Bu yil 1-kurs talabalari ham masofaviy oʻqiydi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi mutasaddilari ishtirokida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida 1-kurs talabalari uchun darslar boshlanadimi, degan savolga aniqlik kiritildi.

Vazirlikning bosh boshqarma boshligʻi Abduvali Xoliqovning maʼlum qilishicha, talabalarning hujjatlari toʻliq rasmiylashtirib boʻlingach, 12-oktyabrdan boshlab 1-kurstalabalari uchun oʻz hududlarida tanishuv darslari tashkil etiladi. Ayni jarayon haftasiga 3 kundan 2 hafta davom etadi. Bunda talabalarning 50 foizdan ortigʻi auditoriyaga kiritilmaydi va 2 paradan ortiq boʻlmagan darslar tashkil etiladi. Har parada 10 daqiqadan tanaffus beriladi.Misol uchun, Toshkent davlat texnika universitetiga Samarqand viloyatidan oʻqishga kirgan talabalar uchun Samarqand viloyatidagi oliy taʼlim muassasalaridan birida darslar tashkil etiladi. Unda poytaxtdan professor-oʻqituvchilar borib, tanishuv darslarini oʻtadi.

Bunda talabalarga oliy taʼlim muassasasi haqida maʼlumot berilib, dars jadvali, kimlar dars berishi, toʻlov-shartnoma, masofaviy taʼlimning olib borilishi kabi masalalarga oydinlik kiritiladi.

1-kurs talabalari ham masofaviy oʻqiydi.

Baʼzi oliy taʼlim muassasalarining platformasi ishlamayapti. Talabalar dars tayyorlashda turli qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Talabalar nima qilishi kerak?

Matbuot anjumanida A.Xoliqov bu haqda ham maʼlumot berdi.

Oliy taʼlim muassasalari platformasi tashkil etilgan. Lekin bugungi kunda olis hududlar, internet tezligi yaxshi boʻlmagan hududlar bor. Ayni joylarning tuman markazlarida kompyuter sinflari tashkil etish ishlari olib borilmoqda. Bu yerda talabalar barcha imkoniyatlardan toʻliq foydalanishi mumkin.

Bundan tashqari, bitiruvchi kurslarning amaliyot oʻtashi qanday boʻladi?

Mutaxassisning fikricha, bitiruvchi kurslar, magistratura yuqori kurs talabalarining bir joyga borib amaliyot oʻtashi bugungi kunda bahsli masala. Agar pedagogika yoʻnalishida oʻqiyotgan talaba maktablarga borib amaliyot oʻtashi kerak boʻlsa, maktabda oʻquvchilar salomatligini xavf ostiga qoʻyishi mumkin. Ayni jarayonda amaliyot oʻtash kerak boʻlgan kasb yoʻnalishlari yuzasidan vazirlik tomonidan takliflar ishlab chiqilmoqda.

Anʼanaviy oʻqish boshlanadimi? Maʼlumotga koʻra, uzoq hududlardan OTMga kelib oʻqiydigan talabalar yotoqxonada turishga ehtiyoji bor. Bu esa epidemiologik holat yuzasidan mumkin emas. Shu bois ham ayni vaqtda masofaviy oʻqitish ishlari davom ettiriladi.

Matbuot anjumanida shuningdek, oʻqishni koʻchirish boʻyicha ham maʼlumot berildi.

Qayd etilishicha, oʻqishni koʻchirishda 5 ming talabgor sinovlardan oʻta olgan.

Mutaxassislarning maʼlum qilishicha, 2020/2021 oʻquv yilida xorijiy va nodavlat oliy taʼlim muassasalaridan respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishini koʻchirish boʻyicha 12 ming nafardan ortiq talaba ariza bilan murojaat qilgan.

Onlayn test sinovlari 5-6-sentyabr kunlari respublikaning 13 ta hududidagi 19 ta oliy taʼlim muassasasida tashkil etildi. Imtihonlarda 10 ming nafardan ortiqroq talaba ishtirok etdi. Shundan 5 mingdan ortiq talaba onlayn test sinovlarida toʻplagan baliga koʻra oʻqishini Oʻzbekistonga koʻchirishga ruxsat etildi.

Oʻtkazilgan onlayn test sinovlari yakuniga muvofiq, 2020/2021 oʻquv yili uchun Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tizimidagi oliy taʼlim muassasalariga oʻtish bali 56,7 etib belgilandi. Tasarrufida oliy taʼlim muassasasi mavjud boʻlgan vazirlik va idoralar tomonidan yangi oʻquv yili uchun oʻtish ballari belgilandi. Shu vaqtgacha 5 mingdan ortiq talabgorning oʻqishni koʻchirishi ijobiy hal etildi.

Hozirgi kundagi pandemiya holatlari, karantin cheklovlari sababli belgilangan muddatlarda maxsus sinovlarda ishtirok etish uchun xorijiy davlatlardan yetib kelolmagan talabalar uchun 2020-yil oktyabr oyining birinchi oʻn kunligida onlayn test sinovlari oʻtkaziladi. Test sinovlarida belgilangan muddatlarda oʻqishini koʻchirish boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan, biroq joriy yilning 5-6-sentyabr kunlari oʻtkaziladigan sinovlarda ishtirok eta olmagan fuqarolargina ishtirok etadi.

 

OʻzA