Pokiston elchisi bilan uchrashuv

Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Pokiston Islom Respublikasi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Sayid Ali Asad Gʻiloniyni qabul qildi.
Vazir Elchining ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilib oldi.
Suhbat chogʻida Oʻzbekiston – Pokiston munosabatlarining hozirgi holati va munosabatlarni yana-da rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari, shuningdek, BMT, SHHT, Islom Hamkorlik Tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlik istiqboli muhokama qilindi.
Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish masalalari hamda turli darajadagi boʻlajak uchrashuvlar jadvali boʻyicha fikr almashdi.
Oʻzaro tovar ayirboshlash izchil oʻsayotgani hamda ikki tomonlama savdo hajmini yana-da oshirish uchun ulkan salohiyat mavjudligi mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari oʻrtasida muloqot yoʻlga qoʻyishga qiziqish bildirildi.
Afgʻonistonda tinchlik jarayonini ilgari surish hamda ushbu mamlakatda transport-kommunikatsiya va energetika loyihalarini amalga oshirish boʻyicha hamkorlikni kengaytirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy kun tartibining alohida masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

 

O’zA