25 nafar nuroniyga “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishonlari topshirildi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligida bir guruh nuroniylarga “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishonlari topshirildi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, Prezidentimizning 2017-yil 14-iyuldagi “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra
turli sohalarda koʻp yillar davomida halol va samarali mehnat qilgan nafaqa yoshidagi faxriylar, oilalarni mustahkamlash, yoshlarni ona Vatanga muhabbat, istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashga munosib hissa qoʻshayotgan nuroniylar munosib taqdirlanmoqda.
Davlatimiz mustaqilligining 29 yilligi arafasida Qoraqalpogʻiston Respublikasidan 25 nafar nuroniy ushbu koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Shundan 7 nafari I darajali, 8 nafari II darajali va 10 nafari III darajali koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Tadbirda ushbu koʻkrak nishonlari oʻz egalariga tantanali ravishda topshirildi.
– Bu mukofotni nafaqat menga balki, barcha eldoshlarimga, faxriylarga berilgan eʼtibor deb bilaman, – deydi III darajali “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni sohibi, Moʻynoq tumani Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻining oʻrinbosari Janaboy Jusipov. – Eng ulugʻ va eng aziz bayram arafasida berilgan unvon har bir nuroniyga bugungi sinovli kunlarda yana-da masʼuliyat yuklaydi.
Taqdirlash marosimida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi oʻrinbosari A.Davletov ishtirok etdi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA