STEM – taʼlim infratuzilmasini rivojlantirish loyihasi joriy etiladi

Osiyo taraqqiyot banki tomonidan ZOOM platformasida “Oʻzbekiston Respublikasida STEM taʼlimini rivojlantirish“ mavzusida video-seminar oʻtkazildi.
Xalq taʼlimi vazirligining Osiyo taraqqiyot banki bilan qoʻshma loyihasi doirasida davlat umumtaʼlim maktablarida STEM-taʼlim, yaʼni fan, texnologiya, muhandislik va matematika infratuzilmasini rivojlantirishga 100 million AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda.
Osiyo taraqqiyot bankining Oʻzbekiston Respublikasidagi missiyasi rahbari Sindi Malvichini Xalq taʼlimi vazirligi va Osiyo taraqqiyot banki oʻrtasida xalq taʼlimi sohasida hamkorlik boʻyicha amalga oshirilgan ishlarni yuqori baholadi.
Sindi Malvichini loyiha doirasida oʻquvchilar uchun qulay oʻquv muhitini yaratish maqsadida maktab infratuzilmasi, energiya tejamkor va tabiiy ofatlarga chidamli laboratoriyalar, uskunalar va isitish tizimlarini modernizatsiyalash, STEM ni oʻqitishda oʻqituvchilarni oʻz malakasini oshirish uchun tayyorlash kerakligini qayd etdi.
Shu bilan birga, oʻrta maktab oʻquvchilari tomonidan zamonaviy koʻnikmalarni oʻzlashtirish amaliyotini takomillashtirish, taʼlim sifatini taʼminlash maqsadida davlat umumtaʼlim maktablarini xalqaro baholash talablariga muvofiq moslashtirish shartligini taʼkidladi.
– Mustaqillikka erishgandan keyingi davrda Oʻzbekiston Respublika aholisi 16 million kishiga koʻpaydi, bu qoʻshni mamlakatlarga qaraganda bir necha barobar koʻpdir, – dedi Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov. – Ayni vaqtda Respublika aholisining aksariyat qismi yoshlarni tashkil etib, yaʼni Vazirlik taʼlim sohasida STEM kabi sohalarni joriy etishdan maqsad, zamonaviy iqtisodiyotda zarur boʻladigan va XXI asrda raqobatbardosh boʻlishga imkon beradigan zamonaviy koʻnikmalarga ega boʻlish uchun kelajak avlodga imkoniyat yaratishdir.
Seminarda shoʻbani boshqarish va yetakchilik koʻnikmalarini rivojlantirish, jumladan, STEM xalqaro dasturlariga yoʻnaltirilgan ayrim hududlarda resurs maktablarini yaratish, oʻquvchilarning oʻqish tajribasini yaxshilash va malakasini oshirish uchun boshqa maktablar bilan hamkorlik qilish yuzasidan fikrlashildi.

 

OʻzA