Pochta tizimini daromadli sohaga aylantirish choralari muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-oktyabr kuni milliy pochta tizimini isloh qilish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Pochta tizimini xat, joʻnatma va tovarlar yetkazib berish, bank, moliya va davlat xizmatlari koʻrsatishga ixtisoslashtirish orqali soha barqarorligini taʼminlash muhim masala hisoblanadi. “Oʻzbekiston pochtasi” AJ tizimida mamlakatimizning barcha hududlarini qamrab olgan 2 mingdan ziyod boʻlinma, 7 ming nafar xodim bor. Lekin yillar davomida eʼtibor berilmagani oqibatida pochta xizmatining oʻrni pasayib ketdi. Xususan, soʻnggi oʻn besh yilda 1 ming 300 ta pochta boʻlinmasi yopilgan. Oʻtgan yili xorijdan kelgan 6 ming tonna joʻnatmalarning atigi 10 foizi, kuryerlik xizmatlarining 30 foizi milliy pochta hissasiga toʻgʻri kelgan.

Shu bois joylardagi ahvol oʻrganilib, Osiyo taraqqiyot banki ekspertlari ishtirokida pochta tizimini isloh qilish boʻyicha takliflar tayyorlandi. Yigʻilishda ushbu chora-tadbirlar Sergeli, Yangiqoʻrgʻon va Toshkent tumanlari pochtasi misolida taqdimot qilindi.

Davlatimiz rahbari pochta tizimini rivojlantirish uchun uni daromad keltiradigan sohaga aylantirish zarurligini taʼkidladi. Xususiy operatorlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, qoʻshimcha xizmatlarni taqdim etish orqali pochta boʻlimlari daromadini oshirish mumkinligi aytildi.

Masalan, hozirgi kunda elektron savdo rivojlanmoqda. Internet orqali sotib olingan tovarni egasiga yetkazib berishga doim talab bor. Qolaversa, yurtimizga kirib kelgan xalqaro tashuvchi kompaniyalarning hududlarda filiallari yoʻq. Bu imkoniyatlardan oqilona foydalanib, pochta joʻnatmalari va mahsulotlarni yakuniy manzilga yetkazib berishni yoʻlga qoʻyish yaxshi samara beradi.

– Pochta sohasidagi eng asosiy vazifa odamlarning ogʻirini yengil, uzogʻini yaqin qilishdir, – dedi Prezident.

Yigʻilishda yakuniy manzilga yetkazish tizimini tumanlarda tajribadan oʻtkazib, kelgusi yil 1-martdan viloyat markazlarida, 1-iyuldan mamlakat boʻyicha joriy etish rejasi belgilandi. Buning uchun joʻnatmalarni qabul qilish, saralash va onlayn kuzatish imkonini beruvchi avtomatlashgan axborot tizimini ishga tushirish kerakligi taʼkidlandi.

Shuningdek, yil yakunigacha milliy onlayn savdo maydonchasini joriy etish boʻyicha topshiriq berildi. Bu tizim orqali tadbirkorlar ishlab chiqargan mahsulotini respublika boʻyicha savdoga chiqaradi, milliy operator ularni manziliga yetkazib beradi. Bunda “Oʻzbekiston pochtasi” xaridor va sotuvchi oʻrtasida kafil boʻladi. Shu maqsadda kelgusi yili Toshkent shahrida logistika markazini tashkil etish zarurligi qayd etildi.

Soha daromadini taʼminlash uchun yana bir manba – uncha murakkab boʻlmagan davlat xizmatlarini pochta boʻlimlarida ham yoʻlga qoʻyish. Shu nuqtayi nazardan, “Oʻzbekiston pochtasi” AJning olis hududlardagi 300 ta boʻlinmasida 13 xil davlat xizmati koʻrsatishni tashkil etish boʻyicha topshiriq berildi. Shuningdek, dastlab Sergeli, Yangiqoʻrgʻon va Toshkent tumanlaridagi pochta boʻlinmalarida naqd pul inkassatsiyasi, plastik karta amaliyoti kabi bank xizmatlarini joriy etish vazifasi qoʻyildi.

Soʻnggi toʻrt yilda “Oʻzbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan matbuot tarqatish hajmi 3 barobarga kamayib, uning jami matbuot tarqatishdagi ulushi 13 foizni tashkil etmoqda.

Mutasaddilarga bosma nashrlarni qoʻllab-quvvatlash uchun matbuot tarqatish tizimini rivojlantirish, davriy nashrlarga onlayn obuna xizmatini yoʻlga qoʻyish muhimligi taʼkidlandi.

Yangi pochta xizmatlarini yoʻlga qoʻyish uchun xodimlarni qayta tayyorlash, pochta binosini davlat-xususiy sheriklik asosida tadbirkorlar bilan birga ishlatish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.

OʻzA