Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-maydagi “Charm-poyabzal va moʻynachilik sohalarini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishni yana-da ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida 2018-yil 8-avgustda qabul qilingan farmoyishda qoʻshilgan qiymat soligʻidan imtiyoz qoʻllaniladigan tovarlar roʻyxati keltirilgan. 
Mazkur roʻyxat boʻyicha “natriy sulfit” tovariga bojxona toʻlovlaridan imtiyoz berilishi belgilangan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi bojxona boshqarmasi matbuot xizmatining OʻzA muxbiriga maʼlum qilishicha, afsuski, bugun ayrim tadbirkorlik subyektlari tomonidan mazkur farmoyish talablarini oʻz yoʻrigʻiga solishga urinish natijasida bojxona toʻlovlaridan boʻyin tovlash holatlari ham uchramoqda. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, natriy sulfid tovari oltingugurt boʻyoqlarini ishlab chiqarishda, teri mahsulotidan junli qatlamni ajratib olishda hamda suvni kimyoviy tozalashda ishlatiladi. Natriy sulfit esa, fotografiyada, mato va tola ishlab chiqarishda, rangli metallarga ishlov berishda hamda chiqindi suvlarni zararsizlantirishda qoʻllaniladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi “Nukus” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari bilan hamkorlikda postda rasmiylashtirilgan bojxona yuk deklaratsiyalari tekshirilganida, hududda faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlari nomiga olib kelingan va asli “natriy sulfid” tovari boʻlsa ham yuqoridagi hujjat roʻyxatida koʻrsatilgan “natriy sulfit” tovariga nisbatan qoʻllaniladigan imtiyozga ega chiqmoqchi boʻlib, imtiyozli asosda rasmiylashtirish uchun hujjatlarni bojxona organlariga taqdim etilganligi aniqlandi. Mazkur holatda qoʻshilgan qiymat soligʻidan qariyb 51 million soʻm miqdorida qoʻshimcha bojxona toʻlovi hisoblandi.
Huddi shunday holatda esa yana bitta tadbirkorlik subyekti nomiga olib kelingan va hujjatlarda “imtiyozli tovar” sifatida koʻrsatilgan “natriy sulfid” tovariga 27 million soʻm miqdorida qoʻshimcha bojxona toʻlovi hisoblanadigan boʻldi.
Mazkur holatlar boʻyicha surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA