Kelgusi yilda jismoniy shaxslarga yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib yo‘lovchi tashish faoliyatini amalga oshirishiga ruxsat berilishi mumkin.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisida ma’ruza qilgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Moliya vaziri J.Qo‘chqorov ma’lum qilgan.
Ushbu tartib tegishli litsenziya olgan o‘rindiq joylari 4 yo‘lovchidan ortiq bo‘lmagan taksilarga nisbatan tatbiq etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Uning ta’kidlashicha, mazkur taklif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining soliqlar yig‘uvchanligini oshirish, daromadlarini legalizatsiya qilish, qo‘shimcha rezervlarni aniqlash doirasida bergan topshiriqlarini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Shuningdek, tajriba tariqasida Toshkent shahrida chakana savdo va umumiy ovqatlanish sohasidagi mikrofirma va kichik korxonalar uchun mehnatga haq to‘lash fondining o‘rnatilgan bazaviy miqdoridan oshgan summasiga 10 foiz miqdorida yagona ijtimoiy to‘lovning pasaytirilgan stavkasini joriy etish taklif etilmoqda.
Bunda bazaviy ish haqi fondi sifatida o‘tgan yildagi o‘rtacha oylik ish haqi olinadi.