Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining munosabati

Oʻzbek qizlarini Janubiy Koreya fuqarolariga turmushga berish uchun tayyorlayotgan markaz faoliyatiga oid videolavhaga munosabat

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tomonidan olib borilgan oʻrganishlar davomida mazkur videolavha Toshkent shahar Yakkasaroy tumani “H.Sulaymonov” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi 2-Mirobod koʻchasi 35 uyda joylashgan “SEJONG HAKDANG” oʻquv markazida tasvirga olinganligi maʼlum boʻldi.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan, mazkur maskanning oʻzbek qizlarini Janubiy Koreya davlati fuqarolariga turmushga berish bilan shugʻullanayotganligi holati yuzasidan olib borilgan surishtiruvlar natijasiga koʻra quyidagilar aniqlandi.

“SEJONG HAKDANG” oʻquv markazi respublikamizda 1992-yilda qonuniy asosda tashkil etilgan boʻlib, hozirgi vaqtga qadar yurtimiz fuqarolariga koreys tili va madaniyati, koreys milliy taomlarini oʻrgatish maqsadida faoliyat yuritib kelmoqda. “SEJONG HAKDANG” oʻquv markazi rahbari Xo So Xeng tomonidan berilgan maʼlumotlarga koʻra, mazkur maskanda hozirgi vaqtda 350 nafar oʻquvchi tahsil olmoqda. Ularning 31 nafari Janubiy Koreya davlati fuqarolariga turmushga chiqishgan.

Bu yerda tahsil olayotgan fuqarolar koreys tili va madaniyati, koreys milliy taomlarini onlayn oʻquv mashgʻulotlari asosida, maxsus darsliklar yordamida oʻrganishmoqda.

Oʻquv markaz rahbari Xo So Xeng bilan olib borilgan suhbat davomida olingan maʼlumotlarga koʻra, 2020-yil 7-sentyabr kuni mazkur maskanda navbatdagi oʻquv mavsumining ochilish marosimi boʻlib oʻtgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, yuqorida toʻxtalib oʻtilgan videolavha aynan shu tadbirdan olingan. Bu yerda tahsil olayotgan xotin-qizlar oʻquv markazi tomonidan berilgan eʼlonlar asosida murojaat qilishgan.

Oʻquv markazidagi darslar haftasiga uch marotaba oʻtkaziladi. Uch oylik oʻquv mashgʻulotlaridan soʻng tinglovchilarga maxsus sertifikatlar beriladi.

Oʻquv markaz rahbari Xo So Xengning taʼkidlashicha, “SEJONG HAKDANG” oʻquv markazi oʻz oʻquvchilariga faqat koreys tili va madaniyati, shuningdek, qiziquvchilar uchun koreys milliy taomlarini oʻrgatish bilan shugʻullanadi. Ularni chet elga yuborish yoki Janubiy Koreya davlati fuqarolariga turmushga chiqishlarini tashkil etish bu oʻquv maskani maqsadlariga kirmaydi. Bu yerda tahsil olayotgan, koreys fuqarolariga turmushga chiqqan oʻzbek qizlarining ular bilan tanishuvi yoki oila qurishiga mazkur oʻquv markazining aloqasi yoʻq. Bu fuqarolar turmushga chiqib, oʻrnatilgan tartibda nikohni qayd etgandan soʻng bu oʻquv markaziga murojaat qilishgan.

Shu oʻrinda oʻz taqdirini koʻr-koʻrona boshqa millat vakillari bilan bogʻlayotgan oʻzbek qizlariga hayotga teranroq qarab, chet elga turmushga chiqqan baʼzi yurtdoshlarimizning ayanchli qismatidan toʻgʻri xulosa chiqarishlarini soʻrab qolamiz.

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda “SEJONG HAKDANG” oʻquv markazining kelgusi faoliyati atroflicha oʻrganib borilishini maʼlum qilamiz.

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash
vazirligi Matbuot xizmati

 

OʻzA