Jamoatchilik nazorati
Xalq deputatlari Shumanay tumani Kengashining navbatdagi sessiyasi boʻlib oʻtmoqda.
Avval xabar qilganimizdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 1-maydagi qaroriga asosan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimi joriy etilgan va unga muvofiq, Shumanay tumanida mavjud holat “qoniqarsiz” deb topilgan.
Davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 24-sentyabr kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida “qoniqarsiz” deb topilgan tuman, shahar rahbarlariga jamoatchilik oldida kamchiliklarni tan olib, uni bartaraf etish chora-tadbirlari haqida maʼlumot berishi zarurligi vazifasi topshirilgan edi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi vakillari va Qonunchilik palatasi aʼzolari, xalq deputatlari vakillari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi masʼullari, tuman faollari, shuningdek, OAV xodimlari ishtirok etayotgan sessiyada sektor rahbarlari yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar yuzasidan aholiga murojaat qilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan vazifalar boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni taqdim etdi.
Shumanay tumani nega “qoniqarsiz” hududga tushib qolgan? Tuman hokimi Bahodir Yangiboyev buning sabablarini maʼlum qilib, undan chiqish boʻyicha rejasini bayon qildi.
– Tuman sakkiz yoʻnalishda qoniqarsiz deb topilgan, – dedi B.Yangiboyev. – Oʻtgan yillar davomida qaysi bir joylarda kamchiliklarimiz boʻlgan, qaysi bir joylarda harakatimiz boʻlmagan, shularning natijasida ushbu ahvolga tushib qolganmiz.
Bugun biz hammamiz, yaʼni 4 ta sektor rahbari “qoniqarsiz” hududga tushib qolishimizga sababchi boʻlganimiz uchun xalqimiz oldida kechirim soʻraymiz.
Albatta, xalqimiz yaxshi yashashga haqli. Ushbu holatlardan chiqish, xalqimizning farovon turmush kechirishini taʼminlash, ishsizlikni va kambagʻallikni qisqartirish uchun sektor rahbarlari va mutasaddilar bilan birgalikda oʻz rejalarimizni ishlab chiqdik.
Davlatimiz rahbarining oʻtgan yillar davomida respublikamizga, jumladan, tumanimizga tashriflari chogʻida berilgan topshiriqlari asosida ishlab chiqilgan dasturlarga muvofiq, tumanda tadbirkorlikning jadal rivojlanishiga, ishlab chiqarish, qayta ishlash korxonalarining tashkil etilishi aholi bandligini taʼminlash, ularning daromadlarini oshirishga omil boʻlmoqda.
Jumladan, 2017-2019-yillarda tumanimizda har biri sutkasiga 1-1,5 tonna sutni qayta ishlash quvvatiga ega 2 ta sutni qayta ishlash korxonasi, 2 ta yirik parrandachilik kompleksi, 2 ta zamonaviy issiqxona, 1 ta briket ishlab chiqarish korxonasi, 1 ta poyabzal ishlab chiqarish sexi, sigʻimligi 150-200 tonnalik 2 ta muzlatgich va qizil miya ildizini qayta ishlash korxonasi ishga tushirildi.
Iqtisodiy rivojlanish va samaradorlik koʻrsatkichlari boʻyicha hududiy sanoat mahsulotlari hajmi 2019-yilda 56 milliard 541 million soʻmni tashkil qilib, aholi jon boshiga 1 million 11 ming soʻmga toʻgʻri kelgan boʻlsa, bu koʻrsatkichning Qoraqalpogʻiston Respublikasi sanoatidagi ulushi 0,46 foizni tashkil etdi.
2017-2019-yillarda amalga oshirilgan loyihalarimiz 2020-yilga kelib oʻzining dastlabki samarasini berib, natijalarini koʻrsatmoqda. Xalq xoʻjaligi sohalarida olib borilgan islohotlar natijasida tumanimizning eksport salohiyati ortib, eksport geografiyasi kengaymoqda.
Mazkur yoʻnalish boʻyicha joriy yilning oʻzida bir qator ishlar amalga oshirildi, yaʼni oʻtgan 9 oy davomida 25 ta sanoat korxonasi yangidan tashkil qilindi. Shu kunga qadar tumanda umuman yirik korxonalar yoʻq boʻlsa, joriy yilning mart oyida “Shumanay ekoteks” korxonasi tomonidan qiymati 20,9 million dollarlik quvvati 7 ming 300 tonna ip kalava ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirildi va natijada 480 ishsiz doimiy ish bilan taʼminlandi. Oʻtgan davr mobaynida 80 milliard soʻmlik (3,4 ming tonna) mahsulot ishlab chiqarilib, 2,1 million dollarlik mahsulot Xitoy, Rossiya, Turkiya va Belarus davlatlariga eksport qilindi.
Bundan tashqari joriy yil 3-avgust kuni “Liantay likrays” korxonasida 100 foiz xorijiy investor mablagʻlari hisobiga loyiha qiymati 1,2 million dollarlik qizilmiya ildizini qayta ishlashda yiliga 400 tonna SJA kukunini ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi, 60 ish oʻrni yaratildi. Korxonada shu kunga qadar 117 ming dollarlik mahsulot eksporti amalga oshirildi va yil yakuniga qadar 1,3 million dollar qiymatdagi mahsulotlar eksportga chiqarilishi taʼminlanadi. kelgusi yildan mahsulotlar turi va hajmi koʻpaytirilib, yiliga 350 litr GLABRIDIN kislotasini ishlab chiqarish yoʻlga quyiladi va ishchi oʻrinlari soni 120 taga yetkazilishi va yiliga 3,0 million AQSH dollari miqdorida eksportga mahsulotlar chiqarish imkoni tugʻiladi.
Ushbu yoʻnalishdagi ishlarimizni davom ettirgan holda 2021-yilda yana bitta yirik sanoat ishlab chiqarish korxonasini ishga tushirish boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Yaʼni “Shumanay teks” korxonasida 2021-yilda loyiha qiymati 5,9 million dollarlik yiliga 3,5 million m2 brezent va gabardin mato ishlab chiqarish loyihasini ishga tushirish ishlari olib borilmoqda. Ushbu amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarimiz natijasida hududiy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi oʻtgan yilga nisbatan shu yil 2,8 karraga (165,1 milliard soʻm) oʻsishi, aholi jon boshiga esa 1 million soʻmdan 2,9 million soʻmga oshirilishi kutilmoqda.
Bularning natijasida 2016-yilda 78 ming dollarlik mahsulot eksport qilingan boʻlsa, 2019-yilda 1,6 million dollar, joriy yilda boʻlsa 3,6 million dollar miqdoridagi mahsulot eksportga yoʻnaltirildi. Eksport hajmi 2016-yilga nisbatan 38 karraga koʻpaydi va jon boshiga eksport hajmlari 29 dollardan joriy yilda 61 dollarga yetkazildi. Yil yakuni bilan 5,0 million dollarlik mahsulotlar eksportini amalga oshirish va jon boshiga koʻrsatkichni 126,5 dollarga yetkazishni belgilab oldik.
Tumanda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish, xizmatlar sohasini, qishloq xoʻjaligi sohalarida tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha 2020-2023-yillarga moʻljallangan dasturlar va tumanni kelgusida rivojlantirish boʻyicha asosiy oʻsish nuqtalari belgilab olindi.
Ishlab chiqilgan dasturlarga va oʻsish nuqtalariga muvofiq 2020-2021-yillarda qiymati 149 milliard soʻmlik 72 loyihani amalga oshirish va 922 ta yangi ish oʻrni yaratish belgilandi.
Jumladan, tumanning asosan qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashganligini inobatga olib bozor oʻrganib chiqilganda, bugungi kunda kunjut yogʻiga boʻlgan talab katta ekanligini aniqladik. Shuni inobatga olib tumanda paxta orasida va ochiq maydonda kunjut yetishtirish va yetishtirilgan kunjutni qayta ishlash va kunjut yogʻini eksportga chiqarish belgilab olinmoqda.
Shu maqsadda tumanimizda “Shumanay kunjut ekspo” MCHJ tomonidan klaster tashkil qilib, Turon bank tomonidan kunjut yogʻini ishlab chiqaruvchi uskunalar olish va kunjut yetishtirish uchun avans kredit ajratilishi belgilandi.
Shu yilning oʻzida hozir mavjud 2 ta zamonaviy issiqxonada qoʻshimcha ravishda 1,5 gektar va 2021-yilda 3 gektar maydonda zamonaviy limonariy tashkil etish va, shuningdek, chorvachilik sohasini rivojlantirish uchun qiymati 12,2 milliard soʻmlik 8 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 343 ta nasldor qoramollar olib kelish, shuningdek, xizmatlar koʻrsatish sohasida qiymati 16,4 milliard soʻmlik 19 ta loyihani amalga oshirish koʻzda tutilmoqda. Kelgusi 2 yilda ham bu ishlarni tizimli davom ettirgan holda jami 83 gektar maydonlarda zamonaviy issiqxonalar qurish belgilanmoqda.
OʻzA