B.Yangiboyev: Shumanayni “qoniqarsiz” hududdan “oʻrta” hududga oʻtkazishga vaʼda beramiz

 Jamoatchilik nazorati
Xalq deputatlari Shumanay tumani Kengashining navbatdagi sessiyasi boʻlib oʻtmoqda.
Tuman aholisining 6,4 foizini kambagʻal oilalar tashkil qilib, pandemiya sharoitida 596 ta oila “temir daftar”ga kiritilgandi, joriy yilning oʻtgan davrida tumandagi saxovatpesha tadbirkorlar va mutasaddi tashkilotlar tomonidan olib borilgan ishlar natijasida jami 296 ta oila “temir daftar”dan chiqarildi. Bu haqda Shumanay tumani hokimi B.Yangiboyev maʼlum qildi.
– Bugungi kunda qoʻshimcha oʻrganishlar natijasi bilan birga “temir daftar”da jami 351 ta oila boʻlib, ulardagi mehnatga layoqatli 421 nafar ishsizni yil yakuniga qadar sohalar boʻyicha ishga jalb etib, ularning doimiy daromadga ega boʻlishini taʼminlash yuzasidan barcha zaruriy chora-tadbirlarni belgilab olganmiz, – dedi B.Yangiboyev. – Buning natijasida yil yakunigacha yana 245 oilani “temir daftar”dan chiqarishni rejalashtirganmiz. Tumanimizda yil yakuni bilan “temir daftar”da 106 oila, yaʼni tuman aholisining 1,1 foizi, shu jumladan, 35 ta davlat yordamiga muhtoj kambagʻal oila qolishi kutilmoqda.
Yuqoridagi belgilab olingan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida joriy yil yakuniga qadar 165,1 milliard soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, oʻtgan yilga nisbatan qariyb 3,1 barobarga oshirilishi taminlanadi. Shuningdek, eksport boʻyicha belgilangan reja koʻrsatkichlari 7,1 million dollarga yetkazilib, oʻtgan yilga nisbatan 4,5 karraga koʻpaytirish moʻljallanmoqda. Byudjetga asosiy tushumlar rejalaridan tashqari 2,0 milliard soʻm qoʻshimcha tushumlar amalga oshiriladi, shuningdek, tumanda ishsizlik darajasi 13,1 foizdan 9,5 foizga kamaytirilishiga erishiladi.
Buning samarasida reyting koʻrsatkichlaridan yuqori ball olinib, yil yakuni bilan tumanimiz ”qizil” hududdan “sariq” hududga chiqarilishi taʼminlanadi.
Joriy yil 2-oktyabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etib, respublikani kelgusida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning 10 ta ustuvor yoʻnalishini belgilab berdi.
Shuningdek, tumanlarni yana-da ravnaq toptirish maqsadida mazkur asosiy “oʻsish nuqtalari” belgilanib, ushbu yoʻnalishdagi tadbirkorlik subyektlari 3 yil muddatga yer soligʻi, mol-mulk soligʻi, kichik korxonalarning aylanmasidan olinadigan soliq, yakka tartibdagi tadbirkorlarning qatʼiy miqdordagi daromad soligʻidan va bojxona toʻlovlaridan ozod etilishini taʼkidladi.

 

OʻzA