Ozarbayjon Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasida 7-oktyabr kuni Ozarbayjon va Armaniston oʻrtasida yuzaga kelgan kelishmovchiliklar munosabati bilan brifing tashkil etildi.
Maʼlumki, tan olinmagan Togʻli Qorabogʻ Respublikasi hududi boʻyicha ikki mamlakat oʻrtasidagi bahsli nizo koʻp yillardan beri davom etib kelyapti. Jahon hamjamiyatining mojaroni tinch yoʻl bilan bartaraf etish yoʻlidagi saʼy-harakatlariga qaramasdan, hanuz hal etilmagan muammoli vaziyat joriy yil iyul oyida qaytadan gazak oldi.
Shu davr ichida Ozarbayjon – Armaniston nizosi jarayonida bir necha bor qurolli toʻqnashuvlar kuzatildi, nafaqat harbiy xizmatchilar, balki har ikki tomon tinch aholi vakillaridan ham qurbonlar berildi.
Mazkur qurolli mojaroga nisbatan jahon tinchliksevar hamjamiyati doimiy ravishda oʻz munosabatini bildirib kelmoqda.
Xususan, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish yaqinda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanga murojaat qilib, zudlik bilan oʻt ochishni toʻxtatish va Minsk kelishuvi shafeligida muzokara boshlashga chaqirdi. Shuningdek, u mintaqaga tezda YEXHT kuzatuvchilarini yuborish lozimligini taʼkidladi.
Turkiy kengash Bosh kotibi Bagʻdad Amreyev ham ushbu voqealarga nisbatan oʻz fikrini bayon etdi. Bayonotda ushbu tuzilma xalqaro huquq meʼyorlari va tamoyillariga hamisha sodiq ekani taʼkidlanib, mojaro tez orada hal etilishiga umid bildirildi.
Tabiiyki, Oʻzbekiston ham qardosh Ozarbayjon va MDH boʻyicha hamkorimiz Armaniston xalqlari taqdiriga befarq boʻlmagan. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining shu munosabat bilan bergan bayonotida, jumladan, shunday deyiladi: “Ozarbayjon Respublikasi va Armaniston Respublikasi munosabatlaridagi keskinlikning oshishi Oʻzbekiston Respublikasida jiddiy tashvish uygʻotmoqda. Oʻzbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligida raislik qilayotgan davlat sifatida MDH hududida doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari va oʻzaro ishonch mustahkamlanishi, bahsli masalalar xalqaro huquq normalariga qatʼiy mos ravishda tinch yoʻl bilan hal qilinishi muhimligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Ozarbayjon Respublikasi va Armaniston Respublikasini harbiy harakatlarni tezda toʻxtatishga hamda mojaroni suverenitet va hududiy yaxlitlik tamoyillariga rioya qilgan holda tinch yoʻl bilan bartaraf etish maqsadida diplomatik muzokaralarni boshlashga chaqiramiz.”
Brifing davomida OAV vakillarining mavzuga oid savollariga javob qaytarildi.
Uchrashuv yakunida qardosh Oʻzbekistonning ayni masaladagi xayrixoh pozitsiyasi maʼlumligi va bu yondashuv hozir ham oʻzgarmay qolayotgani eʼtirof etildi. Shu munosabat bilan Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevdan va butun oʻzbek xalqidan chuqur minnatdor ekanini izhor etgan.
Gʻ.XONNAZAROV, Oqil GʻULOMOV (surat), OʻzA