Qarorga muvofiq, turizm sohasi subyektlarining kreditlari boʻyicha quyidagi foiz xarajatlarining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan, biroq 10 foizlik punktdan ortiq boʻlmagan qismi kompensatsiya qilinadi:
– joylashtirish vositalarini qurish uchun oldin berilgan kreditlar boʻyicha 2020-yil 1-iyundan 2022-yil 1-yanvargacha boʻlgan foiz xarajatlari;
– yangi sanitariya-gigiyena talablariga muvofiqlashtirish uchun beriladigan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlari;
– aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun beriladigan 1 milliard soʻmgacha miqdordagi kreditlar boʻyicha 2020-yil 1-iyundan 31-dekabrga qadar boʻlgan foiz xarajatlari.
Shuningdek, joylashtirish vositalarini qurish uchun oldin berilgan kreditlar boʻyicha 2020-yil 1-martdan 1-iyungacha boʻlgan davrda foiz xarajatlari toʻliq hajmda kompensatsiya qilinadi.
Ushbu kompensatsiyalar turizm sohasi subyektlarining kreditlari soni va hajmidan, shuningdek, oldin berilgan va (yoki) berilayotgan kompensatsiyalar sonidan qatʼi nazar ajratiladi.
Qaror bilan turoperatorlar, turagentlar va joylashtirish vositalari xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar berishning vaqtinchalik tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi.
Nizomga muvofiq, subsidiyalar:
– turoperatorlarga – avia va temir yoʻl chiptalari xarajatlarining bir qismini qoplash uchun;
– turoperator va turagentlarga – Oʻzbekistonga olib kelingan va xizmat koʻrsatilgan har bir xorijiy turist uchun;
– joylashtirish vositalariga – joylashtirish xizmatlari (mehmonxona xizmatlari) uchun ajratiladi.