Tadbirkorlikni rivojlantirishda hududlardagi qoʻshimcha imkoniyatlar tahlil qilindi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 20-avgust kuni mutlaqo yangi tizim, tartib va yondashuvlar asosida iqtisodiy faollikni oshirish hamda har bir tuman va shaharga qoʻshimcha zaxira yaratish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Karantin talablari yumshatilgani tufayli mamlakatimizda iqtisodiy faollik osha boshladi. Savdo, ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish va boshqa sohalardagi tadbirkorlik faoliyati tiklanib, daromadlarni koʻpaytirishga imkoniyat paydo boʻldi.

Yigʻilishda tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha shahar va tumanlardagi qoʻshimcha imkoniyatlar tahlil qilinib, ularni ishga solish choralari belgilandi.

Joriy yil 1-dekabrga qadar 500 milliard soʻm qoʻshimcha zaxira shakllantirishga toʻliq imkoniyat borligi aniq hisob-kitob qilingan. Ushbu mablagʻlar ehtiyojmand aholini qoʻllab-quvvatlash uchun respublika byudjetidan berilayotgan pullarga qoʻshimcha resurs boʻladi.

Avgust oyida 20 ming, sentyabrda 26 mingta korxona faoliyatini toʻliq quvvatga olib chiqish, ularning pandemiya tufayli toʻplanib qolgan mahsulotlarini sotish uchun shart-sharoitlar yaratish zarurligi taʼkidlandi. Buning uchun yirik shaharlarda qoʻshimcha savdo joylari tashkil etish, talab yuqori boʻlgan isteʼmol mahsulotlarini toʻliq elektron savdo tizimlariga joylashtirish vazifasi yuklatildi. Xomashyo olib kelish yoki eksportda qiynalayotgan korxonalarning transport-logistika masalalarini hal etish boʻyicha topshiriq berildi.

Viloyat hokimlari Biznes-ombudsman, Bojxona qoʻmitasi bilan birga 1-oktyabrgacha tadbirkorlar tomonidan keltirilgan texnologik uskunani ishga tushirish hamda ular uchun yer, bino, elektr, gaz va boshqa muhandislik-kommunikatsiya masalalarini hal qilish zarurligi qayd etildi.

Hududlarda tadbirkorlikni yana-da rivojlantirish boʻyicha zaxiralar koʻpligi koʻrsatib oʻtildi. Misol uchun, davlat tomonidan ajratilgan subsidiya va kam foizli kredit evaziga Forish tumanida 100 ta quduq qazilib, oborotdan chiqib ketgan 2 ming 700 gektar yerda 6 ta tokzor tashkil etildi. Buning natijasida 2,5 ming yangi ish oʻrni yaratilib, byudjetga qoʻshimcha tushum taʼminlanadi.

Shuningdek, Taxiatosh tumanida Issiqlik elektr stansiyasining tashlanma issiq suvidan foydalanib, 54 gektarda 7 ta gidroponika issiqxonasi barpo etilmoqda. Buning hisobiga joriy yilda 500 ta ish oʻrni yaratiladi va qoʻshimcha soliq manbai paydo boʻladi.

Davlatimiz rahbari barcha hududlarda shunday imkoniyatlar borligini taʼkidlab, ularni oqilona ishga solish, kooperatsiya orqali yangi korxonalarni qoʻllab-quvvatlash zarurligini taʼkidladi.

Yana bir zaxira – erkin iqtisodiy zonalardagi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlangan 1 ming gektardan ziyod boʻsh yer maydonlari. Ularda 17 ming ish oʻrni yaratiladigan 120 ta loyihani amalga oshirish mumkin. Yigʻilishda ushbu loyihalarni puxta shakllantirib, tezroq ishga tushirish muhimligi qayd etildi.

“Yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirish va shu orqali qoʻshimcha zaxiralarni shakllantirish topshirigʻi beriildi. Bunday qoʻshimcha zaxiralar, shu jumladan, aholining ehtiyojmand qatlamini qoʻllab-quvvatlash uchun muhim manba boʻladi.

Qoʻshimcha zaxirlarning sarflanishi ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish va bu borada mahalliy kengashlar faoliyatini yana-da kuchaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Yigʻilishda ishsiz yoshlar va xotin-qizlar bandligini taʼminlash masalasiga alohida ahamiyat qaratildi. Bosh vazir oʻrinbosariga ularni talab yuqori boʻlgan kasblar va tadbirkorlikka oʻqitish, shu asosda biznesini yoʻlga qoʻyishda moliyaviy qoʻllab-quvvatlash tartibini joriy etish vazifasi yuklatildi. Bu ishlarni tizimli amalga oshirish maqsadida, mamlakatimizda joriy etilgan “temir daftar”lar singari, ishsiz yoshlar boʻyicha alohida (“Yoshlar daftari”), ishsiz va boquvchisiz xotin-qizlar boʻyicha alohida (“Ayollar daftari”) roʻyxatlar shakllantirib, har biri bilan yangi tizim, yangicha tartibda manzilli ishlash muhimligi taʼkidlandi.

Videoselektor yigʻilishida soʻzga chiqqan hokimlar tadbirkorlikni rivojlantirish, qoʻshimcha zaxiralarni shakllantirishga doir rejalari yuzasidan axborot berdi.

 

OʻzА