Bayram arafasida 16 mahkuma ayol muddatidan ilgari ozod etildi

Bagʻrikenglik 

Ayol borki – olam munavvar, degan kalomni takrorlashni yaxshi koʻramiz. Chunki ayol zoti onalik mehri bilan oilani, dunyoni charogʻon qilishga qodir.

Ammo har toʻkisda bir illat, deganlaridek, hayotda adashib turli yoʻllarga kirib qolayotgan xotin-qizlar ham uchrab turadi. Biroq xato qilsa ham, jinoyat sodir etsa ham onalarni kechirish mumkin va kerak. Chunki uning bir ogʻiz iliq soʻziga, issiq mehriga muhtoj qalblar bor.

Shu nuqtayi nazarda jamiyatimizda ayollarga nisbatan doim mehr-shafqat asosida bagʻrikenglik qilib kelinmoqda. Ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyat sodir etgan ayollar tegishli tashkilotlar kafilligi asosida qamalmasdan, jazodan ozod etilayotgani buning yaqqol dalilidir.

Mana shunday siyosat natijasida adashgan, ammo xatosini tushunib, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan mahkuma ayollarga ham yengillik berilmoqda. Ular jazodan muddatidan ilgari ozod qilinib, oilasi, farzandlari bagʻriga qaytarilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudida jazoni ijro etish muassasalarida ogʻir, oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan 18 mahkuma ayolning nazorat tartibida bergan shikoyatlari koʻrib chiqildi.

Oliy sud raisining oʻrinbosari Ikrom Muslimov raisligida boʻlib oʻtgan ochiq sud majlislarida har bir ayolning nazorat tartibida bergan arizasi qonun doirasida batafsil oʻrganildi. Mahkuma ayollar jazoning asosiy qismini oʻtagani, qilmishidan chin koʻngildan pushaymonligi, jazoni oʻtash jarayonida oʻzini ijobiy jihatlarini namoyon etib, muassasa rahbariyatining tashakkurnomasini olgani alohida eʼtiborga olindi.

– Bilmasdan giyohvandlik savdosiga aralashib qolganim uchun 2012-yilda 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edim, – deydi koʻzida yosh bilan 62 yoshli samarqandlik Lola opa. – Uch nafar farzandim bor, ularning yaxshi kunlarida qatnasha olmadim. Qilgan ishimdan ming bor pushaymonman. Qaytib bu yoʻlga aslo kirmayman. Qilmishim menga saboq boʻldi. Meni kechirganlari uchun Prezidentimizga, xalqimizga minnatdorligimni bildiraman. Ayolning oʻrni oilada ekan, boshqa ayollarga ham bu kabi jinoyatlarga aralashmasliklarini tilardim.

Sud ajrimi bilan sodir etgan jinoyati uchun tayinlangan jazoning asosiy qismini oʻtagani, qilmishiga iqror va pushaymon boʻlgani, yoshi hamda kafolat xati inobatga olinib, 16 ayol jazodan muddatidan oldinroq ozod qilinib, oilasi, yaqinlari bagʻriga qaytarildi. Ikki nafarining jazo muddati qisqartirildi.

Yurtimizda Mustaqillik bayrami nafasi kezayotgan shu kunlarda bu ezgu tadbir ayollarga boʻlgan eʼtiborning, xalqimizga xos yuksak insonparvarlik va bagʻrikenglikning yana bir yorqin namunasi boʻldi.

 

Norgul ABDURAIMOVA, OʻzA