Orolboʻyida oliy taʼlim muassasalari koʻpayadi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 2-oktyabr kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi doirasida hamda Joʻqorgʻi Kengesning navbatdan tashqari sessiyasida belgilab berilgan vazifalar hamda kengaytirilgan yigʻilish bayoni qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga tegishli vazirlik hamda idoralar bilan hamkorlikda 3 oy muddatda Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filialini tashkil etish boʻyicha hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish topshirigʻi berilgan edi.

Shuningdek, ushbu hujjat asosida 2021-2022 oʻquv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universiteti Nukus filiali negizida Qoraqalpogʻiston qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti tashkil etiladi.

Orolboʻyidagi oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida qoraqalpoq xalqining taniqli namoyandalari nomidagi davlat stipendiyalari taʼsis etiladi.

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan mazkur oliy taʼlim muassasasi huzurida ilmiy-tadqiqot, taʼlim, amaliyot va ishlab chiqarishga yoʻnaltirish jarayonlarini oʻz ichiga oladigan “Kimyoviy texnologiya” ilmiy-texnologik laboratoriya klasteri tashkil etiladi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA