Dushanbeda Oʻzbekiston va Tojikiston hukumat rahbarlari uchrashdi

2020-yil 29-sentyabr kuni Dushanbe shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda bilan uchrashdi.
Dastlab hukumat rahbarlari tor doirada uchrashuv oʻtkazdi.
Oʻzbekiston Bosh vaziri tojikistonlik hamkasbiga iliq va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ushbu uchrashuv hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilish uchun qulay imkoniyat ekanini qayd etdi.
Tojikiston Bosh vaziri davlatlarimiz oʻrtasida qisqa muddatda mustahkam hamkorlik qaror topgani, bu tashrif izchil mustahkamlanib borayotgan oʻzaro manfaatli va faol muloqotning mantiqiy davomi ekanini alohida taʼkidladi.
Shundan soʻng ikki mamlakat hukumatlari vakillari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda muzokaralar davom ettirildi.
Davlatlarimiz Rahbarlarining siyosiy irodasi va uzoqni koʻzlab yuritayotgan oqilona siyosati tufayli mamlakatlarimiz tarixida yangi zarhal sahifa ochilgani, Oʻzbekiston – Tojikiston munosabatlari qayta tiklangani, qisqa muddatda mustahkam hamkorlik qaror topgani, koʻp qirrali aloqalar yangi bosqichga koʻtarilib xalqlarimiz doʻstligi yana-da mustahkamlangani qayd etildi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo komissiyaning majlisida Oliy darajadagi uchrashuvlar hamda hukumat rahbarlari raisligida 2019-yil aprel oyida Termiz shahrida oʻtgan Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo komissiyaning 6-yigʻilishida erishilgan kelishuvlarning ijrosi holati koʻrib chiqildi.
Qayd etilganidek, oʻzaro savdo hajmi oʻsib bormoqda. Jumladan, soʻnggi uch yilda mazkur koʻrsatkich 2,4 barobardan oshdi. Pandemiyaga qaramay oʻzaro tovar aylanma oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 4,3 foizga ortib, 317 million dollarni tashkil etdi.
– Oʻzaro savdo aylanmasi mamlakatlarimiz salohiyatiga mos emas, – dedi A.Aripov. – Shu bois, Davlatlarimiz rahbarlari tomonidan oldimizga yaqin yillarda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollargacha yetkazish vazifasi qoʻyilgan. Buning uchun barcha imkoniyatlarga egamiz. Chunki, foydalanilmagan ulkan zaxiralar mavjud.
Majlisda shuningdek, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika, madaniy-gumanitar hamda qishloq va suv xoʻjaligi sohalaridagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo komissiyaning 7-yigʻilishi bayoni imzolandi.
photo_2020-09-29_15-34-31.jpg
Matnazar Elmurodov,
OʻzA maxsus muxbiri.