150 nafar vatandoshimiz Rossiyadan olib kelinadi

Rossiya Federatsiyasidan Oʻzbekistonga qaytish istagida boʻlgan hamyurtlarimizni olib kelish maqsadida Transport vazirligi huzuridagi “Uzautotrans service” korxonasi tomonidan 3 ta avtobus Yekaterinburg shahriga joʻnab ketdi.
Bu haqda OʻzAga Transport vazirligi Axborot xizmati maʼlum qildi.
Rejaga muvofiq avtobuslar bugun kechga belgilangan manzilga yetib boradi. Tashkil etilgan maxsus avtobus qatnovi orqali Yekaterinburg, Chelyabinsk, Tyumen shaharlaridan jami 150 nafar fuqaro Oʻzbekistonga olib kelinadi.
Ushbu maxsus avtobus qatnovlari barcha sanitariya qoidalari va Qozogʻiston hamda Rossiya Federatsiyasi tomonidan qoʻyilgan talablarga qatʼiy amal qilgan holda bajarilmoqda.

 

O’zA