Oʻzbekiston pandemiya davrida fuqarolarni samarali ish bilan taʼminlay oldimi?

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) bilan hamkorlikda “COVID-19 pandemiyasi davrida Oʻzbekistonda samarali bandlik va munosib mehnatni ragʻbatlantirish” mavzusida konferensiya tashkil etildi.
Onlayn shaklda boʻlib oʻtgan tadbirda 20 mamlakatdan tegishli vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus masʼullari, fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Konferensiya avvalida COVID-19 pandemiyasi davrida ishsizlikni kamaytirish va aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, Oʻzbekistonda qoʻllanilgan muvaffaqiyatli amaliyot tahlili natijalari namoyish etildi.
1.JPG
3.JPG
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda XMT hamkorligida tayyorlangan “COVID-19 pandemiyasi davrida samarali ish bilan taʼminlash: Oʻzbekiston tajribasi” maxsus hisobot risolasida Oʻzbekiston tajribasi yoritilgan.
Qayd etilganidek, Oʻzbekistonda jami ishchi kuchi (16 yoshdan 59 yoshgacha boʻlgan erkaklar va 15 yoshdan 54 yoshgacha boʻlgan ayollar) 19 million kishini tashkil etadi, ularning 5,1 millioni norasmiy ish bilan band, 2 millionga yaqini esa chet elda ishlamoqda.
– Pandemiya nafaqat mehnat bozorining zaif tomonlarini, balki aholi, ayniqsa migrantlar va norasmiy ishchilar oʻrtasida ijtimoiy himoya tizimidagi boʻshliqlarni ham koʻrsatib qoʻydi, – dedi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi oʻrinbosari Erkin Muhiddinov.
8.JPG
7.JPG
– Kichik biznes va mikrofirmalarning koʻplab vakillari oʻz faoliyatini qisman yoki toʻliq toʻxtatib qoʻyishdi. Karantingacha boʻlgan davr bilan taqqoslaganda, ishsizlik darajasi ham oshdi. Vazirlikning COVID-19 tarqalishi oqibatida kelib chiqqan iqtisodiy inqirozga boʻlgan munosabati misli koʻrilmagan darajada boʻldi. Qabul qilingan chora-tadbirlar COVID-19 ning iqtisodiy oqibatlarini yumshatish, mehnat bozorining barqaror va tez tiklanishiga koʻmaklashish va inqirozdan keyingi davrda Oʻzbekistonda bandlik va munosib ish bilan taʼminlash boʻyicha keyingi harakatlarni rivojlantirishga qaratilgan.
Koronavirus bilan bogʻliq muammolarga javoban vazirlik qator ustuvor yoʻnalish va choralarni belgilab oldi. Jumladan, ishchilarning huquqlarini himoya qilish va ish joyida virus tarqalishini cheklash, ish oʻrinlari va daromadlarni qoʻllab-quvvatlash, korxonalarni qoʻllab-quvvatlash, ishchi kuchiga talabni ragʻbatlantirish va aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kengaytirish, yangi imkoniyatlarni yaratish, grantlar, subsidiyalar ajratish, oʻqitish va jamoat ishlarida vaqtincha ish bilan taʼminlash, ijtimoiy muloqotni kuchaytirish, inqirozdan chiqish choralarini qoʻllab-quvvatlash kabi yoʻnalishlar belgilangan.
Ushbu yoʻnalishda Davlat mehnat inspeksiyasi epidemiologiya xizmati bilan birgalikda korxonalarda sanitariya meʼyorlari va mehnat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tizimli monitoringni yoʻlga qoʻydi. Shuningdek, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi bilan oʻzaro aloqalar kuchaytirildi.
5.JPG
Bundan tashqari, birinchi yarim yillikda 37 ming nafar ishsiz yangi tartibda nafaqa oldi, 198,9 ming nafari esa Bandlikka koʻmaklashish markazlari yoʻnalishlari boʻyicha ish bilan taʼminlandi. Uy-joy uchastkalarini rivojlantirish va qishloq xoʻjaligi kooperativlarini yaratish uchun kam taʼminlangan oilalarni subsidiyalash mexanizmi ishlab chiqildi. 8 oy davomida 825,9 ming kishi ish va doimiy daromad bilan taʼminlandi.
Konferensiyada shuningdek, pandemiya sharoitida chet elda mehnat migratsiyasida boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolariga yordam koʻrsatishga alohida eʼtibor qaratilgani qayd etildi. Jumladan, chet elda qiyin ahvolda boʻlgan fuqarolarning yurtimizga qaytishi uchun yordam koʻrsatildi. Ularga maslahat va huquqiy yordam berildi. Ish beruvchilardan ish haqi va kompensatsiya yigʻish, migrantlarni uyga kelgandan keyin ish bilan taʼminlash boʻyicha amaliy yordam koʻrsatildi.
Tadbirda XMT mutaxassislari Oʻzbekistonning mintaqaviy va global miqyosda mehnat bozorini qoʻllab-quvvatlash borasidagi saʼy-harakatlari toʻgʻrisida oʻz fikrlarini bildirdi.

 

Shahnoza MAMATUROPOVA, Oqil GʻULOMOV (surat), OʻzA