Oʻzbekiston – Buyuk britaniya: doʻstlik aloqalari rivojlanmoqda

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi hamda “Britaniya – Oʻzbekiston“ jamiyati oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Shu munosabat bilan onlayn tarzda tashkil etilgan tadbirda qoʻmita raisi Rustambek Qurbonov, Oʻzbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi Favqulodda va muxtor elchisi Said Rustamov hamda “Britaniya – Oʻzbekiston” jamiyati raisi Lui Skiner ishtirok etdi.
Uchrashuvda ishtirokchilarga qoʻmitaning tarkibiy tuzilishi, maqsad va vazifalari hamda faoliyati haqida qisqacha maʼlumot berildi.

10.jpg

15.jpg

– Mamlakatimizda hozirgi paytda 130 dan ziyod millat vakillari bir oila aʼzolaridek inoq hayot kechirmoqda. Ular oʻzlarining fidokorona mehnati bilan Oʻzbekiston ravnaqiga munosib hissa qoʻshmoqda, – dedi qoʻmita raisi R. Qurbonov.
Taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston dunyoning turli davlatlari bilan oʻzaro manfaatli munosabatlarni yana-da mustahkamlashga qaratilgan siyosat olib bormoqda. Bu jarayonda, jumladan, xalq diplomatiyasidan ham unumli foydalanilmoqda. Mamlakatimizda barcha millat vakillari uchun oʻz madaniyati, urf-odatini asrab-avaylash, milliy qadriyatlarni rivojlantirish uchun barcha sharoit yaratilgan. Xususan, bugungi kunda Oʻzbekistonda 36 ta doʻstlik jamiyati faoliyat olib bormoqda, 143 ta milliy-madaniy markaz ishlab turibdi.
Ushbu tadbirdan koʻzlangan maqsad esa mazkur qoʻmita bilan “Britaniya – Oʻzbekiston” jamiyati oʻrtasida hamkorlik memorandumini imzolash hamda kelgusida ikki mamlakat oʻrtasidagi madaniy aloqalarni yana-da mustahkamlashga qaratilgan.

8.jpg

11.jpg

Shuningdek, uchrashuvda Lui Skiner “Britaniya – Oʻzbekiston” jamiyatining 20 yillik tarixida oʻzaro xalq diplomatiyasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, jamiyatning maqsad va vazifalari, faoliyati haqida atroflicha maʼlumot berdi.
Taʼkidlash joiz, Buyuk Britaniya Oʻzbekistonni Markaziy Osiyoda eng barqaror rivojlanayotgan, ulkan iqtisodiy-ijtimoiy salohiyatga ega hamkor davlat sifatida koʻradi. Keyingi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasida turli sohalar, jumladan, madaniyat, sanʼat yoʻnalishidagi hamkorlik aloqalari yana-da rivojlanayotgani tahsinga sazovor. Bunda ikki mamlakat xalqlari oʻrtasidagi xalq diplomatiyasiga asoslangan aloqalar muhim ahamiyat kasb etayotir. Shu bois, tomonlar ushbu yoʻnalishdagi hamkorlikni kelgusida ham kengaytirib borish dolzarb vazifa ekanini alohida taʼkidladi. Qolaversa, shunday tadbirlar ham xalqlarimiz oʻrtasidagi madaniy aloqalarni yana-da mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Uchrashuv yakunida qoʻmita va “Britaniya – Oʻzbekiston” jamiyati oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolanib, tomonlarning oʻzaro hamkorligini yana-da mustahkamlashga kelishib olindi.

 

Saidmurod RAHIMOV, Temur MAMADAMINOV (surat), OʻzA