Jumladan, “Markaziy Osiyo – jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” mavzusida xalqaro anjumanni qadimiy Xiva shahrida oʻtkazish toʻgʻrisidagi tashabbusining ahamiyati xususida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi Qahramon Allaberganov bilan suhbatlashdik.”Davlatimiz rahbarining ushbu tarixiy tashabbusini Markaziy Osiyo mintaqasining jahon hamjamiyatidagi oʻrnini oshirishda muhim strategik qadamlaridan biri sifatida baholash mumkin. Ushbu gʻoyaning gʻoyat dolzarbligi borasida YUNESKO bosh direktori Odri Azule shunday fikr bildirdi: “Mintaqaning sivilizatsiyalar chorrahasi sifatidagi tarixiy vazifasi va bugungi taraqqiyotidan kelib chiqib, Markaziy Osiyo hozirgi geosiyosiy ziddiyatlar sharoitida oʻzaro muloqot va muzokara maydoniga aylanishi mumkin”.
Taʼkidlash joizki, Markaziy Osiyo asrlar davomida tarixiy uchrashuvlar, shuningdek turli xil xalqlar, madaniyatlar va dinlarning oʻzaro hamohanglikda maʼnaviy jihatdan rivojlanish maskanlaridan biri boʻlib kelgan. Mintaqaning “Buyuk ipak yoʻli”ning markazida joylashganligi va unda yashovchi xalqlar Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi xalqaro savdo, ilmiy-fan yutuqlari va madaniyatlarining almashinuvini taʼminlovchi oʻziga xos muhim bogʻlovchi rolini amalga oshirgan.
Biroq bu borada Markaziy Osiyo xalqlarining qoʻshgan hissalari hali hanuzgacha toʻliq oʻrganilmagan.
Mintaqaning dunyo sivilizatsiyasining taraqqiyoti va ravnaqi yoʻlida qoʻshgan ulkan hissasini ommalashtirishda Oʻzbekiston alohida oʻrin egallab kelgan. Chunki mamlakatimiz Markaziy Osiyoning geografik, madaniy-maʼrifiy va tarixiy jihatdan “yuragi” hisoblanadi.
Aynan tarixiy oʻtmishi, oʻzagi bir-biriga tutashib ketgan umumiy madaniyat va anʼanalari, shuningdek mintaqa xavfsizligini muhimligini inobatga olib Oʻzbekiston oʻz mustaqilligining dastlabki yillaridan Markaziy Osiyodagi milliy munosabatlar rivojlanishida ijobiy rol oʻynagan.
Prezident Sh.Mirziyoyev rahbarligi ostida Oʻzbekistonning Markaziy Osiyodagi xalqlarni jipslashtirshga yoʻnaltirilgan yangi tashqi siyosatini amalga oshirishda madaniy va maʼrifiy-maʼnaviy sohalardagi faol hamkorliklar muhim omil hisoblanadi.
Shu oʻrinda, umummintaqaviy ustuvor manfaatlarga asoslangan “Markaziy Osiyo – jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” mavzusida xalqaro anjumanni oʻtkazish mintaqa davlatlari aholisi oʻrtasida yakdillik ruhini kuchaytiradi va davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarda yaxshi qoʻshnichilikning bardavomligini taʼminlashga gʻoyat muhim hissa qoʻshadi.
Shu bilan bir qatorda, Oʻzbekiston va mintaqaning boshqa davlatlari jahon sivilizatsiyasiga qoʻshayotgan ulkan hissalarini qayta eʼtirof etishga imkon beradi.
Qolaversa, xalqaro miqyosdagi ilm-fan vakillarining Markaziy Osiyo xalqlari boy ilmiy va madaniy meroslarini oʻrganishga boʻlgan qiziqishlarini yana-da orttiradi.
Shuningdek, Markaziy Osiyoning madaniy va tarixiy meroslarini qayta tiklash va ommalashtirishda xalqaro hamjamiyatning ishtirokini yana-da faollashtirishga koʻmaklashadi.
Mazkur xalqaro forumning yana bir muhim jihati –Oʻzbekistonning qadimiy Xiva shahri turizm brendini yana-da rivojlantirishga va turistik oqimning koʻpayishiga xizmat qiladi.
Shubhasiz, davlatimiz rahbarining ushbu tarixiy tashabbusini Markaziy Osiyoni barqaror, iqtisodiy rivojlangan va yuksak taraqqiy etgan mintaqaga aylantirishdagi amaliy qadamlardan biri sifatida baholash mumkin”