Oʻzbek tilim, millatim, iftixorim mening

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida soʻzlagan nutqini alohida tarixiy voqea deb hisoblayman.
Bu nutqda dunyodagi va mintaqadagi muammolar xususida Oʻzbekiston siyosiy yondashuvi aniq va teran yoritib berilgan. Oʻzbekiston Prezidenti ushbu chiqishining tarixiy ahamiyati shundan iboratki, BMT tarixida ilk marotaba mustaqil Oʻzbekiston rahbari oʻzbek tilida nutq soʻzladi.
Men bundan shaxsan oʻzim oʻzbek oʻgʻloni va afgʻonistonlik oʻzbeklarning rahbari sifatida faxrlanaman. Bu biz uchun yuksak iftixordir.
Oʻzbek tilida soʻzlangan bu nutq nafaqat 34 millionlik Oʻzbekiston ahlini, balki dunyodagi koʻplab mamlakatlarda yashovchi millatdoshlarimizni, xususan, Afgʻonistondagi oʻzbeklarni ham chin maʼnoda gʻururlantirdi.
Oʻzbekiston Respublikasining, xususan, Prezident Sh.M.Mirziyoyevning oxirgi yillarda olib borayotgan siyosati va islohotlari nafakat mamlakat ichidagi oqilona oʻzgarishlarga, balki Oʻzbekistonning mintaqadagi va dunyodagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarda faol ishtirok etishiga xizmat qilmoqda.
Oʻzbekiston har doim oʻzining tinchlikparvarlik siyosati bilan dunyo hamjamiyatida oʻz oʻrniga ega boʻlib kelgan. 2001-yil oxirida Afgʻonistonda boshlangan xalqaro terrorizmga qarshi kurashni amalga oshirish tashabbuschilaridan biri ham Oʻzbekiston edi.
Oʻtgan yillar davomida Oʻzbekiston oʻz yoʻlida davom etdi, qoʻshni Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, bu mamlakatni mintaqaviy jarayonlarga faol jalb qilish uchun barcha imkoniyatlarni ishga soldi.
Xususan, 2018-yil mart oyida Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan oʻtkazilgan oliy darajadagi Toshkent konferensiyasi afgʻon muammosini tinchlik yoʻli bilan hal qilishga asosiy turtki boʻldi. Olib borilgan saʼy-harakatlar natijasida yaqinda Qatarning Doha shahrida birinchi marta afgʻonlararo muzokaralar oʻtkazildi. Oʻylaymanki, bu boshlangan ezgu ish oʻz ijobiy natijasini beradi.
Oʻzbekiston hukumatining Afgʻoniston hududida barpo etishi kutilayotgan “Surxon – Pul-i Xumri” elektr uzatish tarmogʻi hamda Mozori-Sharif shahridan Hind okeaniga olib chiquvchi temir yoʻl loyihalari mening yurtimning iqtisodiy-ijtimoiy rivojiga ulkan hissa qoʻshadi. Mazkur tashabbuslar tarixda ikki davlatni chambarchas bogʻlovchi ramziy koʻprik sifatida qolishiga ishonaman.
 
Marshal Abdul Rashid Doʻstum,
 
Afgʻoniston milliy islomiy harakati asoschisi,
 
Afgʻoniston oʻzbeklari rahbari

 

OʻzA