Xabaringiz bor, Xalq taʼlimi vazirligi 3 ta ssenariy boʻyicha ishlayotgan edi: 1) anʼanaviy maktabni ochish, 2) onlayn maktab orqali oʻqitish va 3) aralash (gibrid) ssenariy – ham anʼanaviy ham onlayn. Telegram orqali deyarli 1 mln. foydalanuvchi qatnashgan soʻrovnomada 70 foiz ota-ona bola sogʻligʻidan xavotirda boʻlib, uyda oʻzi onlayn oʻqitishi mumkinligi, 30 foiz esa pandemiya sharoitida ham farzandini maktabga yuborishini bildirgan.
Bu haqda Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov atroflicha maʼlumot berdi.
“Aholini koʻproq qatlamini rozi qilishni inobatga olib, faqat 3-ssenariy, yaʼni ota-onalarning oʻzlariga tanlash huquqini berish eng optimal variant boʻlib turibdi.
Bir tomondan, internetda baʼzi davlatlarda maktablar ochilib, kasallik koʻpayishi natijasida qaytadan yopilgani, bolalar oʻzi kuchli kasallanmasada, kattalarga qaraganda kuchliroq virus tashuvchisi boʻlishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalayapti.
Ikkinchi tomondan, bu virusdan yaqin orada qutilmasligimizni, vaksina ishlab chiqilgan taqdirda ham uni barcha xavfsizlik sinovlaridan oʻtkazishga va ishlab chiqarib bizga yetib kelishiga ancha vaqt ketishi ham aniq. Shunga, ushbu vaqt davrida farzandlarimiz bilim olishdan orqada qolib ketmasliklari zarur.
Karantin qoidalarining yumshatilishi kasallik holatlarining ortishiga olib kelishi mumkinligi, ularni davolashga ham qoʻshimcha vaqt talab etilishi kerakligi hamda oʻqish boshlanishidan avval ularni davolab, kamaytirish muhimligi kabi faktorlarni inobatga olib ekspertlar fikridan kelib chiqib, bu yilgi oʻquv yilini 14-sentyabr – dushanba kunidan boshlash taklif sifatida kiritildi.
Shuningdek, bir hafta oldin sinov tariqasida virus tarqalmagan, xavfsiz hududlardagi baʼzi kichik maktablarni ochish, ushbu jarayonda barcha choralarni toʻliq va toʻgʻri amalga oshirilishini oʻrganib chiqish ham rejalashtirilgan. Maktabga oʻquvchilarning bir vaqtda kelmasligi, kirayotganda isitmasi oʻlchanishi, barcha darslar bir sinf xonasida oʻtilishi, tanaffusda sinf havosi shamollatilishi, oʻquvchilarga ijtimoiy masofani saqlashni tushuntirish kabi qator talablar ishlab chiqilib, joylardagi barcha maktablarda ijrosini taʼminlanish choralari koʻrilish kerak boʻladi.
Shu sababli, bugun-erta barcha maktablarda ota-onalardan soʻrovnomalar oʻtkazilmoqda. Bizga har bir ota-onaning fikri muhim. Iltimos, ushbu soʻrovnomada faol qatnashing! Pandemiya sharoitidan kelib chiqib, aynan sizning farzandingiz maktab ochilganda maktabga borib oʻqiydimi yoki uydan onlayn oʻqiydimi degan savolga faqat siz javob bera olasiz! Bizga esa bu soʻrovnomalar barcha maktablar kesimida aniq, obyektiv holat boʻyicha maʼlumotni yigʻishga imkon beradi.
Maktablar qayta ochilishi, taʼlimni aralash koʻrinishda tashkil etish, albatta, maktab jamoasiga qoʻshimcha masʼuliyat va vazifalar yuklaydi. Shuning uchun, ushbu jarayonlarda, hurmatli ota-onalarimizdan, pedagoglar mehnatini ham qadrlashlarini soʻrab qolamiz!
Ilovadagi Xalq taʼlimi vazirligining rasmiy murojaatini kengroq aholiga yetkazishda yordamingizni ayamaysiz deb umid qilamiz”, deydi Xalq taʼlimi vaziri.
OʻzA