Yuridik universitetning xorijdagi ilk fakulteti ochildi

Toshkent davlat yuridik universiteti va Tojikiston davlat huquq, biznes va siyosat universiteti oʻrtasida qoʻshma fakultetni tashkil etish boʻyicha shartnoma imzolandi. 
Bu haqda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi xabar berdi.
Qoʻshni davlatda tashkil etilayotgan qoʻshma fakultetda nafaqat Tojikiston Respublikasi, balki boshqa xorijiy mamlakatlarning fuqarolari ham oʻqishi mumkin. Oʻqish xalqaro standartlarga muvofiq, ingliz va rus tillarida olib boriladi.
Fakultetda kadrlar tayyorlash “bakalavriat” bosqichida “3+1” va “magistratura” mutaxassisliklarida “1+1” ikki tomonlama diplom dastur doirasida amalga oshiriladi va bitiruvchi talabalar har ikki universitet diplomini qoʻlga kiritadi.
Tojikiston davlat huquq, biznes va siyosat universiteti Xoʻjand shahrida joylashgan boʻlib, 6 ta fakultet, 3 ta oʻquv korpusi va 11 ta oʻquv laboratoriyasini oʻz ichiga oladi. Universitetda 388 nafar professor-oʻqituvchi, jumladan, 148 nafar fan nomzodi va doktori faoliyat yuritadi.

 

OʻzA