Kasalxonalarga qoʻshimcha yordam berilmoqda

Butunjahon Sogʻliqni saqlash tashkilotining (BSST) bergan rasmiy maʼlumotiga koʻra, bugungi kunga kelib, dunyo boʻyicha koronovirus infeksiyasi pandemiyasi natijasida u bilan kasallanganlarning umumiy soni 33 millionga, undan vafot etganlarning soni esa 1 million nafarga yaqinlashdi. 
Afsuski, bu koʻrsatkichlar Oʻzbekistonda ham ortib bormoqda.
Shuningdek, BSST pandemiya oʻrtacha yana ikki yil davom etishi, global jipslashuv boʻlmasa, uni yengishda koʻplab qiyinchiliklar vujudga kelishi mumkinligi toʻgʻrisida ogohlantirmoqda.
Oʻzbekiston Qizil yarim oy jamiyati (OʻQYAOJ) Qoraqalpogʻiston tashkiloti OʻQYAOJning tashkilotlari va tuman(shahar) boʻlinmalari xodimlarning va koʻngillilarning COVID-19 boʻyicha umumiy bilimlarini yana-da oshirish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etish boʻyicha mavjud bilim va koʻnikmalarini yana-da mustahkamlash borasida maʼlum ishlarni olib bormoqda.
Bugunga kelib, Oʻzbekiston Qizil yarim oy jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan ishlari aholining muhtoj qatlamlari uchun anchagina qoʻlayliklarni yaratmoqda. OʻQYAOJ Qoraqalpogʻiston tashkiloti bugungi kunda koronivirus pandemiyasi tufayli aholi oʻrtasida vujudga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy sharoitni inobotga olib, yolgʻiz keksa, nogiron va yordamga muhtoj aholiga ijtimoiy xizmat koʻrsatish, moddiy yordam berish ishlarini tashkillashtirmoqda.
Jamiyatning Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi, Qizil xoch va Qizil yarim oy jamiyatlari Xalqaro federatsiyasi hamda Oʻzbekiston Qizil yarim oy jamiyati bilan hamkorlikda oʻtkazilgan “COVID-19ga javob” loyihasi doirasida Respublika infeksion kasalxonasiga 40 ta kompleks jihozlar (krovat, matras, yostiq, odeyal, choyshab) berildi.
Bundan tashqari pandemiya davrida yakka yolgʻiz, kam taʼminlangan bemorlarga moddiy yordam koʻrsatildi, targʻibot-tashviqot tadbirlari oʻtkazildi, turli aksiyalar bilan aholiga tibbiy niqob va antiseptik vositalari tarqatildi.

 

Ye.Qanoatov, OʻzA