metallurgiya zavodi faoliyatiga start beruvchi ramziy tugma bosildi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Toshkent metallurgiya zavodidagi texnologik jarayon bilan tanishdi.

Ushbu korxona texnik va texnologik jihatdan xalqaro miqyosdagi yirik majmualar qatoriga kiradi.

Majmua mutasaddilari ishlab chiqaruvchilar bilan yo‘lga qo‘yiladigan kooperatsiya aloqalari haqida ma’lumot berdi. Zavod mahsulotlariga hozirning o‘zidayoq o‘nlab korxonalardan buyurtmalar tushayotgani aytildi.

– Metall muammo bo‘lgani uchun sanoatda zanjir yo‘q edi. Bu zavod ishga tushishi bilan talab yuqori bo‘lgan metallurgiya mahsulotini ishlab chiqarish zanjiri shakllanadi. Hududlarda yana yuzlab korxonalarning barpo etilishi uchun juda katta zamin bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari zavodning shourumida ham bo‘lib, bu yerda ishlab chiqariladigan mahsulotlar namunalarini ko‘zdan kechirdi.

Esdalik uchun daraxt ko‘chati ekildi.

Muxtasar aytganda, milliy iqtisodiyotimizning metallurgiya mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashda ulkan tarixiy qadam qo‘yildi. Yangi zavod jadal sur’atlar bilan rivojlanib, sanoatimiz lokomotivlaridan biriga aylanadi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, Toshkent metallurgiya zavodi yangi O‘zbekistonning yangi va yorqin sahifasi bo‘lib qoladi.

Z.JONIBEKOV,

M.ELMURODOV,

O‘zA muxbirlari