– UzWaterAware loyihasi doirasida oʻtgan yil noyabr oyidan buyon butun Oʻzbekiston boʻylab maktablarda “Suvni eʼzozlang” shiori va xeshtegi ostida ekologik darslar oʻtkazib kelmoqdamiz, – deydi MOMEMning Oʻzbekistondagi filiali direktori Shahnoza Umarova. – Bundan maqsad oʻquvchilarda iqlim oʻzgarishi sharoitida suvdan oqilona foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilishning ahamiyati toʻgʻrisida eʼtiborini jalb qilish va xabardorligini oshirish.Har bir tadbir doirasida UzWaterAware loyihasi suv resurslari cheklangan hududlarda “Covid –19” ning oldini olish mavzusiga alohida eʼtibor qaratildi. Himoya niqoblari va antiseptik vositalardan tashqari ishtirokchilarga har xil eslatma bukletlari berildi.
Bolalarning barchasi loyihaning sovgʻalarini, jumladan, Bolalarga suv haqida illyustratsiyalangan kitoblarini qabul qilib olishdi. Aynan shu kitoblar suv va suvdan oqilona foydalanish haqidagi oʻziga xos yoʻriqnoma tariqasida katta sinf oʻquvchilariga suvni asrash va eʼzozlashning ahamiyati haqida eko-darsda olingan bilimlarni qarindoshlar va doʻstlar oʻrtasida tarqatish imkonini beradi.
Eʼtiborli jihati suvdan oqilona foydalanish toʻgʻrisidagi kitob hamda COVID-19 infeksiyasidan himoyalanish boʻyicha koʻrsatma bukleti qoraqalpoq tilida ham tayyorlangan.
Mazkur kitob Oʻzbekistondagi yagona ekologik jurnali “Rodnichok” (oʻzbekcha “Buloqcha”) hamda Oʻzbekiston Ekologik harakati hamkorligida tayyorlangan.
Bolalar uchun qulay boʻlgan tilda, rang-barang shakldagi kitob dunyo suv zaxiralari, Oʻzbekistonning asosiy suv yoʻllari haqida maʼlumot beradi. “Virtual suv” nima ekanligini, suvni tejaydigan texnologiyalar haqida hikoya qiladi, shuningdek, kitobda koʻplab qiziqarli maʼlumotlar, suv bilan tajribalar, topishmoqlar, krossvordlar va boshqalar mavjud.
Mazkur kitobning oʻzbek va rus tillaridagi havolalari mavjud.
Loyiha tomonidan tayyorlangan videoroliklarda suvni qanday asrash va undan oqilona foydalanish boʻyicha tushunchalar berilgan. Bolalar mazkur animatsion rolik qahramonlari Hasan va Husanning uyiga tashrif buyurib, ular bilan birgalikda har kuni uy ehtiyojlari hamda isteʼmol mollari ishlab chiqarish uchun qancha suv sarf etilishini kuzatishi mumkin. Shuningdek, qishloq xoʻjaligi uchun qancha suv sarf etiladi va ushbu yoʻqotishlarni qanday qilib kamaytirish mumkinligini bilib oladi.
Qoraqalpogʻiston Amudaryoning quyi qismida joylashganligi bois suv tanqisligi muammosidan koʻproq aziyat chekadi. Birgina Orol dengizining halokatli oqibatlari mintaqada yashovchi aholiga suvning qanchalik muhim ekanligini koʻrsatdi. Lekin, mintaqada asosiy tirikchilik dehqonchilik boʻlganligi bois suv resurslarining asosiy, ammo har doim ham tejamkor boʻlmagan isteʼmolchisi – qishloq xoʻjaligi sohasi ancha faol rivojlantirilmoqda. Shu sababli qishloq xoʻjaligida suv resurslariga oqilona yondashuv mavzusiga bagʻishlangan yorqin va qabul qilinishi oson boʻlgan animatsion roliklar bolalarda katta qiziqish uygʻotdi.
– Qoraqalpogʻistonda dehqonchilik uchun suvning qadrni baland. Biz loyiha doirasida amalga oshirayotgan harakatlarimiz orqali aholining suvdan oqilona foydalanish va atrof-muhitni barqaror rivojlantirish boʻyicha xabardorlik va sheriklikni oshirishni maqsad qilganmiz, – deydi MOMEMning PR-eksperti Rezida Erdman.
2018-yil may oyida mazkur loyiha asosida oʻzbekistonlik ommaviy axborot vositalari jurnalistlari uchun Orolboʻyi va Orol dengiziga axborot-namoyish media-turi oʻtkazilgan edi. Ushbu tadbirda 35 kishi, jumladan, Oʻzbekistonning turli ommaviy axborot vositalari vakillari (bosma va internet nashrlari, televideniye, bloggerlar), Oʻzbekiston Respublikasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi vakillari, shuningdek Oʻzgidromet mutaxassislari ishtirok etdi.
2019-yil dekabr oyida esa Qoraqalpogʻistonning Amudaryo tumanidagi 9-maktabning katta sinf oʻquvchilari UzWaterAware loyihasining ochiq eko-darsi ishtirokchilariga aylandi.
Eslatib oʻtamiz, UzWaterAware loyihasi MOMEM tomonidan Yevropa Ittifoqi koʻmagida 2016-yildan buyon amalga oshirilib kelinmoqda. Loyihaning milliy hamkori – Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vazirligi.