Milliy matbuot markazida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar xususida maʼlumot berildi.
Oʻzbekistonda oliy taʼlim muassasalari soni soʻnggi uch yilda 47 taga koʻpayib, bugungi kunda 125 ta oliy taʼlim muassasasi faoliyat yuritadi. Oʻz yoʻnalishida tayanch oliy oʻquv yurti hisoblangan barcha yetakchi universitet va institutlarning respublika boʻylab filiallari tashkil etilgan. Filiallar nafaqat viloyat markazlari va yirik shaharlarda, balki chekka tumanlarda ham ish boshlagan.
Bu yil oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga kunduzgi, sirtqi va kechki taʼlim shakllarida jami 162 ming 364 nafar abituriyent talabalikka qabul qilinadi. Natijada, yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish 9 foizdan 25 foizgacha koʻtarildi.
Shunday boʻlsa-da, yoshlarda oliy maʼlumot olishga boʻlgan qiziqishning yuqoriligi va qabul kvotalari hozircha ularning ehtiyojini toʻliq qoplay olmayotganini hisobga olib, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan ular uchun yangi imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
Jumladan, oliy taʼlim muassasalarida MDH va Yevropaning qator nufuzli oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlikdagi double degree taʼlim dasturlari asosida oʻqitish qamrovi kengaymoqda. Birgina oʻtgan oʻquv yilida AQSH, Germaniya, Fransiya Italiya, Finlyandiya, Niderlandiya, Turkiya, Indoneziya, Isroil va boshqa 22 ta davlatning 104 ta yetakchi universiteti bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlari asosida bakalavriatning 83 ta taʼlim yoʻnalishi va magistraturaning 64 ta mutaxassisligi boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi.
2020/2021 oʻquv yilida ham xorijiy hamkor universitetlar va qoʻshma taʼlim dasturlari davom ettirilib, hozirda qator OTMlarda qabul davom etmoqda. Bugungi kunda yurtimizda AQSH, Buyuk Britaniya, Koreya Respublikasi, Rossiya, Hindiston, Singapur, Malayziya va boshqa davlatlar bilan hamkorlikda 22 ta xorijiy oliy taʼlim muassasasi va filiallari faoliyat koʻrsatmoqda. Oʻzbekistondagi xorijiy oliy taʼlim muassasalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, xalqaro huquq va munosabatlar, biznesni boshqarish, dasturlash va boshqa zamonaviy yoʻnalishlar boʻyicha kadrlar tayyorlanadi.
Xorijiy oliy taʼlim muassasalaridan Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Astraxan davlat texnika universitetining Toshkent viloyatidagi filialida hamda TEAM universiteti, Fargʻona shahrida Koreya xalqaro universiteti kabi nodavlat oliy taʼlim muassasalarida abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish davom etmoqda.
Bosh boshqarma boshligʻi Abduvali Xoliqovning qayd etishicha, yurtimizdagi qator oliy taʼlim muassasalari huzurida tayyorlov kurslari faoliyati yoʻlga qoʻyilib, qulay shartlar va qator imtiyozlar asosida abituriyentlarni oʻqishga tayyorlash ishlari olib borilyapti.
Misol uchun, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Belarus davlat informatika va radioelektronika universiteti bilan hamkorlikda tayyorlov kurslari tashkil etilgan. Oʻquv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan va sertifikatni qoʻlga kiritgan tinglovchilar qoʻshma dasturga oʻqishga toʻgʻridan-toʻgʻri qabul qilinadi.
O’zA