Chorvachilik sohasida kim peshqadam?

Oʻzbekman, degan inson borki, chorvani oilaning barakasi deb bilib, xonadonida bitta boʻlsayam mol asraydi. Yurtimizda chorvachilikni rivojlantirish, bu borada tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyishga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani, zotli chorva mollarini xarid qilish, ularni koʻpaytirish va bu orqali aholining arzon, sifatli goʻsht va sut mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini taʼminlashga keng yoʻl ochilgan.

Chorvachilik tarmogʻini ravnaq toptirishga qaratilgan koʻplab istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Yuzlab chorvachilik komplekslari paydo boʻldi. Bu loyihalar xalqimizni arzon, sifatli goʻsht va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, ayniqsa, qishloqda istiqomat qilayotgan fuqarolarning bandligini oshirish hamda daromadlarini koʻpaytirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.

Davlat statistika qoʻmitasining axborot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, 2020-yilning 1-iyul holatiga koʻra, barcha toifadagi xoʻjaliklarda yirik shoxli qoramollar bosh soni 2019-yilning mos davriga nisbatan 127,4 ming boshga koʻpayib, 12 611,8 ming boshga yetdi.

Qayd etish kerakki, ayni vaqtda yurtimizdagi yirik shoxli qoramollar bosh sonining 93,4 foizi dehqon (shaxsiy yordamchi) xoʻjaliklari hissasiga toʻgʻri keladi. Agarda bu koʻrsatkichni viloyatlar misolida oʻrganadigan boʻlsak, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari – 12,2 foiz bilan peshqadamlik qilmoqda. Chunki ushbu viloyatlarda yer keng, ozuqa moʻl, iqlim boʻlsa qulay. Hammasidan ham ahamiyatlisi, bu yerning odamlari sohani yaxshi tushunadi.

Yirik shoxli qoramollar umumiy bosh sonining eng asosiy ulushida Buxoro viloyati – 9,6 foiz, Qoraqalpogʻiston Respublikasi – 8,7 foizni egallaydi.

Qayd etish kerakki, mazkur viloyatlar yurtimiz bozorlariga goʻsht va sut mahsulotlari yetkazib beruvchi yetakchi hududlar sirasiga ham kiradi.

 

OʻzA