Hamisha xalqimiz yodida

2-sentyabr – Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov xotirasi kuni
 
Islom Karimov Qashqadaryo obkomining birinchi sekretari sifatida ishga yuborilgan 1986-yilda men oblast partiya komitetining nashri – “Qashqadaryo haqiqati” viloyat gazetasida ishlardim.
Yangi viloyat rahbariga oʻtmishdan ogʻir meros qolgandi. “Paxta ishi” tufayli Moskvadan kelgan maxsus tergov guruhi rahbarlari – Gdlyan va Ivanovning zugʻumiga chidolmagan viloyat partiya qoʻmitasining yigirma besh yillik birinchi kotibi, Sharof Rashidovning safdoshi, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Roʻzmet Gʻoipov oʻz joniga qasd qilgan, undan keyin bir yilgina ishlagan surxondaryolik Normoʻmin Turopov ishdan boʻshatilib, ustidan jinoiy ish qoʻzgʻatilgan edi.
Mana shunday ogʻir bir sharoitda Respublika davlat plan qoʻmitasining raisi, moliya vaziri boʻlib ishlagan Islom Karimov viloyatni qabul qilib oldi. Bu oʻz fikriga ega, qatʼiyatli kadr uchun oʻsha yillardagi respublikaning “qoʻgʻirchoq” hukumati tomonidan oʻylab topilgan bir “surgun” – maqsad Islom Karimovni yoʻq qilish edi.
Islom Karimov ishni viloyat bilan tanishishdan boshladi. Bir oʻzi kuzatuvchilarsiz obkomning uncha yangi boʻlmagan “Gaz-24” (Volga) mashinasida viloyatning togʻ va choʻl zonasidagi eng olis qishloqlarigacha borib chiqdi. Odamlar bilan tanishdi, sharoitlarni oʻrgandi, muammolar bilan qiziqdi. Qama-qamalar, adolatsizliklardan aholi charchagan, turmush ogʻirlashgan, kattayu kichik rahbarlar qoʻrqib qolgan, hammaning boshi egik edi.
Men tugʻilib oʻsgan Chiroqchi tumanidagi Koʻkdala qishloq sovetining raisi boʻlib ishlagan rahmatli Shodmon buva Jumayev shunday hikoya qilardi:
“Bir kuni ertalab idoramizning oldida turgandim. Oppoq ”Volga“ kelib toʻxtadi va undan rangi toza, odmi kiyingan, oʻrta boʻyli kishi tushib, men bilan salomlashdi va yonimizdagi ”Selxoztexnika“ mashina-traktor parki tomon yurdi. Oblast va rayondagi aksar kattayu kichik rahbarlarni tanirdim, bu odamni esa eslolmadim. Shuning uchun uni kuzatib turdim. U mashina-traktor parkining ochiq turgan darvozasidan ichkariga kirib, hovlida turgan texnika vositalarini birma-bir koʻzdan kechirdi, qorovuldan nimalarnidir soʻradi va qaytib chiqdi. Korxona rahbari hali ishga kelmagandi.
U yana mening yonimga keldi. Qishloqda qancha aholi yashashi, nechta maktab va bogʻcha borligi, kasalxona va boshqa sharoitlarni soʻray boshladi. Men sergak tortdim. ”Kechirasiz, men sizni tanimayroq turibman“ dedim. U kishi javob berdi: ”Karimovman“. ”Qaysi Karimovlardansiz?“ Shunda u kishi miyigʻida kuldi va oʻzini tanishtirdi. ”Men obkomning yangi birinchi sekretari Islom Abdugʻaniyevich Karimov boʻlaman“ dedi. Hayajonlanib, hovliqib qolibman, shekilli, ”Assalomu alaykum, Islom aka, unda boshqatdan bir koʻrishaylik“ deb ikki qoʻllab qoʻlini siqdim. Islom Abdugʻaniyevich jilmayib qoʻydi va men bilan xayrlashib, mashinaga oʻtirdi. Keyin ham qishlogʻimizga bir necha bor keldi”.
Bir kuni bosh muharririmiz hammani obkomning yangi birinchi sekretari chaqirayotganini aytdi. Viloyatning barcha jurnalistlari yigʻilgach, Islom Abdugʻaniyevich ularga qarata: “Men viloyatda yangi odamman. Sizlar menga yordam beringlar. Viloyatdagi sharoitni, muammolarni aytinglar!”, dedi va u kishining taklifi bilan biz tumanlarga biriktirilib, odamlarni dala ishlariga jalb qilish maqsadida targʻibot-tashviqot yumushlarini olib bordik. Masalan, men oʻsha paytdagi Usmon Yusupov nomidagi tumanga (hozir Mirishkor) borib, brigadalarda devoriy gazetalar chiqarganmiz.
Bu ishlar qanday natijalar berganini bilmadim. Ammo shundan soʻng Islom Karimov har oyda biz bilan uchrashadigan boʻldi. Savollarimizga javob berar, injiqroq hamkasblarimiz bilan bahslashishdan erinmasdi. Yoki har dushanba kuni boʻladigan tahririyat “planirovka”larida qoʻqqisdan bosh muharririmizga qoʻngʻiroq qilib qolar, gazetada berilayotgan maqolalar haqida fikr bildirar, koʻrsatmalar berardi.
Umuman, Islom Abdugʻaniyevich jurnalistlarga nisbatan eʼtiborli edi. Keyinroq u kishi respublikaga birinchi rahbar boʻlib ketgach, OʻzAning viloyatdagi muxbiri sifatida koʻp bor Qashqadaryoga qilgan safarlarida hamroh boʻlganman, oʻtkazgan yigʻilishlarida ishtirok etganman. Toshkentga qaytar ekan, aeroportda, albatta, jurnalistlar bilan birma-bir qoʻl berib koʻrishar va safar haqidagi fikrini, savollari boʻlsa, berishini soʻrardi. Jurnalistlar bilan koʻproq gaplashishga intilardi.
U kishining Qashqadaryoga mehri boʻlakcha edi. Bu vohani ikkinchi ona yurtim, deb atardi. Va bir gapni koʻp bora takror-takror aytganini eshitganman: “Mening Toshkentda kabinetlarda oʻtgan 27 yillik umrim Qashqadaryoda ishlagan 3 yillik ish faoliyatim bilan teng tosh bosadi” derdi. Imkoni boʻlsa, bir yilda ikki bor, hech boʻlmasa, albatta, bir bor bu vohaga safar qilar, koʻpincha yoz oylarida yoki paxta yigʻim-terimi mavsumida borardi. Biz u kishi hayotining eng qizgʻin yillari oʻtgan joylarni koʻrib, birga ishlagan odamlar bilan uchrashib, mehnatlarining samarasini sezib, zavq, kuch-quvvat olishini his qilardik. Qashqadaryoliklar ham bu kishini yaxshi koʻradi. Ogʻir damlarda voha ahlini qoʻllab-quvvatlagani, viloyat shahar va qishloqlarini obod va koʻrkam qilishga qoʻshgan hissasini sira unutmasdi.
Bu dunyoda hech kim boqiy emas. Islom Karimov “oʻtgan”ida butun Oʻzbekiston yigʻlaganining guvohi boʻldik. Bugun Islom Abdugʻaniyevich oramizda yoʻq. Ammo u kishi amalga oshirgan ezgu ishlar hamisha barhayot. Ekkan daraxtlari yashnab turibdi. Shogirdlari mamlakatni boshqarmoqda.
Shu oʻrinda Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish maqsadida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan donishmandona ish tutilganiga butun dunyo tan bermoqda. Mamlakatimiz poytaxti – Toshkent shahrida, u kishi tugʻilib oʻsgan Samarqandda, katta siyosatga uchirma boʻlgan Qashqadaryo viloyatining markazi – Qarshi shahrida Birinchi Prezidentimizning haykallari qad rostlab turibdi. Ishlagan, asosiy umri oʻtgan Oqsaroy qarorgohida ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmui tashkil etilgan. Xalqaro aeroportga, u kishi oʻqigan texnika universitetiga, qator koʻchalarga Islom Karimovning nomi berilgan va hakoza.
Qaytar dunyo deganlari rost ekan. Bir vaqtlari u kishining oʻzi elimizning atoqli davlat arbobi Sharof Rashidovga nisbatan tarixiy adolatni tiklagandi. Oʻzbekiston hukumati bu masala – oʻtmishga munosabatda koʻplab olis va yaqin davlatlarga ibrat boʻlmoqda, deyishimiz mumkin.
Taʼkidlashim kerakki, ijtimoiy tarmoqlarda baʼzi bir xorijdagi hamkasblarimizning Birinchi Prezidentimiz shaʼniga bildirayotgan tanqidiy fikrlarini men sira qabul qilolmayman. Ularga aytadigan gapim: shu odamning oʻrnida siz boʻlganingizda nima qilardingiz? Islom Abdugʻaniyevich oʻzbek xalqi uchun qilgan xizmatlarining yuzdan birini ham qilmagan holda unga “tosh otish”, “gʻiybat, boʻhton” ishlar bilan shugʻullanish gumrohlik. Beayb parvardigordir.
Bugun aytilayotgan muammolar hamma zamonlarda boʻlgan va bundan keyin ham kamayib qolmaydi. Xalqimiz erkin va farovon yashashga haqli. Shuning uchun ham odamlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlamoqda. Ayniqsa, bu yil mamlakatimizda sodir boʻlgan sinovli voqealar – Buxorodagi toʻfon, “Sardoba” suv omboridagi toshqinlar, butun yer yuzini qamrab olgan koronavirus pandemiyasi Oʻzbekiston xalqini yana-da jipslashtirdi, davlatga ishonchini orttirdi. Prezidentimizning Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan soʻzlagan nutqi xalqimizni yangi bunyodkorliklar sari undamoqda. Xalq va davlat birligi, bir-birini qoʻllab-quvvatlashi yutuqlarimizning asosiy omili boʻlmoqda.
Eng muhimi, tinchlik va mustaqillikni asrashdir. Xalqimiz, avlodlarimiz Birinchi Prezidentimizning nomini hali koʻp yillar minnatdor boʻlib yod etgay…

 

Abdujalol TAYPATOV, OʻzA