Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75-yubiley sessiyasi: kecha, bugun va istiqbol

2020-yil 15-sentyabr kuni Nyu-York shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-yubiley sessiyasi boshlandi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish sessiyaning ochilish marosimida taʼkidlaganidek, «Joriy yilda biz BMT tashkil topganining 75 yilligi sanasini nishonlayapmiz va tabiiyki, xalqaro tizim qoidalariga asoslangan koʻp tomonlama munosabatlar va oʻzaro hamkorlikning bosh maydoniga butun dunyo katta umid bilan koʻz tikib turibdi”.

Shu munosabat bilan xalqaro huquq sohasining yetuk mutaxassisi va taniqli diplomat, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal SAIDOVga bir necha savollar bilan murojaat qildik.

– Hurmatli Akmal Xolmatovich, BMT Bosh Assambleyasi joriy sessiyasining oʻziga xos xususiyatlari nimada, deb hisoblaysiz?

– Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “Afsuski, biz Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75 yillik yubileyini misli koʻrilmagan tahdidlar sharoitida nishonlashimizga toʻgʻri kelmokda. Yangi koʻrinishdagi koronavirus pandemiyasi nafaqat sogʻliqni saqlash, balki iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar sohalarda gʻoyat ogʻir inqirozga olib keldi. Bunday murakkab holatdan chiqariladigan asosiy saboq shundan iboratki, bu ofat jahondagi barcha mamlakatlar bir-biri bilan uzviy bogʻlanib ketganini yana bir bor namoyish etdi”.

Shu maʼnoda, BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi muayyan anʼanaviy va oʻziga xos xususiyatlarga ega. Shulardan ayrimlariga eʼtiboringizni qarataman.

Avvalambor, BMT oliy organi boʻlmish Bosh Assambleyaning navbatdagi sessiyasi, mazkur nufuzli xalqaro tashkilot Nizomiga muvofiq, har yili sentyabr oyining uchinchi seshanbasida ochiladi. Bu yil ham 15-sentyabr kuni Nyu-York shahrida Bosh Assambleyaning navbatdagi sessiyasi anʼanaviy tarzda ochildi.

Ayni chogʻda, BMT Bosh Assambleyasi yangi sessiyasining avvalgi 74 ta sessiyadan shaklan va mazmunan farq qiladigan bir qator xususiyatlari mavjud.

Birinchi xususiyat – koronavirus pandemiyasi sababli sessiya ishi masofaviy, yaʼni onlayn shaklda tashkil etilmoqda. Bu, oʻz navbatida, sessiyaning yalpi majlislarida avvalgilardan koʻra koʻproq davlat va hukumat boshliqlari ishtirok etishiga imkoniyat yaratadi.

Biz bunday ijobiy voqelikka inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumini tashkil etish asnosida duch keldik. Yaʼni, bu yilgi Samarqand veb-forumi ishtirokchilari soni ikki yil oldin Samarqandda oʻtkazilgan inson huquqlari boʻyicha Osiyo anjumani ishtirokchilari miqdoriga nisbatan qariyb 2,5 barobar koʻp boʻldi. Forum onlayn shaklda tashkil etilgani, ayniqsa, xalqaro tashkilotlarning koʻplab oliy darajadagi martabali shaxslari uchun qulaylik tugʻdirdi.

Ikkinchi xususiyat – Bosh Assambleya 75-sessiyasiga ilk bor Turkiya vakili raislik qiladi. Avvalgi sessiyaga raislik qilib kelgan nigeriyalik diplomat Tidjani Muhammad-Bande oʻrniga navbatdagi sessiyaga raislik qilish uchun turkiyalik diplomat Vulqon Boʻzqir saylandi.

Tidjani Muhammad-Bande oʻz oʻrindoshiga omad tilar ekan, faoliyati dunyodagi barcha davlatlar tengligiga asoslangan Bosh Assambleyaning oʻrni naqadar muhimligini taʼkidladi. Chindan ham, qaror qabul qilish uchun ovoz berishda barcha davlatlar teng huquqqa ega ekani nazarda tutilsa, BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyalari butun insoniyat orzu-tilaklarini ifoda etishi va xalqaro huquq normalari rivojiga koʻmaklashishi nuqtayi nazaridan beqiyos ahamiyat kasb etadi.

Uchinchi xususiyat – bu yilgi sessiya yubiley anjumani hisoblanadi. Chunki u BMT tashkil etilganining 75 yillik qutlugʻ sanasi nishonlanayotgan yilda oʻtkazilmoqda.

Toʻrtinchi xususiyat – yuqori darajadagi tadbirlar haftasi doirasida yana uchta muhim uchrashuv tashkil etiladi. Bular – 30-sentyabrga moʻljallangan Bioxilmaxillik boʻyicha sammit, 1-oktyabrda oʻtkaziladigan Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish boʻyicha Pekin deklaratsiyasining 25 yilligiga bagʻishlangan majlis hamda 2-oktyabr kuniga rejalashtirilgan yadroviy qurolsizlanish masalalari boʻyicha majlisdir.

Beshinchi xususiyat – BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasining oliy darajadagi asosiy tadbirlari 22-30-sentyabr kunlari boʻlib oʻtadi. Shu bir hafta ichida koʻplab davlat rahbarlari maʼruza bilan chiqish qiladi.

Dastlabki maʼlumotlarga qaraganda, davlat rahbarlaridan faqat AQSH Prezidenti Donald Tramp BMTning Nyu York shahridagi qarorgohidan ishtirok etadi. Boshqa davlatlar rahbarlari masofaviy tarzda qatnashib, oʻz maʼruzalarini videokonferensiya shaklida oʻqib beradilar.

Oltinchi xususiyat – Bosh Assambleya 75-sessiyasi kun tartibida 23-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning maʼruzasi koʻzda tutilgan. Davlatimiz rahbarining BMT yuksak minbaridan yangraydigan navbatdagi chiqishidan ham nafaqat xalqimiz, balki mintaqamiz, butun dunyo jamoatchiligi oʻtkir va dolzarb xalqaro tashabbuslarni kutmoqda.

Yettinchi xususiyat – koronavirusga qarshi kurash, vaksina egoizmiga yoʻl qoʻymaslik, sogʻliqni saqlash tizimini mustahkamlash, pandemiya sharoitida aholining nochor qatlamlarini himoya qilish kabi masalalar muhokama va munozaralar markazida boʻladi. Bu ham yangi tahlikali davrning dolzarb talabidir. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish haqqoniy taʼkidlaganidek, “COVID-19 pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozning naqadar jiddiy ekani barcha uchun tushunarli boʻlmogʻi kerak”.

Sakkizinchi xususiyat – sessiyada bugungi koronavirus inqirozi sharoitida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish masalasiga alohida eʼtibor qaratiladi. Nega deganda, dunyo tarixiy koʻlamlarga ega boʻlgan, yaʼni keyingi 50 yil davomida kuzatilmagan eng yirik tahdid va inqirozga duch kelib turibdi. BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari insoniyatni himoya qilish va farovonligini oshirishga qaratilgan boʻlib, bu borada yakdillik bilan saʼy-harakat qilish uchun oʻziga xos chaqiriq hisoblanadi.

– Sizningcha, jahon jamoatchiligi BMTning navbatdagi sessiyasidan nimalarni kutmoqda?

– Bu savolingizga javob berishdan oldin, Birlashgan Millatlar Tashkiloti joriy yilning yanvar oyidan boshlab turli mamlakatlar, tarmoqlar va avlodlarni qamrab olgan keng koʻlamli xalqaro muloqotlar oʻtkazganiga eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq, deb oʻylayman.

Bunda yer yuzidagi insonlar nimalarga ishonishi va nimalardan xavotirda ekanini anglash, ularning hayot tajribasidan saboq chiqargan holda, dunyodagi barcha insonlarning yaxshi yashashiga erishish yoʻllarini global hamjihatlikda belgilab olish hamda bu haqda jahon jamoatchiligiga axborot yetkazish maqsadi koʻzda tutildi. «BMT – 75» deb nomlangan ushbu tashabbus asosida 2045-yilgacha, yaʼni BMTning 100-yilligi nishonlanadigan davrga qadar boʻlgan muddat uchun ayni yoʻnalish boʻyicha global yondashuv shakllantirildi.

Bu borada aniq, batafsil va xolis dalillarga tayangan statistik maʼlumotlarga ega boʻlish uchun ijtimoiy soʻrovlar ham oʻtkazildi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari materiallari tahlil qilindi.

Mazkur muloqot va tadqiqotlar asosan uchta masala, xususan, insoniyat kelajagi, dunyodagi mavjud tendensiyalar va global hamkorlik istiqbollariga qaratildi.

Ana shu uchrashuv va muloqot ishtirokchilari tomonidan ilgari surilgan gʻoyalar endilikda Bosh Assambleya sessiyasi munozaralarida davlatlar boshliqlari va BMT rahbariyati muhokamasi uchun taqdim etilmoqda.

– Oʻzbekistonning bu boradagi ishtiroki qanday boʻldi?

– Mamlakatimiz BMT Bosh kotibi ilgari surgan “Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75 yilligi: kelajakka nigoh” mavzusida turkum Global munozaralar oʻtkazish tashabbusini toʻla qoʻllab-quvvatladi. Shu tashabbus doirasida joriy yil davomida milliy va xalqaro hamkorlarimiz bilan uchta global onlayn munozara tashkil qildik.

Global munozaralarning birinchisi: “Oʻzbekiston va BMT: Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlidagi hamkorlik” deb nomlandi. Anjuman 2020-yil 26-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari hamda BMTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan videokonferensaloqa shaklida tashkil etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Forum ishtirokchilariga murojaatida taʼkidlaganidek, “Oʻzbekiston BMTning Nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa xalqaro shartnomalarning maqsad va tamoyillariga sodiq hamda oʻz zimmamizga olgan majburiyatlarimizni ogʻishmasdan bajarib kelmoqdamiz. Bu biz amalga oshirayotgan, 2017-2021-yillarga moʻljallangan Milliy harakatlar strategiyasining eng muhim yoʻnalishlaridan biridir”.

Ushbu xalqaro forum BMT Nizomi imzolangan tarixiy kunda oʻtkazilganida, uning ishida BMT va ushbu nufuzli tashkilotning butun dunyodagi tuzilmalaridan oliy darajadagi vakillar ishtirok etganida hamda mazkur anjuman yer yuzidagi insonlarning hayotini yaxshilash uchun global hamkorlikning muhimligini alohida taʼkidlashga xizmat qilishida oʻziga xos ramziy maʼno bor.

Binobarin, BMT Nizomi 1945-yil 26-iyunda San-Fransisko shahrida 50 ta davlat, jumladan, sobiq SSSR, Buyuk Britaniya, Xitoy, AQSH, Ukraina va Fransiya tomonidan imzolangan boʻlib, huquqning muhim vositasidir. 1945-yil 24-oktyabrda kuchga kirgan BMT Nizomida tashkilotning tuzilmasi, mojarolarni hal qilish va tajovuzkor harakatlar, tinchlik va xavfsizlikka tahdidlarga javob berishning asosiy tamoyillari mustahkamlangan. Ushbu sana BMT tashkil topgan kun sifatida butun dunyoda keng nishonlanadi.

Bugungi kunda Birlashgan Millatlar Tashkiloti dunyodagi yagona, tom maʼnoda universal xalqaro tashkilot hisoblanadi. BMT davlatlarning oʻz sarhadlaridan tashqariga chiqadigan masalalarni hal etib kelmoqdaki, bu muammolarga birorta mamlakatning yolgʻiz oʻzi yechim topishi mumkin emas.

Bundan 28 yil oldin yangi demokratik davlat – Oʻzbekiston Respublikasi Tashkilotning teng huquqli aʼzosiga aylandi. Shundan buyon biz oʻz masalalarimizni hal etishda har doim BMTning koʻmagiga tayanib kelmoqdamiz.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish qayd etganidek, “Oldimizda turgan muammolarni hech bir mamlakat, hech qaysi jamiyat yakka holda hal eta olmaydi va shuning uchun barcha saʼy-harakatlarimizni birlashtirishimiz zarur. Biz nafaqat soʻzlashimiz, balki tinglashimiz ham lozim”.

Maʼlumki, bundan besh yil avval BMTga aʼzo-davlatlar 2030-yilgacha moʻljallangan Barqaror rivojlanish kun tartibini qabul qilgandi. Oʻzbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish boʻyicha Milliy indikatorlar muvaffaqiyat bilan amalda tatbiq etilmoqda. Mamlakatimiz Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish boʻyicha oʻzining birinchi Ixtiyoriy milliy sharhini keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazib, BMTning Iqtisodiy va Ijtimoiy kengashiga taqdim etdi.

– Oʻzbekiston rahbariyati tashabbusi bilan “BMTning 75 yilligi: kelajakka nigoh” global muhokamalari doirasida yana bir xalqaro anjuman oʻtkazilgandi, toʻgʻrimi?

– Ha. Global munozaralarning ikkinchisi: shu yil 21-iyul kuni “Barqaror rivojlanish maqsadlari va barqaror ijtimoiy taraqqiyot: COVID-19 asoratlaridan keyin samarali tiklanish” mavzuida videokonferensaloqa shaklida tashkil etildi. Unda parlament palatalari, tegishli vazirlik va idoralar, BMT va uning ixtisoslashtirilgan tuzilmalari, mamlakatimizda akkreditatsiyadan oʻtkazilgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

JSST Bosh direktori T.Gebreysus anjuman ishtirokchilariga yoʻllagan videomurojaatida “Pandemiya bizga sogʻliq hashamat belgisi emasligini eslatib qoʻydi. Bu iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy barqarorlik asosidir. U favqulodda vaziyatlarga tayyorlik va unga javob berishni taʼminlashga investitsiya umumiy kelajagimiz uchun sarmoya ekanligini anglatib qoʻydi. Sogʻliqni saqlashning asosiy xizmatlaridan foydalanish uchun imkoniyat yaratishni qoʻllab-quvvatlash COVID-19dan keyin mamlakatlarning qayta oyoqqa turishida hal qiluvchi ahamiyatga ega”, deya taʼkidladi.

YUNESKO Bosh direktori Odre Azule ham tadbir qatnashchilarini qutlab, taʼlim maqsadlari uchun koʻmak berish yana kuchaytirilayotgan boʻlsa-da, bugungi kunda COVID-19 pandemiyasi bizni bir necha yil ortga qaytarib yuborish tahdidini yuzaga keltirayotganini qayd etdi.

O.Azule taʼbiri bilan aytganda, “Pandemiyaning buzgʻunchi oqibatlariga duch kelgan ekanmiz, taʼlim ehtiyojlari uchun yordam, shubhasiz, har qachongidan ham koʻra muhimdir. Mamlakatlarga pandemiyaga qarshi kurashish uchun qoʻshimcha mablagʻlar kerak boʻladi va taʼlim ham koʻmak berish, ham milliy miqyosda mablagʻ ajratish hajmlari nuqtayi nazaridan ustuvor yoʻnalishga aylanishi shart. Bu taʼlim sohasidagi Global maqsadlarimiz – BRM-4ga erishishdan ortda qolishdan qochishimiz uchun kerak”.

Global munozara ishtirokchilari Oʻzbekistonda 2030-yilgacha boʻlgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlari kun tartibi ijrosiga ijobiy munosabat bildirdi. Ayniqsa, Oʻzbekistonning pandemiyadan keyin Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish, madaniy merosning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi roli va hissasi, barqaror ijtimoiy rivojlanishni taʼminlash maqsadida barcha uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratib berish zarurligi toʻgʻrisidagi nuqtayi nazari yuqori baholandi.

– “Yoshlar-2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzuidagi Samarqand veb-forumi shunday Global munozaralar sirasiga kiradimi?

– Albatta. 12-13-avgust kunlari yoshlar huquqlarini himoya qilishning dolzarb masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan mazkur uchinchi Global munozara tafsilotlariga qisqacha toʻxtalish joiz, deb oʻylayman.

Bu Global munozara, Oʻzbekiston Prezidenti taʼbiri bilan aytganda, “nafaqat mamlakatimiz, balki jahon yoshlari hayotini yaxshilash uchun global hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi”. Unda “Yoshlar-2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” nomli Samarqand rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Yaqinda Samarqand rezolyutsiyasi BMT Bosh Assambleyasi 74-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida taqdim etildi. Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) Doimiy kengashining yaqinda boʻlib oʻtgan majlisi yakunida Samarqand rezolyutsiyasi YEXHT Doimiy kengashining rasmiy hujjati sifatida tarqatildi.

Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Bosh kotibiyatining rasmiy xati bilan esa Inson huquqlari boʻyicha Samarqand veb-forumining yakuniy hujjati IHTga aʼzo barcha davlatlarga yuborilgan. Mazkur hujjat Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi (MDH) rasmiy saytida ham eʼlon qilingan.

– Oʻzbekiston va BMT oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati hamda istiqbollariga ham toʻxtalsangiz?

– Oʻzbekiston Bosh kotib Antoniu Guterrishning BMTni zamonaviy talablar asosida isloh qilishga qaratilgan saʼy-harakatlarini toʻla qoʻllab-quvvatlaydi.

Bugungi kunda Tashkilot oldida butun insoniyat uchun oʻta muhim ahamiyatga ega boʻlgan dolzarb vazifalar turibdi. Bular  turli mojarolarni hal qilish, xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, iqlim oʻzgarishlari oqibatlarini bartaraf etish, pandemiyalarning tarqalib ketishiga yoʻl qoʻymaslik, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlash kabi vazifalardir.

Oʻzbekiston BMTning Nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa asosiy xalqaro shartnomalarning maqsad va tamoyillariga sodiq hamda oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarini ogʻishmasdan bajarib kelmokda.

Yangi tashabbuslar va qoʻshma loyihalarni ilgari surish maqsadida Oʻzbekiston tomonidan BMT bilan oʻzaro hamkorlikni yana-da rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi va izchil amalga oshirilmoqda. Ushbu hujjatdagi vazifalarning toʻliq roʻyobga chiqarilishi munosabatlarimizni yangi, yana-da yuqori bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Xulosa oʻrnida BMT tashkil etilganining 75 yillik yubileyi barchamizga muborak boʻlsin, deymiz. Bugungi kunda, ayniqsa, jahon hamjamiyati vujudga kelgan yangi vaziyatga moslashishi uchun bor kuch va imkoniyatlarni faollashtirishi talab etilayotgan hozirgi paytda ushbu Tashkilot oʻta muhim ahamiyatga egadir. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Oʻzbekiston BMT tuzilmalari bilan yaqin hamkorlikni davom ettiradi”.

 

OʻzA muxbiri Nazokat USMONOVA suhbatlashdi.