Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus tumanidagi chorvachilikka ixtisoslashgan “Qoʻngʻirotboy Mehri” fermer xoʻjaligi aholini goʻsht va sut mahsulotlari bilan taʼminlashda yuqori natijalarga erishib kelmoqda.
–2004-yilda faoliyatimni 150 bosh qoramol bilan boshlagan boʻlsam, bugungi kunga ularning soni 473 boshga yetdi, – deydi fermer xoʻjaligi rahbari, OʻzLiDeP faoli Yesenboy Aytmuratov. – Shundan 80 boshi Ukraina va Germaniya davlatlaridan olib kelingan naslli mol hisoblanadi. Jami 705 gektar yer maydonining 525 gektariga ozuqa uchun makkajoʻxori, beda va boshqa ekinlar ekilgan. Hozirda 75 nafar mahalliy aholi, asosan yoshlar doimiy ish bilan taʼminlangan.
Fermer xoʻjaligi qoshida sutni qayta ishlash sexi ham ishga tushirildi. Italiya davlatidan olib kelingan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan sexda bir kecha-kunduzda 3 tonna sut qayta ishlanadi. Bu yerda 7 turdagi sut mahsuloti ishlab chiqariladi.
Fermerning istiqboldagi niyati katta. Xoʻjalik faoliyatini yana-da kengaytirish maqsadida joriy yili Daniya mamlakatidan 200 bosh naslli qoramol va 14,2 milliard soʻmga sut mahsulotini qayta ishlash uskunalarini olib kelish rejalashtirilgan. Bu esa, aholini sifatli va arzon chorvachilik mahsulotlari bilan taʼminlash, yangi ish oʻrinlarini yaratish, iqtisodiyotning ajralmas bir qismi boʻlgan sohani yana-da rivojlantirishga xizmat qiladi.
Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA