Jinoiy va maʼmuriy sudlov tizimini takomillashtirish istiqbollari

Oliy sudda Toshkent shahri va Toshkent viloyati maʼmuriy sudlari hamda jinoyat ishlari boʻyicha sudlari sudyalari ishtirokida “Odil sudlov samaradorligini oshirish – davr talabi” mavzuidagi davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Oliy sud, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Fridrix Ebert nomidagi jamgʻarmaning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbir videokonferensaloqa shaklida oʻtkazildi.

Muloqotda Prezidentimizning 2020-yil 24-iyuldagi “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi va 2020-yil 10-avgustdagi “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yana-da kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonlarida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda jinoiy va maʼmuriy sudlov tizimini takomillashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Huquqiy va siyosiy masalalar boʻyicha ekspert G.Velling (Germaniya) ishtirokchilar eʼtiboriga dastlabki eshituv masalasida Germaniyaning tajribasini taqdim etdi.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi tajribasi misolida korrupsiyaga qarshi kurashning fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini taʼminlashdagi oʻrni haqida soʻz yuritildi.

Maʼmuriy sudlov islohotining jamiyat va biznes uchun ahamiyati hamda odil sudlovni amalga oshirishda ochiqlik va shaffoflik inson huquqlari himoyasining asosiy kafolati xususida fikrlar bildirildi.

 

OʻzA