Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-oktyabr kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etish, hududdagi bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish uchun Nukus shahriga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari dastlab Nukusda barpo etilgan Opera va baxshichilik sanʼatiga ixtisoslashtirilgan maktab bilan tanishdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan barcha sohalarda boʻlgani kabi baxshichilik sanʼati rivojiga ham katta eʼtibor qaratilyapti. Yurtimizda har ikki yilda bir Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini oʻkazish yoʻlga qoʻyildi, Termiz shahrida oʻtgan yili baxshichilik sanʼati maktabi faoliyat boshladi, bu yerda Respublika baxshichilik sanʼati markazi barpo etilmoqda. Markaz huzurida baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi ham tashkil etiladi. Bu kabi xayrli ishlar ajdodlarimiz asrlar davomida eʼzozlab kelgan noyob sanʼatni dunyoga keng tarannum etish, yoshlarimizning sohaga qiziqishini oshirishda muhim omil boʻlmoqda.
Baxshi-jirovchilik qoraqalpoq xalqining qadimiy milliy sanʼat turlaridan biri hisoblanadi. Ushbu xalq folkloriga xos dostonlar elga mashhur baxshi-jirovlar tomonidan ijro qilinib, ustoz-shogird anʼanasi orqali bizgacha yetib kelgan. Ushbu sanʼat turini asrab-avaylash, qadimiy dostonlarni yoshlarimiz ongiga singdirish va ularni milliy anʼanalar ruhida tarbiyalash, baxshichilik sohasida dunyoga taniqli sanʼatkorlarni yetishtirish maqsadida oʻtgan yili Nukus shahrida Opera va baxshichilik sanʼatiga ixtisoslashtirilgan maktab qurilishi boshlangan edi.
Joriy yil qurib bitkazilgan maktab operaga ham ixtisoslashtirildi, chunki Qoraqalpogʻistonda opera janrida oʻziga xos maktab yaratilgan, Muyassar Razzoqova, Kenesbay Serjanov, Oygul Nodirova, Jenisbek Piyazov singari elga taniqli opera xonandalari yurtimiz sanʼatini dunyoga yoyishga hissa qoʻshib kelmoqda.
150 oʻrinli taʼlim maskanida 50 oʻrinli yotoqxona va oshxona mavjud. 2021/2022 oʻquv yilida maktab-internatning 5, 6 va 7-sinflariga, 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab esa 5-sinfiga opera yoʻnalishiga 10, baxshichilik yoʻnalishiga 20 nafardan oʻquvchi tanlov asosida qabul qilinadi.
Davlatimiz rahbari ixtisoslashtirilgan maktabning 150 oʻrinli konsert zali va sinfxonalarini koʻzdan kechirdi. Har bir tumanda maktab filiallarini tashkil etish, ularda isteʼdodli yoshlarni tarbiyalab, keyinchalik respublikada Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi filialini ochish va baxshi-opera yoʻnalishida yetuk kadrlar tayyorlash zarurligini taʼkidladi.
Ayni payt Nukus shahrida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining navbatdan tashqari sakkizinchi sessiyasi davom etmoqda.
Matnazar Elmurodov, OʻzA