Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlida muhim tashabbus

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining joriy yilgi sessiyasi muhim tarixiy voqea boʻlib, tashkilotning 75 yillik yubiley sanasiga toʻgʻri keldi. Garchi oʻtgan davr mobaynida BMT faoliyati ayrim tanqidlarga uchragan boʻlsa-da, tashkilot global tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega jahonning nufuzli koʻp tomonlama hamkorlik tuzilmasi hisoblanadi.

Shuning uchun ham Oʻzbekiston Respublikasi BMTning teng huquqli aʼzosi sifatida tashkilot bilan hamkorlikni oʻz tashqi siyosiy strategiyasida milliy manfaatlarni ilgari surishning muhim platformasi, deb qaraydi. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston rahbariyati xalqaro ahamiyatga ega tashabbuslari bilan BMT doirasidagi hamkorlikka yangicha mazmun-mohiyat bagʻishlab, ikki tomonlama aloqalarni jadal mustahkamlab bormoqda.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining joriy 75-sessiyasidagi nutqida mintaqaviy va global miqyosda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyotni taʼminlash, inson huquqlariga rioya etishni qoʻllab-quvvatlash, konstruktiv muloqotni kengaytirish, shuningdek, iqlim oʻzgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi muammosi, qashshoqlikka barham berish va kambagʻallikni qisqartirish kabi dolzarb masalalar yuzasidan bir qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Prezident tashabbuslaridan biri global miqyosdagi muammolarni hal etishga qaratilgan muhim xalqaro huquqiy hujjatga oid boʻlib, “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlarning rolini oshirish toʻgʻrisida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasi”ni qabul qilishni nazarda tutadi.

Eʼtiborlisi, bu va boshqa tashabbuslar Oʻzbekistonning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi islohotlari va izchil amalga oshirilayotgan Harakatlar strategiyasining eng muhim yoʻnalishlari ifodasi boʻlib, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga toʻliq mos keladi.

Maʼlumki, 2015-yilda BMTga aʼzo davlatlar 2030-yilgacha moʻljallangan Barqaror rivojlanish dasturini qabul qilgan. Oʻzbekistonda ham Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish boʻyicha Milliy maqsad va vazifalar muvaffaqiyat bilan amalda tatbiq etilmoqda.

BMTning Oʻzbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Helena Freyzerning eʼtiroficha, “Oʻzbekistonning joriy yil iyulida BMTning oliy maqom siyosiy forumiga taqdim etgan Barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha ilk Ixtiyoriy milliy hisoboti shu paytgacha erishilgan olgʻa siljishning, shuningdek, mamlakatning “Kun tartibi – 2030”ni amalga oshirishda qatnashishini tavsiflovchi ishtirok va maslahatlashuvga asoslangan yondashuvining chin maʼnodagi isboti boʻldi”. Shuningdek, Freyzer xonim BMT Bosh Assambleyasining joriy sessiyasida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar BMT maqsadlari bilan hamohangligini taʼkidladi.

Nufuzli xalqato tashkilot – Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi Martin Chungong ham Oʻzbekiston Prezidentining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlarning rolini oshirish toʻgʻrisidagi maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish toʻgʻrisidagi taklifini qoʻllab-quvvatladi. U ushbu tashabbus asosida BMT maxsus rezolyutsiyasining qabul qilinishi Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlidagi harakatlar uchun salmoqli qadam ekanini bayon etdi.

Taʼkidlash joizki, ayniqsa, global pandemiya tufayli dunyo mamlakatlarida nafaqat sogʻliqni saqlash tizimlari, balki iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa sohalarda inqirozli vaziyat yuzaga kelib, pandemiyadan keyingi tiklanish va barqaror rivojlanishda BMT va uning ixtisoslashgan tashkilotlari bilan faol xalqaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi.

Ushbu yoʻnalishda Oʻzbekiston Prezidenti taklif etgan BMT shafeligida “Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeks”ni ishlab chiqish va qabul qilish global pandemiyaga qarshi kurashish va kasallik tarqalishining salbiy oqibatlarini yengib oʻtishda barcha davlatlarning birgalikda harakat qilishiga zamin yaratadi. BMTning xalqaro xavfsizlik va barqaror taraqqiyot yoʻlidagi faoliyatini hamda taklif etilayotgan tashabbuslarni xalqaro hamjamiyat tomonidan qoʻllab quvvatlanishi butun insoniyat manfaatlariga javob beradi.

 

Farruh HAKIMOV

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

loyiha koordinatori

OʻzА