IMEI-kodlarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibiga oid masalalar boʻyicha brifing oʻtkazildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida brifingda IMEI-kodlarni roʻyxatdan oʻtkazish bilan bogʻliq masalalarda koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida brifing oʻtkazildi.

Brifingda “Oʻzbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” davlat unitar korxonasi direktori Bobur Tillaboyev ushbu tizimni joriy etishdan maqsad, mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibi haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, ushbu masala boʻyicha soʻnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda yuzaga kelayotgan fikr-mulohazalarga munosabat bildirdi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda mobil qurilmalar IMEI-kodlarini roʻyxatga olish tizimi joriy etilgan. Mazkur tizimni joriy etishdan maqsad – isteʼmolchilar huquqini himoya qilish, respublikamizga sifatsiz mobil qurilmalar kirib kelishi va uning noqonuniy savdosi oldini olishdir.

“Oʻzbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” davlat unitar korxonasi – tizim operatori tomonidan mobil qurilmalarning IMEI-kodlarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun shaxsning pasport maʼlumotlari, uchinchi shaxslar tomonidan noqonuniy foydalanishning oldini olish maqsadida mobil qurilmalarni roʻyxatdan ŭtkazish jarayëniga qoʻshimcha tekshiruv algoritmi kiritilgan. Yaʼni, qurilmaning IMEI-kodini roʻyxatdan oʻtkazishda jismoniy shaxslarning abonent raqami mahalliy mobil operatorlaridan ariza beruvchi nomiga rasmiylashtirilganligi talab etiladi.

Bugungi kunda mobil qurilmalarni roʻyxatdan oʻtkazish tizimi orqali 47,14 milliondan ziyod IMEI-kodlar roʻyxatdan oʻtkazilgan. Jumladan, 2019-yil 1-apreldan 2019-yil 1-noyabrgacha 42,61 million IMEI-kodi avtomatik tarzda, 2019-yil 1-noyabrdan 1-dekabrgacha 1,47 million ta IMEI-kodi bepul ravishda operatorga murojaat etish orqali, 2020-yilning 1-yanvaridan 15-sentyabrigacha 3,06 million ta IMEI-kod pullik asosda tizimda roʻyxatdan oʻtkazilgan.

Brifingda shuningdek, Davlat bojxona qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Rustam Qobulov, Ichki ishlar vazirligi tergov departamenti katta tergovchisi Javohir Qodirov mavzuga oid yoʻnalish boʻyicha tizimda amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

Qayd etilishicha, mazkur muammoli masala yuzasidan Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, avvalo, Qoʻmitaning tunu kun ishlaydigan 11-08 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali mazkur masala yuzasidan fuqarolarning murojaatlari koʻrib chiqilishi yoʻlga qoʻyildi.

Shuningdek, qonunbuzarlik holatlarini aniqlash borasida olib borilgan tadbirlar natijasida roʻyxatdan oʻtmagan mobil qurilmalarni chegara orqali harakatlangan fuqarolarning nomlariga noqonuniy yoʻllar bilan roʻyxatga qoʻyish, shaxslarga doir maʼlumotlarni qonunga xilof ravishda yigʻib, ulardan gʻarazli niyatlarda foydalanib kelayotgan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi.

Aniqlanishicha, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi O.A sheriklari M.B va T.R bilan qoʻshni davlatlarga oʻtib, u yerda Oʻzbekistonga kirib kelayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining pasport maʼlumotlarini telefonda rasmga tushirib, telegram ijtimoiy tarmogʻi orqali yuborib, belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilmagan mobil qurilmalarni Uz IMEI tizimi orqali ushbu fuqarolar nomiga roʻyxatdan oʻtkazish bilan shugʻullanib kelishgan.

Birgina fuqaro M.Bning uyali aloqa vositasi koʻzdan kechirilganida, telefon xotirasida Oʻzbekiston fuqarolarining 200 ga yaqin pasport rasmlari borligi, u ushbu pasport maʼlumotlarni yigʻib, jinoiy sherigi O.Aga yetkazib berganligi uchun har bir pasportga 5 AQSH dollaridan haq olganligi maʼlum boʻldi.

Mazkur holat yuzasidan Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov organiga yuborildi.

Shu oʻrinda qayd etish joizki, mobil qurilmalar importi 2019-yilning 1-yanvaridan 15-sentyabriga qadar 58 ming 810 tani (4,6 million dollar) tashkil etgan boʻlsa, joriy yilning shu davrida 451 ming 39 tani (29,8 million dollar) tashkil etdi. Davlat byudjetiga 2019-yilning ushbu davrida 8,7 milliard soʻm, joriy yilda esa 72,6 milliard soʻm undirildi.

Mazkur tizim toʻliq amaliyotga joriy etilgandan soʻng, 2019-yil 1-noyabrdan 2020-yil 15-sentyabrga qadar 911 ming 882 ta mobil qurilma (47,3 million dollar) import qilingan boʻlib, davlat byudjetiga 100,1 milliard soʻm undirilgan. Joriy yilda jami 4,9 milliard soʻmlik 7 ming 484 ta uyali aloqa vositasining noqonuniy olib oʻtish holatlari aniqlandi.

Ichki ishlar vazirligi katta tergovchisi J.Qodirov fuqarolarning shaxsiga doir maʼlumotlaridan noqonuniy ravishda foydalanib, ularning nomiga UZ IMEI tizimi orqali uyali telefon qurilmalarini roʻyxatga qoʻyish bilan shugʻullanayotgan shaxslarning noqonuniy faoliyatiga chek qoʻyish borasida amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha maʼlumot berdi.

Soʻngi vaqtlarda xorijiy davlatlardan mamlakatimizga kelayotgan fuqarolarning shaxsga doir maʼlumotlaridan uchinchi shaxslar tomonidan noqonuniy ravishda foydalanilib, ularning maʼlumotlari asosida mobil qurilmalar IMEI-kodlarini roʻyxatdan oʻtkazish tizimi orqali, kelib chiqishi maʼlum boʻlmagan uyali aloqa vositalari roʻyxatga qoʻyilayotgani haqidagi murojaatlar soni ortib bormoqda.

Andijon viloyati IIB xodimlari bilan hamkorlikda Andijon shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda uch nafar shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirgi kunda tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergovning yakuni boʻyicha qonuniy qaror qabul qilinib, ushbu fuqarolarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligi taʼminlanadi. Jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergov jarayonida, fuqaro bank filialidan oʻzining nomiga berilgan 5 ta plastik kartadagi pul mablagʻlaridan “UZPAYNET” MCHJ orqali jami 2 ming 158 ta uyali aloqa vositalarini qonunga xilof ravishda “Mobil qurilmalarini roʻyxatga olish tizimi”ga qayd etganligi aniqlangan. Ushbu xolatda gumon qilinuvchilar 3 ming 115 ta uyali aloqa vositasini qoʻshni Qirgʻiziston Respublikasidan Oʻzbekiston Respublikasiga bojxona nazoratini chetlab, aylanma yoʻllar bilan olib kirganligi aniqlangan.

Ayni vaqtda mazkur noqonuniy faoliyat bilan shugʻullanayotgan shaxslarni aniqlash va ularga nisbatan qonuniy chora koʻrish yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan tegishli tadbirlar davom ettirilmoqda.

 

Shahnoza MAMATUROPOVA, OʻzA