TANLOV: Ekologiya mavzusiga doir eng yaxshi maqolalar

Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, ulgʻayib kelayotgan yosh avlod qalbida atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish hissini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi bilan hamkorlikda “Ekologiya mavzusiga doir eng yaxshi maqolalar” tanlovini eʼlon qiladi.
Tanlov ikki – matbuot va internet jurnalistika yoʻnalishlari boʻyicha oʻtkaziladi. Tanlovga 2019-yilning 31-avgustidan 2020-yilning 20-noyabrigacha gazeta va jurnallarda chop etilgan, OAV sifatida tegishli tartibda roʻyxatdan oʻtgan internet saytlarida eʼlon qilingan materiallar 2020-yilning 20-noyabriga qadar qabul qilinadi.
Tanlov gʻolib va sovrindorlarini aniqlash va mukofotlash tartibi:
Tanlovga taqdim etilgan ijodiy ishlar taniqli va tajribali jurnalistlar hamda ekologiya sohasi mutaxassislaridan tarkib topgan hayʼat aʼzolari tomonidan koʻrib chiqilib, gʻolib va sovrindorlar aniqlanadi.
Tanlov gʻolib va sovrindorlari quyidagi mukofotlar bilan taqdirlanadi:
– 1-oʻrin (1 ta) – televizor;
– 2-oʻrin (2 ta) – planshet;
– 3-oʻrin (2 ta) – smartfon.
Shuningdek, uch nafar ragʻbatlantiruvchi mukofotga sazovor boʻlganlarga Oʻzbekiston “Qizil kitobi” hamda boshqa sovgʻalar topshiriladi.
Tanlov natijalari 2020-yil, 8-dekabr – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun arafasida eʼlon qilinadi. Gʻolib va sovrindorlarni tantanali taqdirlash marosimi 2020-yilning 10-dekabriga qadar Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida oʻtkaziladi.
Tanlovda ishtirok etishni xohlovchilardan oʻzi haqidagi qisqacha maʼlumot (pasport nusxa, faoliyatiga oid maʼlumotnoma) hamda ijodiy ishlarini Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi (Toshkent shahri, A. Navoiy koʻcha, 30-uy) ga topshirishlari yoki uyushmaga kelmasdan maʼlumot va materiallarning elektron nusxasini (+998 94) 935-22-10 raqamiga ochilgan Telegramm kanaliga yuborishlari soʻraladi.
Tanlovni oʻtkazish bilan bogʻliq barcha savollarga quyidagi telefon raqamlari (+998 71) 244-62-91, (+998 97) 775-10-25, (+998 93) 502-23-21 orqali javob olish mumkin.
Davlat ekologiya qoʻmitasi
Matbuot xizmati

 

O’zA