Oʻzbekiston Prezidentining Rossiya Prezidenti bilan telefon orqali muloqoti toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-oktyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Rossiya yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, doʻst Rossiya xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

Muloqot chogʻida Oʻzbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yana-da mustahkamlashning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi, xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.

Joriy yil iyul oyida Moskva shahridagi uchrashuv chogʻida erishilgan kelishuvlarga muvofiq boʻlajak oliy darajadagi muloqotlarga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha birgalikdagi faol ishlarni davom ettirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Pandemiya oqibatlariga qaramay, oʻzaro tashriflar amalga oshirilayotgani, Oʻzbekiston va Rossiyaning yetakchi kompaniya va korxonalari oʻrtasidagi investitsiyaviy hamkorlik koʻlami va tovar ayirboshlash hajmi kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Taʼlim va madaniy almashinuvga doir muhim dasturlar amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston Prezidenti koronavirusga qarshi kurashishda koʻrsatilgan amaliy yordam, jumladan, Rossiyadan vrach va mutaxassislarning katta guruhi yurtimizga joʻnatilgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Davlat rahbarlari ikki mamlakat vazirlik va idoralari darajasida, shu jumladan joriy oyda boʻlib oʻtadigan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisi doirasida yaqindan muvofiqlashuv va hamkorlikni davom ettirish muhimligini taʼkidladilar. Bunda, avvalo, koʻp qirrali munosabatlarning ustuvor dastur va loyihalarini, biznes va hududlar kooperatsiyasini kuchaytirish boʻyicha uzoq muddatli “yoʻl xaritasi” tayyorlashni jadallashtirish nazarda tutiladi.

Davlat rahbarlari, shuningdek, mintaqada yuzaga kelayotgan vaziyatni muhokama qildilar, boʻlajak tadbirlar rejasini koʻrib chiqdilar.

Suhbat har doimgidek samimiy va doʻstona ruhda oʻtdi.

 

O’zA