2017-yil ham ko‘z ochib yumguncha nihoyalab qoldi. Ammo shu qisqa vaqt ichida Vatanimiz, xalqimiz hayotida misli ko‘rilmagan ulkan o‘zgarishlar, yangilanishlar ro‘y berdi. Yutuq va marralar qo‘lga kiritildi. O‘tayotgan yilning har oyi, har kuni xalqimiz uchun unutilmas voqealarni hadya etdi.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligining rasmiy veb-sayti “sahifalari”ni varaqlayman. Mana, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston xalqiga yangi yil tabrigi:

“Biz kirib kelayotgan 2017-yilga “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb nom berdik. Buning negizida “Inson manfaatlari hamma narsadan ulug‘” degan olijanob maqsad va vazifalar yotibdi. Yangi yilda bu boradagi dasturiy vazifalarni amalga oshirishda barchamizning, avvalo, rahbar va yetakchilarning bir jonu bir tan bo‘lib, astoydil mehnat qilishlariga ishonaman. Yurtimizda tinchlik va barqarorlik, taraqqiyot, o‘zaro hurmat va mehr-oqibatni mustahkamlash bundan buyon ham asosiy vazifamiz bo‘lib qoladi.”

Bu umidbaxsh so‘zlar, ezgu maqsadlar ijobatini bugun har birimiz Vatanimiz hayotida, o‘z hayotimizda ko‘rib, his qilib turibmiz.

Prezidentimiz joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, xalqimizning hayot darajasi va sifatini yanada oshirishga qaratilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan uchrashish va muloqot qilish maqsadida 20-21-yanvar kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurgan edi. Oddiy odamlar bilan uchrashib, oilalarga kirib, ularning turmush sharoitlari bilan yaqindan tanishgandi.

Tanti qoraqalpoq elining odamlari bilan shoir aytganday “oq ko‘nglidan qora qalpoq kiydirib” o‘zining otasini, akasini, ukasini, farzandini ko‘rganday suyunib, ikki og‘iz dildan suhbat qurgan, samimiy gurunglashgan, orzu-umidlari, muammo va tashvishlari bilan o‘rtoqlashgan edi.

O‘shanda davlatimiz rahbari sog‘liqni saqlash, aholini ijtimoiy himoyalash, ta’lim, qishloq xo‘jaligi sohalari muassasalarida bo‘lib, ularda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Zarur topshiriqlar, vazifalarni belgilab berdi. Tashrif chog‘ida Mo‘ynoq tumani aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash muammosini hal qilishga qaratilgan Qo‘ng‘irot – Mo‘ynoq ichimlik suvi tarmog‘i qurilishi loyihasining boshlanishiga tamal toshi qo‘yildi.

Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, 101 kilometr uzunlikda quvur yotqizilib, mo‘ynoqliklarning qalbini baxtu quvonchga to‘ldirib, toza ichimlik suvi keldi. O‘sha kunlari men mehnat ta’tiliga chiqib, Nukusga qaytgandim. Otam erta sahardan turib: “Bolam, yur seni Mo‘ynoqqa olib borib kelaman. Tarixiy voqeaning guvohi bo‘lasan”, dedi.

Bordik. Butun Mo‘ynoq ahli inshoot atrofida. Nigohlarida havas, hayrat. Ko‘zlariga ishonib-ishonmay bir-biri bilan shivirlashib, kulishib, shodu xurram turishibdi… Inshoot ishga tushirildi. Odamlarning o‘shandagi xursandchiligini, zavqini ta’riflab, tasvirlab berishga til ojiz. Yuzlaridan nur yog‘ilib turgan onaxonning ichimlik suvidan bir ho‘plam ichib: “Shu kunlarga yetkazganingga shukr, endi o‘lsam armonim yo‘q!” deya ko‘ziga yosh olganini, siyrak soqolli, yuzini ajin qoplagan otaxonning “Zam-zam suvidan ichganday bo‘ldim!” deb baxtdan masrur bo‘lganini, bolakaylarning, qizaloqlarning bir-biriga suv sepib, qiyqirib o‘ynab-kulganlarini ko‘rdim.

Ha, bu mo‘ynoqliklar, butun qoraqalpog‘istonliklar uchun tarixiy lahzalar edi.

Shu yilning 15-16-dekabr kunlari Prezidentimiz yana Qoraqalpog‘istonda bo‘ldi. Tashrif tafsilotlari bilan internet saytlari va televideniye orqali tanishib bordik. Avvaliga Nukusni tanimay qoldim. Olti oy ichida shuncha o‘zgarish mumkinmi? Alvon rangdagi chiroqlar yog‘dusidagi tungi Nukus xuddi ertaklardagi mo‘jizalar shahrini eslatadi.

Bir paytlar Nukusda ham televizor ishlab chiqaradigan korxona quriladi, deyishsa, miyig‘imizda kulib qo‘yaqolardik: orzuga ayb yo‘q. Endi esa hayratimiz o‘n chandon oshib, ko‘zu quloqlarimizga ishonmay o‘tiribmiz.

“Tashrif yakunlariga ko‘ra ishlab chiqilgan dasturga muvofiq, sanoatni rivojlantirish borasida umumiy qiymati 160 milliard so‘mga yaqin 242 loyiha bajarildi. Bu qariyb 4 ming ish o‘rni yaratish imkonini berdi. Qorao‘zak tumanidagi “Qoraqalpoq sement” korxonasida birinchi bosqichda yiliga 200 ming tonna sement, Nukus shahridagi “Texnik global” korxonasida “Samsung” brendi ostida yiliga 150 ming televizor, “Nukus polimer” korxonasida yiliga 8 ming tonna polietilen quvurlar va xo‘jalik buyumlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. To‘rtko‘l tumanidagi “Vegateks global” korxonasida yiliga 5 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarilmoqda”.

Bu bor-yo‘g‘i bir yilda qilinayotgan ishlar! Yana bir xabarga ko‘zim tushdi:

“2018-2019-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasida umumiy qiymati 4,5 trillion so‘m bo‘lgan 1 ming 300 dan ziyod loyiha amalga oshiriladi va qariyb 10 ming ish o‘rni yaratiladi.”

Prezidentimizning Chimboy tumanidagi 8-maktabgacha ta’lim muassasasiga, akademik litseyga tashrifini, Taxiatosh, Xo‘jayli tumanlaridagi islohotlar, irrigatsiya tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish loyihalari bilan tanishganini, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari va faollari bilan uchrashuvidagi so‘zlarini, 2018-yilda Tebinbuloq konini o‘zlashtirib, mamlakatimizda birinchi marta temir rudasi qazib olishni ko‘zda tutadigan, qiymati 810 million dollarga teng bo‘lgan loyiha bajarilishi haqidagi xushxabarni, qo‘yingki, tashrif bilan bog‘liq barcha tafsilotlarni televizordan o‘zgacha bir g‘urur bilan tomosha qildim.

Prezidentimiz bizning tinch-osoyishta, farovon hayotimiz, baxtu saodatimiz, orzu-istaklarimizning ro‘yobi uchun kunni kun, tunni tun demay mehnat qilmoqda, xalqimizga, ayniqsa, yoshlarga imkoniyat, sharoit yaratib, o‘zlarining salohiyatini ko‘rsatishga da’vat etmoqda. Biz-chi? Biz shu yuksak ishonch va e’tiborni oqlay olayapmizmi? Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘sha olayapmizmi?

Prezidentimizning, xalqimizning, ona Vatanimizning, har birimizni tarbiyalab, voyaga yetkazgan ota-onamizning, bizga umid bilan termiladigan farzandlarimizning ko‘zlariga tik qaray olishimiz uchun tinmay mehnat qilishimiz, jamiyatimiz, mamlakatimiz taraqqiyotiga o‘z hissamizni qo‘shishimiz shart!

 

Bayram Aytmurodov, O‘zA