O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida amaldagi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

– O‘tgan hafta ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha oldimizda turgan barcha vazifalarni belgilab olib, alohida farmon va qarorlarni qabul qildik va ular asosida butun mamlakat bo‘ylab keng qamrovli ishlar boshlandi, – dedi Prezident. – bugungi yig‘ilishimizda tibbiyot tizimini isloh qilish bo‘yicha uch yarim yil oldin boshlangan islohotlarning navbatdagi vazifalarini belgilab olishimiz zarur va shart.

Davlat rahbari mamlakatimizda barcha islohotlar manfaatdorlik nuqtai nazaridan olib borilayotgani, jumladan, kuni kecha O‘zbekiston raisligida BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning 32-Yevropa mintaqaviy yig‘ilishi yuqori saviyada o‘tkazilgani, bu kabi islohotlardan ko‘zlangan eng asosiy maqsad odamlarni rozi qilish ekanini ta’kidladi.

– Juda muhim hayotiy zarur masala bo‘lmish tibbiyot sohasini ham rivojlantirmas ekanmiz, ertaga oldimizga qo‘ygan juda katta marralarni ololmaymiz, – dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev birlamchi bo‘g‘in bo‘lmish qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalar ish olib bormayotgani uchun aholi to‘g‘ridan-to‘g‘ri markaziy poliklinika yoki shifoxonalarga murojaat qilayotgani va tor soha shifokorlarining 60 foiz vaqti maslahat berishga sarflanayotganini ta’kidladi.

– Bu tibbiyotga xiyonat. Afsuski, birlamchi bo‘g‘inning mas’uliyati va javobgarligi aniq belgilanmagan. Joylarda birorta mas’ul odam tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini bilan jiddiy shug‘ullanmagan. 2019 yilda mamlakatimizda o‘lim holatlarining 60 foizi tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini tomonidan oldini olish mumkin bo‘lgan yurak qon-tomir tizimi kasalliklari hisobiga to‘g‘ri keladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda o‘tgan yili 23 ming bemor – gipertoniyadan, 7 ming kishi – infarktdan, 5 ming bemor – qandli diabetdan, 3,6 ming kishi insultdan vafot etgani qayd etildi. So‘nggi ikki yilda Dehqonobod, Zarbdor, Chimboy va Xovos tumanlarida oshqozon-ichak, yurak-qon tomir tizimi, nafas yo‘llari kasalliklari bir necha bor ko‘payganini tanqid qildi. Ushbu kasalliklarni aniqlash tibbiyotning yutug‘i ekani, biroq ularning barvaqt oldini olishga birlamchi bo‘g‘in mas’ul va javobgar bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

 

O‘zA