– respublika fanini rivojlantirishga ulkan hissa bo‘lib qo‘shilgan va xalqaro miqyosda e’tirof etilgan fundamental tadqiqotlar, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnik va ma’naviy-ma’rifiy rivojlanishiga kuchli ta’sir qilgan kashfiyot, ixtiro va ilmiy ishlanmalar, jahon miqyosidagi eng ilg‘or standartlarga mos bo‘lgan va amaliyotga katta samara bilan joriy etilgan yangi texnika va texnologiyalar (birinchi darajali mukofot uchun);
– respublika fanining muayyan tarmoqlarini rivojlantirishga salmoqli hissa bo‘lib qo‘shilgan va xorijiy mamlakatlarda e’tirof etilgan fundamental tadqiqotlar, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnik va ma’naviy-ma’rifiy rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan ixtirolar, ilmiy ishlanmalar, ta’lim muassasalari uchun darsliklar, ilg‘or standartlarga mos bo‘lgan va ishlab chiqarishga samarali joriy qilingan yangi texnologiyalar (ikkinchi darajali mukofot uchun).
Tanlovda ishtirok etish shartlari:
Davlat mukofoti shaxsiy xarakterga ega va qoidaga ko‘ra bitta shaxsga beriladi.
Davlat mukofotiga tavsiya etilgan ishda bir necha shaxsning hissasi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan taqdirdagina Davlat mukofoti mualliflar jamoasiga berilishi mumkin. Mualliflar jamoasi besh kishidan oshmasligi kerak.
Bir necha shaxslar tomonidan bajarilgan ishlarni mukofotga taqdim etishda da’vogarlar jamoasiga faqat ishni bajarishda bevosita ijodiy ishtiroki eng yuksak darajada va hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan asosiy mualliflargina kiritiladi. Mualliflar jamoasi tarkibiga maslahatchilik, ma’muriy va tashkiliy ishlarni bajargan shaxslarni kiritishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mualliflar jamoasi tarkibiga vafot etgan, lekin ishni bajarilishida qo‘shgan hissasi ahamiyatga ega bo‘lgan shaxslar ham kiritilishi mumkin.
Davlat mukofotiga hukumatning boshqa mukofoti bilan ilgari taqdirlangan mualliflar ham istisno tariqasida tavsiya etilishi mumkin.
Davlat mukofotiga ko‘rsatilayotgan ilmiy tadqiqotlar matbuotda e’lon qilingan, texnika va texnologiyalar bo‘yicha bajarilgan ishlar ishlab chiqarishga joriy etilgan bo‘lishi kerak.
Tanlovga quyidagi ishlar qo‘yilmaydi:
ular bo‘yicha fan va texnika sohasida oldin Davlat mukofoti berilgan ishlar;
avval ko‘rib chiqilgan, biroq Davlat mukofotiga tavsiya etilmagan ishlar.
Tanlovda ishtirok etish uchun hujjatlar tashkilotlar tomonidan beriladigan Davlat mukofotiga nomzodlar bo‘yicha tavsiyanomaga asosan qabul qilinadi.
Tavsiyanoma tegishli tashkilotning rasmiy blankasida tashkilot rahbari tomonidan imzolangan holda taqdim etiladi. Rahbarning o‘zi mukofotga da’vogarlar tarkibiga kirgan holatdagina xatni rahbarning o‘rinbosari imzolaydi.
Tavsiyanomada quyidagilar ko‘rsatilishi zarur:
– muallif (mualliflar jamoasi uchun – har bir muallif)ning familiyasi, ismi va otasining ismi (pasport bo‘yicha), tug‘ilgan yili va joyi, yashash manzili, ishlash joyi yoki faoliyat turi, ilmiy darajasi va unvoni (mualliflarning familiyalari alifbo tartibida ko‘rsatiladi);
– ishning nomi;
– ishning taqdim etilishini asoslovchi natijalar, texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlar va ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati, amalga oshirilish ko‘lami;
– uning tugallangan, nashr qilingan va ishlab chiqarishga joriy etilgan vaqti.
Tavsiyanomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
ishni taqdim etish haqida, uning nomi, mukofotga da’vogarlarning familiyasi, ismi va otasining ismi ko‘rsatilgan holda muassasa ilmiy yoki ilmiy-texnika kengashi majlisining, vazirlik hay’atining va boshqa tegishli majlislar bayonnomasidan ko‘chirma;
talabgor haqidagi ma’lumotnoma (yoki har bir talabgorga – agar tavsiyanoma mualliflar guruhining ishlariga berilayotgan bo‘lsa);
talabgorga tavsifnoma (yoki har bir talabgorga – agar tavsiyanoma mualliflar guruhining ishlariga berilayotgan bo‘lsa);
fuqarolik pasporti nusxasi (yoki har bir talabgorga – agar tavsiyanoma mualliflar guruhining ishlariga berilayotgan bo‘lsa);
asosiy ish joyi bo‘yicha kadrlar bo‘limi tomonidan tasdiqlangan talabgorning mehnat daftarchasi nusxasi (yoki har bir talabgorga –agar tavsiyanoma mualliflar guruhining ishlariga berilayotgan bo‘lsa);
oliy ma’lumot, ilmiy daraja va unvon to‘g‘risidagi diplomlar nusxalari (yoki har bir talabgorga – agar tavsiyanoma mualliflar guruhining ishlariga berilayotgan bo‘lsa);
asosiy ish joyi bo‘yicha tasdiqlangan ilmiy ishlar ro‘yxati (yoki har bir talabgorga – agar tavsiyanoma mualliflar guruhining ishlariga berilayotgan bo‘lsa);
oldin ijodiy ishlar e’tirofi sifatida berilgan mukofot(lar) guvohnomasi (guvohnomalari)ning nusxasi;
Davlat mukofotlari to‘g‘risidagi nizomga muvofiq respublikada fan va texnikani rivojlantirishga qo‘shgan xissasi to‘g‘risidagi asosnoma (hajmi 10 sahifadan oshmasligi, muallif yoki mualliflar tomonidan imzolanishi kerak) hamda bir sahifalik annotatsiya (elektron varianti bilan);
– ilmiy ishlar, monografiyalar, darsliklarning nashrlari, mashina va mexanizmlar, yangi materiallar, konstruksiyalar tavsiflari, ishlab chiqarishga joriy etilgan ishlarning dalolatnomalari, ixtirolarning bayonlari, qo‘shimcha chizma, sxema, xarita, fotoalbom va maketlar, hajmli-fazoviy va boshqa shakllarda chop etilgan nusxalari (ta’lim muassasalari uchun darsliklar bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarning xulosalari ilova qilinadi);
mualliflar jamoasi tomonidan bajarilgan ishlar uchun har bir muallifning ishga qo‘shgan ijodiy hissasi aniq ko‘rsatilgan, har bir muallif tomonidan imzolangan va tasdiqlangan dalolatnoma;
har bir muallif uchun 4×6 sm. o‘lchamli rangli fotosurat yopishtirilgan xodimlarni hisobga olish varaqasi hamda ma’lumotnoma-ob’ektivka va tasifnoma (elektron varianti bilan);
Tanlovda ishtirok etish uchun taqdim etiladigan hujjatlar uch nusxada taqdim etiladi.
Taqdim etiladigan hujjatlar nusxalarining har bir yig‘masi alohida jildga solinadi. Chop etilgan ilmiy maqolalar, monografiyalar bir nusxadan ham jildga solinadi. Jild ustiga ishni taqdim etuvchi muassasa nomi, ishning nomi va muallif(lar) familiyasi, ismi va otasining ismi to‘liq yoziladi.
Tanlovda ishtirok etish hujjatlar Fanlar akademiyasi tomonidan quyidagi manzil bo‘yicha 2021 yilning 25 yanvarigacha qabul qilinadi:
100047, Toshkent shahri,
Yahyo G‘ulomov ko‘chasi, 70-uy, 317-xona.
Tanlovda ishtirok etish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha qo‘shimcha axborot olish uchun quyidagi telefon raqamiga murojaatlar qabul qilinadi – Tel.: 71 – 233-59-46.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalar bo‘yicha respublika kengashi