Fuqarolar odatda yordam puli, nogironlik nafaqasi va hatto davlat idoralariga ishga joylashish uchun ham tegishli tashkilotlardan bir qator maʼlumotnomalar toʻplab yurishga majbur boʻladilar. Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro yordam puli olish uchun 14 ta idoradan maʼlumotnoma toʻplashi soʻralgani haqidagi xabarlar koʻpgina bahs-munozaralarga sabab boʻldi.
Biroq, 2020-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tomonidan jami 28 turdagi hujjatlarni fuqarolardan talab qilishi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan esa ularning berilishiga yoʻl qoʻyilmasligi belgilangan edi. Shunga qaramasdan mahalla idoralarida turli “spravka”larni talab etilishi qanchalar oʻrinli?
Ushbu savol bilan OʻzA muxbiri Adliya vazirligi xodimlariga murojaat qildi.
Adliya vazirligi boshqarma boshligʻi Furqat Tojiyevning soʻzlariga koʻra, mahalla idoralarida yordam puli uchun 14 xil maʼlumotnoma soʻralishi qonunga zid ishdir.
“Mahalla idoralari yoki oʻzini oʻzi boshqarish organidan ortiqcha maʼlumotnomalar talab qilinishi hollari kuzatilmoqda. Bizda aslida kim yordam puliga muhtoj ekanligi aniq, koʻpchilik oʻzining muhtoj qoʻshnisini yaxshi biladi. Odatda, yordam pulini ajratish boʻyicha maxsus komissiya tuziladi. Maxsus komissiyaning vazifasi ajratilayotgan yordam pulini munosib fuqaroga berishni taʼminlashdan iborat. Komissiya oʻzi hujjatlarni oʻrganishi va toʻplashi lozim. Daromadi bormi yoki yoʻqmi komissiyaning oʻzi aniqlashi lozim.
Ammo, hamma mahallada ham shunday emas. Yaqinda tashkil etilgan Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligiga yordam pullarini ajratish vazifasi yuklatilgan. Oʻylaymanki, yangi vazirlik bunday kamchiliklarga yoʻl qoʻymaydi. Qator maʼlumotnomalar toʻplashni fuqaro zimmasiga yuklamaydi. Bu faqatgina ayrim mahalla idoralarining shaxsiy tashabbusi boʻlishi mumkin. Agar, shunday alohida holat boʻladigan boʻlsa, fuqarolar Adliya vazirligining ishonch telefonlariga murojaat qilishlari mumkin. Buning uchun tegishli javobgarliklar bor. Komissiya oʻzining vazifasini insofsizlarcha fuqarolarga yuklashi toʻgʻri emas. Bu holda yuqorida aytganimizdek tegishli idoralarga, huquqni muhofaza qilish organlariga ham murojaat qilish mumkin”, deya javob berdi Adliya vazirligi boshqarma boshligʻi Furqat Tojiyev.
Shuningdek, nogironligi bor fuqarolardan nogironlik nafaqasini olish uchun oʻndan ortiq maʼlumotnomalar toʻplashni talab qilish ham Adliya vazirligi masʼul xodimi Anvar Ahmedovning fikricha, qonunga zid ishdir. Fuqaroning nogironligini tasdiqlovchi va boshqa tegishli maʼlumotnomalar maxsus komissiya aʼzolari tomonidan toʻplanishi shart. Bu borada huquqbuzarlikka duch kelgan fuqarodan Adliya vazirligi ishonch telefonlariga murojaat qilish soʻraladi.
Anora Sodiqova, OʻzA