Oʻzbekiston va Hindiston taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida hamkorlikni kengaytiradi

Mamlakatimizning Hindistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Dilshod Ahatov 19-avgust kuni Sharda universitetining xalqaro aloqalar boʻyicha vitse-prezidenti Ashok Daryani bilan uchrashdi.
Sharda universiteti Hindistonning yetakchi xususiy oliy taʼlim muassasalaridan biri hisoblanadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018-yili Hindistonga davlat tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlar doirasida oʻtgan yil oktyabr oyida Andijon shahrida Sharda universiteti filiali oʻz faoliyatini boshlagan edi. Hozirgi vaqtda mazkur filialda 200 ga yaqin talaba tahsil olmoqda.
Uchrashuv chogʻida Andijondagi universitet filiali faoliyati va istiqboldagi rejalar xususida fikl almashildi.
Sharda universiteti vitse-prezidenti mamlakatimizda barcha sohalarda yaratilgan qulay sharoit va imkoniyatlarni alohida taʼkidlab, Oʻzbekistonning boshqa hududlarida ham yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish niyatini maʼlum qildi. Bu borada “Sharda Hospital” koʻp tarmoqli universiteti klinikasi ishtirokida mamlakatimizdagi tibbiyot oliy oʻquv yurtlaridan biri negizida klinika filialini ishga tushirish boʻyicha investitsiya loyihasini amalga oshirish masalasi muhokama qilindi.
Muzokaralar natijasiga koʻra Ashok Daryani Sharda universiteti prezidenti Pradip Gupta boshchiligidagi delegatsiyaning sentyabr oyida yurtimizga tashrif buyurishga tayyorligini maʼlum qildi.
“Sharda Group” yuqori texnologik tibbiyot xizmatlarini koʻrsatish uchun 2005-yili zamonaviy koʻp tarmoqli “Sharda Hospital” klinikasini tashkil etgan. “Sharda Hospital” – poytaxt Dehlidagi yirik shifoxonalardan biri boʻlib, 900 dan ziyod oʻringa moʻljallangan. Unda 300 nafardan ziyod yuqori malakali shifokor faoliyat yuritadi.
“Sharda Hospital” faoliyati Sharda universiteti huzurida tashkil qilingan Tibbiyot fanlari va tadqiqotlar maktabi bilan uzviy bogʻliq. Bu yerda taʼlim olish, tadqiqotlar oʻtkazish va bemorlarga qarash uchun barcha sharoit mavjud. Maktab “Sharda Hospital” bilan bitta hududda joylashgan, unda talabalar keng klinik va amaliy mashgʻulotlar oʻtaydi.

 

OʻzA