Xoʻjaylining 2400-yillik tarixi aks etgan tarixiy devor qad rostladi

Mustaqillik bayrami arafasida Xoʻjayli tumanida tarixiy esdalik devor qad rostladi. Unda tumanning 2400-yillik uzoq tarixiga oid koʻrgazma oʻz aksini topgan.
− Bu orqali biz butun dunyoga mamlakatimizning betakror madaniy merosini, ochiq osmon ostidagi nihoyatda beqiyos tarixiy oʻtmishini tanitib, turizmning rivojlanishiga keng yoʻl ochishni maqsad qilganmiz, − deydi Xoʻjayli tumani hokimi Jengis Yermashev. − Ushbu tarixiy koʻrgazma devorni yaratish gʻoyasi tumanimiz yoshlari tomonidan ilgari surildi.
Xoʻjayli Markaziy Osiyodagi eng qadimiy shaharlardan biri hisoblanadi. Oʻrta asr yozma manbalarida Xoʻjayli shahri Mizdakxan nomi bilan mashhur boʻlgan. U haqida X asrda istiqomat qilgan arab geograflari Ibn Ruste hamda al-Istrahiylar yozib qoldirgan. Shuningdek, yana bir arab geografi al-Maqdisiyning qayd etishicha, Mizdakxan 12 ming feodal qalʼalarining markaziy shahri boʻlgan.
Shaharning eng qadimiy qismi Gauir qalʼa nomi bilan maʼlum boʻlib, u toʻqqiz gektardan ortiq maydonga ega tabiiy tepalik sanaladi.
IX-XI asrlarda qalʼada yangi qoʻrgʻon devorlar qad rostlab, hokim saroylari qurilgan. Shu joydan Xitoy tangalari, Oʻrta Yer dengizi boʻyi xalqlariga oid chinni buyumlar, Qora dengiz boʻyi narsalari topilgan. Demak, Mizdakxan Sharq bilan Gʻarbni bogʻlab turgan.
Xoʻjayli – mashhur beshta shaharning biridir. Bu yerga odamlarning doimiy makon tutganiga 2400-yildan oshdi, degan ilmiy tasdiqlar mavjud. Xoʻjayli nomi XVII asrda paydo boʻlgan. Tarixda Xoʻjayli Gauir, Antakiya, Mizdakxan nomlari bilan mashhur boʻlgan. Xoʻjaylining ustidan Buyuk Ipak yoʻli karvonlari Sharq davlatlariga betinim oʻtib turgan. Shu vaqtlardan mahalliy aholi ulardan yuqori madaniyatni, savdo-sotiqni oʻrgangan.
1221-yilda Chingizxon istilosi Xorazm yurtiga katta talafot keltirib, mintaqadagi xalq turmushini izdan chiqarib yubordi. Xoʻjayli (Mizdakxan) ham maʼlum vaqt rivojlanishdan toʻxtab qoldi.
XIII asrning ikkinchi yarmidan boshlab Gʻarbni va Sharqni bogʻlovchi Buyuk Ipak yoʻli faoliyati tiklandi va Xoʻjaylida hayot oʻz maromiga qayta tiklandi. Shu davrlarda Xitoy, Hindiston, Eron, Suriya dalatlari, Volga boʻyi va Qora dengiz sohillaridagi shaharlarning savdogarlari, sayohatchilari shu joyda toʻxtab oʻtgan.
Shahar aholisi zargarlik, toʻqimachilik, qurilish, dehqonchilik, chorvachilik va baliqchilik kabi 60 ga yaqin har xil kasblar bilan shugʻullangan.
Rivoyatlarga koʻra, qadim zamonlarda Xoʻjaylida non yopadigan tandirlar kam boʻlgan. Bitta koʻchaga atigi bitta tandir xizmat qilgan. Bu Xoʻjayli xalqining birdamligi, totuvligini anglatgan. Odatda tashqi dushmanlar biron shaharni bosib olmoqchi boʻlsa, shu shaharda qancha tandir borligini tekshirib chiqishar ekan. Agar tandir koʻp boʻlsa, demak u yerda xalqning birdamligi yoʻqligini bildirgan.
Xoʻjayli tarixini eslatuvchi ushbu devorda Xoʻjaylining tashrif qogʻozi sanalgan Mizdakxan esdaliklar majmuasi hamda unga kiruvchi Mazlumxansuluv mavzoleyi, Shamun Nabi maqbarasi, Joʻmart qassob tepaligi, Yerejep xalfa uyi va boshqa esdaliklar ham tasvirlangan.
Devorga “Xoʻjayliga piyoda kelgan, ot minib ketadi” deb yozilgan. Ushbu ibora ming yillardan buyon bizning davrgacha yetib kelgan. Bu Xoʻjayliga hech narsasiz kelgan kishi ham boyib ketadi, degan maʼnoni anglatadi. Chunki, Xoʻjayli – savdo karvonlari oʻtadigan, hayot qaynagan shahar boʻlgan.
Xoʻjayli tumani 1927-yilda tashkil topgan. Aholisi 123 mingdan ortiq.

 

Ye.QANOATOV, OʻzA