Aziz vatandoshlar! Hurmatli mehmonlar! Xonimlar va janoblar!
Bugun barchamiz tom ma’noda tarixiy va unutilmas bir voqeaning guvohi bo‘lib turibmiz.
Bugun O‘zbekistonda yirik zamonaviy sanoat korxonasi – Toshkent metallurgiya zavodi ishga tushirilmoqda.
Mamlakatimizning iqtisodiy hayotida g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lgan mana shunday ulkan ishlab chiqarish majmuasi bunyod etilgani bilan barchangizni chin qalbimdan tabriklayman.
bugungi marosimda bizning quvonchimizga sherik bo‘layotgan hurmatli xorijiy hamkorlarimiz – Rossiya Federatsiyasi sanoat va savdo vaziri Denis Valentinovich Manturov, “Metprom” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Stanislav Sergeyevich Lazutkin, Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi elchisi Vladimir Lvovich Tyurdenev, Italiya Respublikasining “Daniyeli” kompaniyasi bosh direktori Daniyeli Jakomo Mareski janoblariga va barcha mehmonlarimizga chuqur minnatdorchilik bildiraman.
Hurmatli do‘stlar!
Sizlarga ma’lumki, biz bundan uch yil avval – 2017 yilning fevral oyida yaxshi niyatlar bilan ushbu korxonaning tamal toshini qo‘ygan edik. O‘tgan qisqa davrda barcha qiyinchiliklarga, jumladan, koronavirus pandemiyasiga qaramasdan, minglab fidoyi insonlarning bilim va tajribasi, mahorati va mehnati evaziga mana shu ulkan zavod qad rostladi. Bu yirik majmuani bunyod etish uchun 420 million dollarlik mablag‘ sarflandi.
Fursatdan foydalanib, korxonani bunyod etishda faol ishtirok etgan mohir loyihachi va quruvchilarga, qo‘li gul ishchi va muhandislarga, pudratchi tashkilotlar va barcha mutasaddilarga, xorijiy hamkorlarimizga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan samimiy tashakkur izhor etaman.
Qadrli yurtdoshlar!
Keyingi yillarda mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlarni tubdan yangilash va modernizatsiya qilishga qaratilgan keng miqyosli islohotlar olib borilmoqda.
Biz innovatsion iqtisodiyotni shakllantirish, zamonaviy sanoat, qulay sarmoyaviy muhitni yaratish, xorijiy davlatlar va yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirishga alohida e’tibor bermoqdamiz. Bugun har jihatdan noyob bo‘lgan Toshkent metallurgiya zavodining ishga tushirilishi bu boradagi sa’y-harakatlarimizning yana bir amaliy namoyonidir.
Hammangiz bilasiz, O‘zbekiston iqtisodiyotining zaif nuqtalaridan biri – bizda qora metallurgiya sanoatining yetarli darajada rivojlanmagani bilan bog‘liq. Qaysi sohani olmang, ko‘p yillardan buyon bu masala biz uchun jiddiy muammo bo‘lib kelayotgan edi.
Yangi zavod eng avvalo milliy iqtisodiyotimizning metallurgiya mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Ular ilgari respublikamizga asosan chetdan olib kelinardi.
Ushbu korxonada yiliga 500 ming tonna rux va polimer qoplamali metall listlar ishlab chiqariladi. Mazkur mahsulotlar qurilish materiallari yoki metall konstruksiyalar bo‘ladimi, maishiy texnika, elektrotexnika va oziq-ovqat sanoati bo‘ladimi – yuzlab korxonalarimizning ehtiyojini ta’minlash imkonini beradi.
Majmua ishga tushirilishi bilan kimyo sanoati korxonalari va rangli metall ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida yaqin kooperatsiya aloqalari yo‘lga qo‘yiladi. Kelajakda ushbu zavod mahalliy avtomobilsozlik va qishloq xo‘jaligi mashinasozligi korxonalari ehtiyojini ham qoplashga xizmat qiladi. Shuni ta’kidlash kerakki, hozirning o‘zidayoq zavod mahsulotlariga o‘nlab korxonalardan buyurtmalar kelib tushmoqda.
Toshkent metallurgiya zavodi mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotiga salmoqli hissa qo‘shadi. Muxtasar aytganda, yangi zavod jadal sur’atlar bilan rivojlanib, sanoatimiz lokomotivlaridan biriga aylanadi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.
Birinchidan, talab yuqori bo‘lgan metallurgiya mahsulotini ishlab chiqarish zanjiri shakllanadi.
Korxona faoliyatining birinchi bosqichida import o‘rnini bosadigan mahsulot ishlab chiqarish hisobidan 400 million dollarga yaqin mablag‘ tejaladi.
Mahalliy korxonalarimiz avval xorijdan olib kelingan xomashyo o‘rniga endilikda zavodda tayyorlanadigan listlardan foydalanishi hisobiga mahalliylashtirish darajasi sezilarli ravishda oshadi. Misol uchun, sendvich panellar va tom yopish tunukalari tannarxida respublikamizda ishlab chiqarilgan mahsulotning ulushi 50 foizdan 90 foizgacha yetadi. Shuningdek, bu ko‘rsatkich ventilyatsiya va havoni tozalash tizimlari bo‘yicha 30 foizdan 50 foizgacha, maishiy elektrotexnika ishlab chiqarishda – 35 foizdan 50 foizgacha oshadi. Ya’ni, sanoat kooperatsiyasining kengayishi va mahalliy xomashyo negizida hududlarda yuzlab yangi raqobatbardosh sanoat korxonalarining barpo etilishi uchun shart-sharoitlar yaratiladi.
Shu asosda turdosh tarmoqlar bilan birga 5 mingta yangi ish o‘rni tashkil etiladi. Bu esa qanchadan-qancha yoshlarimiz uchun yangi ish joylari, daromad va oilaviy farovonlik manbai bo‘lib xizmat qilishini, o‘ylaymanki, tushunish qiyin emas.
Shuningdek, korxona tomonidan yiliga 90 million dollarlik mahsulot chetga eksport qilinadi.
Ikkinchidan, metallurgiya sohasida ishlab chiqarish klasterini barpo etishga sharoit yaratiladi.
Birinchi bosqichda xomashyo Rossiyadan olib kelinadi. Tez orada yangi korxona Bekobod metallurgiya zavodi bilan yaqin hamkorlikda faoliyat yuritadi. Hozirgi paytda Bekobodda qiymati 800 million dollar bo‘lgan 1 million tonna mahsulot chiqarish quvvatiga ega quyuv-prokat majmuasini barpo etish boshlandi va uning mahsuloti ushbu zavod uchun xomashyo bo‘lib xizmat qiladi. Shuning o‘zi rux va polimer qoplamali listlarning mahalliylashtirish darajasini 90 foizga yetkazish imkonini beradi.
Harakatlarimizning asosiy maqsadi – yaqin yillarda yaxlit “noldan tayyor mahsulotgacha” bo‘lgan metall ishlab chiqarish klasterini yaratishdan iborat. Shuning uchun biz yurtimizdagi 2 milliard tonna qora metall zaxirasiga ega Tebinbuloq va boshqa konlarda yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan geologik qidiruvlar o‘tkazdik va bu borada texnik iqtisodiy loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Uchinchidan, texnik va texnologik ta’minlanishi jihatidan ushbu zavod xalqaro miqyosdagi eng yirik majmualar qatoriga kiradi.
Bu yerda dunyoning 27 ta mamlakati, jumladan, Italiya, Germaniya, Rossiya, Avstriya, Shveysariya, Koreya kabi davlatlarda tayyorlangan asbob-uskunalar o‘rnatilgan. Xususan, korxonada ishlab chiqarish, texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish va nazorat qilish, rejalashtirish va boshqarishning to‘rt pog‘onali tizimi joriy etilganini alohida qayd etish lozim.
To‘rtinchidan, zavod ekologik talablarga javob beradigan, ta’bir joiz bo‘lsa, “eng yashil” korxonalardan biri ekani biz uchun muhim ahamiyatga ega.
Korxona chiqindilarni qisqartirib, qat’iy ekologik me’yorlarga amal qiladigan, chiqindi gazlarni ushlab qoladigan, oqova suvlarni tozalaydigan va boshqa zarur uskunalar bilan jihozlangan.
Hurmatli marosim qatnashchilari!
Ma’lumki, ushbu korxona Toshkent shahri tarkibida yaqinda tashkil etilgan Yangi hayot tumanida ish boshlayapti.
Yangi hayot tumani yangi O‘zbekistonni rivojlantirishga kompleks yondashuvning namunasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Mazkur hududda bir vaqtning o‘zida shinam turar joylar, zamonaviy sanoat quvvatlari, yangi transport infratuzilmasi, jumladan, yerusti metrosi va yo‘l o‘tkazgichlar, ijtimoiy ob’ektlar qurilishi jadal olib borilmoqda.
Urbanizatsiya, aholi uchun qulay bo‘lgan sifatli shahar muhitini yaratishga oid bunday zamonaviy yondashuvni biz butun O‘zbekiston bo‘ylab keng joriy etmoqdamiz. Xususan, yaqin kelajakda Namangan, Andijon, Samarqand va boshqa yirik shaharlarimizda ham ayni shunday hududlar barpo etishni rejalashtirganmiz.
Bularning barchasi fuqarolik va sanoat qurilishining jadal rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratadi, yangi zavod mahsulotlariga ham, turdosh tarmoqlar mahsulotlariga ham barqaror talabni vujudga keltiradi.
Aziz do‘stlar!
Toshkent metallurgiya zavodining ishga tushirilishi mamlakatimizda inson kapitalini rivojlantirishga ham katta ta’sir ko‘rsatadi.
Ushbu majmuani bunyod etishda O‘zbekistondagi ko‘plab qurilish korxonalarining mingga yaqin muhandis va ishchilari ishtirok etdilar. Zavod qurilishi ular uchun yangi tajriba maydoniga, mahorat maktabiga aylandi.
Korxonada muhandislar, loyihachilar, metallurglar va boshqa mutaxassislarning yangi avlodi shakllanayotgani ayniqsa muhim ahamiyatga ega. Ularning aksariyati rivojlangan davlatlardagi tarmoq korxonalarida malaka oshirib kelgan yigit-qizlardir.
Mana shunday navqiron yoshlarimizning eng yuqori xalqaro standartlar darajasida ishlashga qodir ekani barchamizni quvontiradi. Kelajakda ularning bilim va salohiyati yuzlab yangi zamonaviy korxonalar uchun mustahkam poydevor bo‘ladi, deb ishonamiz.
Hurmatli do‘stlar!
Ushbu yangi qudratli korxona O‘zbekiston – Rossiya strategik sherikligi mustahkamlanib borayotganining yana bir yorqin timsolidir.
Keyingi to‘rt yilda Rossiya Prezidenti Vladimir Vladimirovich Putin bilan samarali muloqotlarimiz, siyosiy irodamiz va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashimiz natijasida ikki tomonlama munosabatlarda ulkan yutuqlarga erishilganini mamnuniyat bilan qayd etib o‘tmoqchiman.
Biz savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalardagi hamkorlikni, O‘zbekistonda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasidagi ishlarni yuksak darajaga olib chiqishga muvaffaq bo‘ldik.
Mazkur davrda ikki tomonlama savdo hajmi hamda Rossiyadan iqtisodiyotimizga kiritilgan investitsiyalar miqdori ikki barobar ortib, mingdan ziyod yangi korxonalar tashkil etildi.
Biz hozirgina Rossiya Federatsiyasi sanoat va savdo vaziri Denis Valentinovich Manturov bilan o‘tkazgan uchrashuvimizda mana shunday loyihalarni amalga oshirishni har tomonlama muhokama qilib oldik va kelgusidagi hamkorlik rejalarimizni ko‘rib chiqdik. Bu o‘rinda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yuqori texnologik ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish bo‘yicha yangi loyihalar portfeli haqida so‘z bormoqda.
Xususan, yaqin kelajakda Toshkent metallurgiya zavodi kabi o‘nlab yirik va innovatsion korxonalarni ishga tushirish maqsadida bugun O‘zbekiston va Rossiya korxonalari o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha yangi uzoq muddatli dastur ustida ish olib boryapmiz.
Fursatdan foydalanib, ushbu muhim loyihani amalga oshirishda faol ishtirok etgan Rossiyaning yetakchi korxona, kompaniya va banklariga, boshqa xorijiy sheriklarimizga minnatdorchilik bildiraman.
O‘zbekiston va Rossiya sherikligini biz uchun ustuvor bo‘lgan ta’lim sohasida ham mustahkamlashga katta e’tibor bermoqdamiz. Chunki, mamlakatimizda ishlab chiqarishni tubdan yangilash va ilm-fanga asoslangan texnologiyalarni joriy etish, hech shubhasiz, yangi avlod kadrlarini shakllantirishni taqozo etadi.
Shu maqsadda keyingi uch yilda O‘zbekistonda Rossiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalarining 8 ta yangi filiali tashkil etildi. Jumladan, metallurgiya tarmog‘i uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlaydigan “Moskva po‘lat va qotishmalar instituti” Rossiya milliy texnologik tadqiqotlar universiteti filiali ochildi.
Shu o‘rinda zavodni texnologik jihozlashda Italiyaning yetakchi “Daniyeli” kompaniyasi biz bilan hamkorlik qilganini mamnuniyat bilan ta’kidlayman. Bugun biz O‘zbekiston – Italiya munosabatlarining istiqbollari ustida ishlamoqdamiz. Ushbu loyiha mamlakatlarimizning yuqori texnologiyalar sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorligiga yorqin misol bo‘ladi, deb ishonaman.
Bunday noyob loyiha O‘zbekiston, Rossiya, Italiya, Turkiya va boshqa mamlakatlar kompaniyalari, loyiha institutlari va banklari o‘rtasidagi xalqaro kooperatsiya va o‘zaro muvofiqlashtirilgan faoliyat tufayli amalga oshirildi. Uni moliyalashtirishda “Roseksimbank”, EKSAR sug‘urta agentligi, O‘zbekiston tomonidan esa Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, “Asakabank” va “O‘zsanoatqurilishbank” ishtirok etdi.
Bu ishlarda bugungi marosimimizda qatnashayotgan hurmatli xorijiy hamkorlarimizning shaxsiy ishtirokini alohida qayd etmoqchiman.
Aziz do‘stlar!
Hurmatli mehmonlar!
Bugun ishga tushirilayotgan Toshkent metallurgiya zavodi, hech shubhasiz, yangi O‘zbekiston tarixining yangi va yorqin sahifasi bo‘lib qoladi.
Ishonchim komilki, ushbu korxonaning ko‘p millatli navqiron mehnat jamoasi O‘zbekistonimizni har tomonlama rivojlantirish, dunyo miqyosida raqobatbardosh mamlakatga aylantirishga munosib hissa qo‘shadi.
bugungi quvonchli voqea munosabati bilan sizlarni yana bir bor samimiy muborakbod etib, barchangizga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, jonajon Vatanimiz ravnaqi yo‘lida olib borayotgan bunyodkorlik ishlaringizda yangi yutuq va omadlar tilayman.
E’tiboringiz uchun rahmat.