Jahon hamjamiyatiga manzur takliflar

Prezidentimiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida oʻzbek tilida nutq soʻzlab, har bir insonning asosiy huquq va erkinliklarini va farovonligini taʼminlaydigan adolatli global tizimni birgalikda yaratish maqsadi koʻzlangan bir qator strategik masalalar haqida muhim tavsiyalarni berdi.
Jumladan, hozirgi tahlikali va murakkab vaziyat yer yuzidagi barcha davlatlar va xalqlarga oʻzaro bogʻliq ekanini, oʻrtamizda muntazam muloqot, ishonch va yaqin hamkorlik oʻta muhimligini, shu yoʻlda hukumatlar, parlamentlar va fuqarolik jamiyatlarining oʻzaro saʼy-harakatlarini birlashtirish, umumiy masʼuliyat tamoyillarini mustahkamlash, xalqaro sheriklikni muvofiq holda rivojlantirish zarurligini asoslab berdi.
BMT shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish hamda ushbu hujjatda har bir davlatning oʻz fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldidagi majburiyatlarini aks ettirish taklifi va tashabbusini eʼlon qildi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari Oʻzbekistonda davlat boshqaruvining zamonaviy modelini amalga oshirishda Parlament faoliyati, siyosiy partiyalar faolligi, fuqarolik jamiyati institutlarining roli, korrupsiyaga qarshi kurashish hamda yoshlarga oid yangicha islohotlarning ahamiyati, shuningdek, mamlakatning mintaqaviy xavfsizlik va milliy bagʻrikenglikni taʼminlashga qaratilgan siyosat tarafdori sifatida sobitqadam va ishonchli yoʻldan borayotganini baralla taʼkidladi.
Nutqda Oʻzbekiston misolida davlatlararo munosabatlar negizida kambagʻallikni qisqartirish siyosatining ustuvor jihatlari toʻgʻrisida muhim takliflar oʻrtaga tashlandi.
Ayniqsa, insoniyat boshiga tushgan hozirgidek hayot va iqtisodiyotning halokatli, tahlikali davri – global pandemiya sharoitida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash butun mamlakatlarning birinchi navbatdagi maqsadi boʻlishi kerakligi, bu maqsad atrofida dunyo davlatlari birlashishi kerakligi Bosh Assambleya minbaridan turib asoslantirildi. Shunday sinovli davrda oʻtayotgan BMT sessiyasida davlatimiz rahbarining dunyoning qudratli va ilgʻor davlatlari liderlari qatorida nutq soʻzlashi, jahondagi eng yuksak minbardan turib xalqaro miqyosda dolzarb boʻlib turgan muammolarga yechim boʻladigan aniq taklif-tashabbuslarni ilgari surganini butun jamoatchiligimiz qatorida OʻzNNTMA, shu jumladan aʼzo NNTlar tomonidan katta mamnuniyat bilan kutib olindi.
Prezidentimiz nutqlarida jamiyatni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilish boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlarimiz natijasida yangi Oʻzbekiston shakllanayotganligi, bugungi kunda mamlakatimizdagi demokratik oʻzgarishlar ortga qaytmaydigan tus olganligi dunyo hamjamiyatiga qatʼiy ishonch bilan eʼlon qilindi. Shuningdek, oʻtgan yili Parlamentga oʻtkazilgan saylovlar aholi va partiyalarning siyosiy faolligi, fuqarolik jamiyati institutlarining roli, ommaviy axborot vositalarining taʼsiri oshganini namoyish etganligi asoslab berildi.
Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekiston Rahbarining BMT minbaridan yangragan tarixiy nutqi va tashabbuslari NNT faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish va jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish uchun ham kuchli turtki boʻladi. Qolaversa, bularning barchasi mamlakatimizni har tomonlama va jadal rivojlantirishda fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini tubdan yuksaltirish, ularning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan hamkorligini kuchaytirish, shuningdek, Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarni bosqichma-bosqich amalga oshirishga xizmat qiladi, deb oʻylaymiz.
Muhabbat BOBOMURODOVA,
Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari
milliy assotsiatsiyasi bosh mutaxassisi.

 

OʻzA