Talabalar toʻlov-kontrakt miqdorlarini toʻrt boʻlib toʻlashi mumkin

2020/2021 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalarida toʻlov-kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalar oʻqish uchun toʻlovlarni teng ulushlarda toʻrt boʻlib, quyidagi muddatlarda amalga oshirishlari mumkin. Bu haqda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Jumladan:

belgilangan toʻlov miqdorining kamida 25 foizini talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar uchun 15-sentyabrgacha yoki Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan muddatgacha hamda ikkinchi va undan keyingi bosqich talabalar uchun 1-oktyabrgacha yoki oliy taʼlim muassasasi rektori (filial direktori) tomonidan uzaytirilgan muddatgacha;

belgilangan toʻlov miqdorining kamida 50 foizi 1-yanvargacha, 75 foizi 1-aprelgacha va 100 foizi 1-iyulgacha yoki oliy taʼlim muassasasi rektori (filial direktori) tomonidan uzaytirilgan muddatlargacha;

xorijiy fuqarolar uchun oliy taʼlim muassasasi rektori (filial direktori) tomonidan belgilangan muddatlargacha;

tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarga oʻquv yilining birinchi yarmi uchun toʻlovlarni amalga oshirish muddati va miqdorlari Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi tomonidan va qolgan qismi oliy taʼlim muassasasi rektori (filial direktori) tomonidan belgilangan muddatlargacha amalga oshiriladi.

 

OʻzA